O‘zbekiston–Koreya: jurnalistika sohasida hamkorlik rivojlanmoqda

2019-10-16T08:22:11+05:0016 October, 2019|Umumiy yangiliklar|

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 22-25 noyabr kunlari Koreya Respublikasiga davlat tashrifi o‘zaro munosabatlarni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tardi, ko‘p qirrali aloqalarni rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi.

Bu jarayon O‘zbekiston Jurnalistlari ijdodiy uyushmasi bilan Koreya jurnalistlar assotsiatsiyasi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va 2019 yilning 25 mart kuni Seul shahrida shu masala bo‘yicha kelishuvning imzolanishiga ham turtki berdi. Shunga muvofiq tashrif buyurgan koreyalik jurnalistlar joriy yilning 8-14 oktyabr kunlari yurtimizda bo‘ldi.

Mehmonlarning mamlakatimizga tashrifi poytaxtimizda faoliyat olib borayotgan Koreys madaniyati markazi, “Koryo Sinmun” gazetasi tahririyati, Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanidagi “Xvan Man Gыm” muzeyi faoliyati, shart-sharoitlari bilan tanishuvdan boshlandi.

Ularga Koreys madaniyati markazi raisi Viktor Pak O‘zbekistonda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida turli millat va elat vakillariga ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik, mamlakatimizda istiqomat qilayotgan koreys millatiga mansub fuqarolar bilan ishlash, ularning jamiyatdagi o‘rni, turli sohalardagi faol faoliyati haqida so‘zlab berdi.

–O‘zbekistonga bundan o‘n yilcha oldin, Koreyaning shu davrdagi Prezidentining yurtingizga tashrifi chog‘ida kelgandim. Oradan shuncha vaqt o‘tgandan keyin yana mamlakatingizda bo‘lish nasib etdi. O‘tgan yillar, ayniqsa, keyingi uch yil mobaynida amalga oshirilgan ishlar, o‘zgarishlardan hayratlandim, – deydi Koreya jurnalistlari assotsiatsiyasi prezitdenti Jung Kyu Sung. – Toshkent – qandaydir odamni o‘ziga tortadi, jozibador shahar. Buni sheriklarim ham ta’kidlashmoqda. Bizga bu yerda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, xususan, “Toshkent siti”, estakada usulida qurilayotgan yangi metro liniyasining bunyod etilishi haqida ham gapirib berishdi. O‘z ko‘zimiz bilan ko‘rgan bu kabi bunyodkorlik ishlari poytaxtingizga yanada ko‘rk bag‘ishlaydi, muhimi, aholiga qulaylik yaratadi.

Koreyaliklar tashrifining ikkinchi kuni ham muloqotlarga boy, har jihatdan mazmunli o‘tdi. “Xalq so‘zi” va «Narodnoye slovo» gazetalari tahririyati, O‘zMTRK media markazi, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida o‘tkazilgan uchrashuvlarda jurnalistlarimiz, bloger va texniklarimiz koreyalik hamkasblari bilan tajriba almashish, dildan suhbatlashish, “Master-klass”larda ishtirok etish imkoniyatlariga ega bo‘ldilar.

–O‘zbekistonlik jurnalistlar bilan ham tanishish, do‘stlashish, suhbatlashish, tajriba almashish yoqimli va qiziqarli, – deydi koreyalik jurnalist Choy Von Jay. – Aslida jurnalist millatidan, davlatidan qat’iy nazar bitta ishni bajaradi. Shuning uchun ham ular (ikki mamlakat jurnalistlari) bir-biri bilan uchrashganida qandaydir yaqinlikni his qiladi. E’tiborli jihati, bu ko‘zga ko‘rinmas rishta millatlarni, davlatlarni bir-biriga bog‘lashga, sohalar rivojiga xizmat qiladi. O‘zbekiston Jurnalistlari ijdodiy uyushmasi bilan Koreya jurnalistlari assotsiatsiyasi o‘rtasida tuzilgan hamkorlik kelishuvi ham shu ezgu maqsadga qaratilganiga shubha yo‘q.

–Yurtimizga, tahririyatimizga koreyalik hamkasblarimiz kelganidan xursandmiz, – deydi “Xalq so‘zi” va «Narodnoye slovo» gazetalari bosh muharriri o‘rinbosari Jamoliddin To‘xtashev. – Ish jarayonlarimiz bilan yaqindan tanishgan mehmonlar bilan uchrashuv qizg‘in muloqotga aylanib ketdi. Koreya bosma nashrlarining bugungi holati va istiqboli xususidagi savollarimizga atroflicha javob oldik. Menga ularning internet nashrlari bugun yanayam ommaviylashgan bo‘lsa ham gazeta va jurnallarning o‘rni bo‘lakcha, degan fikrlari ma’qul keldi. Bir-birimizdan gazetachilikka oid, ertangi faoliyatimizda asqatadigan jihatlarni o‘rganganimiz, hamkorlik qilishga kelishib olganimiz muhim ahamiyat kasb etadi.

Koreyaliklarga hamrohlik qilar ekanman, ular madaniyatida milliy madaniyatimizga o‘xshash va yaqin jihatlar borligiga yana bir bor guvoh bo‘ldim. Yoshi kattalarga hurmat, bolalarga ayricha mehr-oqibat kabi odatlarni bunga misol qilish mumkin.

Mehmonlarga yurtimiz jurnalistika sohasi rivoji xususida ma’lumot berar ekanmiz, ularga davlatimiz rahbari tomonidan keyingi yillarda qabul qilingan O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondini tashkil etish, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish, Madaniyat va san’at tashkilotlari, ijodiy uyushmalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, soha xodimlari mehnatini rag‘batlantirishga oid qarorlari ijrosi doirasida, matbuot va so‘z erkinligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida ham gapirib berdik.

Shuningdek, ularga har yili 27 iyun – matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh faol jurnalistlarimiz Prezidentimiz farmoniga muvofiq davlat mukofotlari bilan taqdirlanishi, “Oltin qalam”, “Yilning eng faol jurnalisti”, “Eng ulug‘, eng aziz” kabi ko‘rik-tanlovlarning o‘tkazish tartib-qoidalari, mukofot jamg‘armalari haqida ham ma’lumotlar taqdim etildi.

Koreyalik jurnalistlarning Xorazmga safari

Xorazmda mehmon bo‘lgan koreyalik hamkasblarimiz dastlab joriy yil foydalanishga topshirilgan Xorazm viloyati teleradiokompaniyasining yangi binosi, bu yerda ijodiy jamoa uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Jurnalist emasmi, ko‘rsatuvlarni tayyorlanish jarayonlari, texniklarning ish uslublari bilan qiziqdi.

– Jamiyat hayotida, media makonda televideniyaning o‘rni va roli katta, – deydi koreyaik mashhur telejurnalist Kim Sung Xvan. – Shu bois butun dunyoda ushbu sohani rivojlantirishga alohida e’tibor beriladi, mablag‘ yo‘naltiriladi. Bu borada Xorazmda televideniya sohasi xodimlari uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar tahsinga loyiq. Viloyat teleradiokompaniyasi ijodkorlari bilan muloqotimiz samimiy kechdi. Ularning qiziqishlari va o‘zaro muloqot mavzusidan shuni anglash mumkinki, sohada o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari nihoyatda keng va har ikkala tomon uchun ham manfaatli.

Viloyat teleradiokompaniyasida ikki mamlakat jurnalistlari ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbati qizg‘in muloqot, savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi. Ikki davlat jurnalistlari anjumani bundan boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas aslida. Suhbat davomida o‘zaro ijodiy hamkorlikning bardavomligini ta’minlash, eng ilg‘or tajribalar bilan doimo o‘rtoqlashib turish, on-layn aloqa imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha so‘z yuritildi.

Shundan so‘ng mehmonlar Urganch shahridagi “Do‘stlik uyi”da bo‘ldi.

– O‘zbekiston Koreyaga nisbatan ko‘p millatli mamlakat, – deydi Koreya jurnalistlar assotsiatsiyasi ijrochi direktori o‘rinbosari Kim Dong Ki . – Toshkent va Xorazmda bo‘lib bunga guvoh bo‘lib turibman. Yurtingizda istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillarining tinch va do‘stona hayotiga havas qilsa arziydi.

Xiva o‘zining tarixiy obidalari, muqaddas qadamjolari bilan xorijliklar e’tiborini o‘ziga tortadi. Ikki kun davomida Xorazmda bo‘lgan mehmonlar Xivadagi “Ichan qal’a” majmui, shahardagi muzey, masjid va yodgorliklarni ziyorat qilib, ular bilan bog‘liq qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

– Xivadagi obidalar bizni behad maftun etdi, – deydi biz bilan suhbatda “Hokook ilbo” filiali prezidenti Kim Sui Van. – Sharqning o‘ziga xos betakror an’analarini o‘zida mujassam etgan “Ichan qal’a” bilan har qancha faxrlansangiz arziydi. O‘ylashimcha, bunday tarixiy manzillar kamdan-kam davlatda uchraydi. Albatta, bu yerda olgan taassurotlarimni Koreyada yaqinlarim va hamkasblarimga so‘zlab beraman. Koreya OAVlari uchun materiallar tayyorlash uchun ma’lumotlar yig‘ayapman.

Xorazmlik jurnalistlar bilan samimiy va ochiq muloqotlar, do‘stona uchrashuvlar hamda ochiq osmon ostidagi muzey shaharga sayohat mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Samarqandda Koreya Jurnalistlar assotsiatsiyasining xalqaro jurnalistika markazi ochiladi

Xalqimiz mehmondo‘st. Samarqand temiryo‘l vokzalida koreyaliklarni viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov, keng jamoatchilik vakillari hamda jurnalistlar kutib oldi.

Mehmonlar dastlab viloyat matbuot uyida “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik”, “Ovozi Samarqand” gazetalari tahririyatlari, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi faoliyati bilan tanishdi.

Zarafshon vohasi matbuoti tarixi muzeyi koreyalik jurnalistlarda katta qiziqish o‘yg‘otdi.

– Samarqand O‘zbekiston jurnalistikasining asosiy beshiklaridan biri bo‘lgani juda e’tiborli, – deydi Koreya Jurnalistlar assotsiatsiyasi prezidenti Jung Kyu Cun. – Chunki Samarqand Buyuk Ipak yo‘lining markazida joylashgani bilan tarixiy ahamiyatga ega. Albatta, bunday maskanda matbuotning tashkil etilishi va rivojlanishi tabiiy. Biz kelgusida samarqandlik jurnalistlar bilan ham o‘zaro hamkorlik qilishga tayyormiz.

Mamlakatlarimiz geografik jihatdan bir-biridan uzoq, lekin ko‘ngli yaqin, tinchlik va taraqqiyot yo‘lida maqsadi mushtarak davlatlardir. Samarqanddagi “Afrosiyob” muzeyida saqlanayotgan devoriy suratlarda VII asr o‘rtalarida Samarqand hukmdorining qadimgi Koreya – Choson elchisini qabul qilish marosimi aks ettirilgani o‘zaro bordi-keldilar uzoq yillik tarixga ega ekanini anglatadi.

Bu an’analar bugun ham davom etmoqda. 2018 yili Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) homiyligida Samarqand davlat chet tillar institutida o‘quv markazning tashkil etilgani bunga kichik misoldir. Institutda samarqandlik yoshlarning ingliz, fransuz, rus, koreys kabi turli xorijiy tillarini puxta o‘zlashtirayotgani mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Mazkur dargohda 2001 yildan buyon koreys tili mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi. Shuningdek, institut Koreyadagi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik o‘rnatgan.

Uchrashuv chog‘ida kelgusida bu yerda Koreya jurnalistlar assotsiatsiyasining xalqaro jurnalistika markazi faoliyatini ham yo‘lga qo‘yish borasida fikr almashildi.

Viloyatga tashrif doirasida koreyaliklar “Amir Temur” majmuasi, Registon maydoni, “Afrosiyob” muzeyi va Samarqanddagi boshqa bir qator tarixiy-madaniy yodgorliklarni ham tomosha qildi. Ular “Konigil merosi” qog‘oz ishlab chiqarish oilaviy korxonasida ham bo‘lib, qog‘oz tayyorlanish jarayonlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi.

Yakshanba kuni Samarqanddan “Afrosiyob” tezyurar poyezdida Toshkentga qaytib kelgan mehmonlar poytaxtimizning diqqatga sazovor joylariga sayohatni davom ettirdi. Shu kuni Koreyalik jurnalistlar delegatsiyasi a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov ularga Uyushma faoliyati, davlatimiz rahbari tomonidan milliy jurnalistikamizni yanada rivojlantirish, so‘z va matbuot erkinligini qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘rsatilayotgan e’tibor xususida so‘zlab berdi.

Barcha sohada, xususan, jurnalistika sohasida ham hamkorlikni, tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish, rivojlantirish soha rivojiga, qolaversa, xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirishga xizmat qiladi. Uyushmamiz tomonidan bu borada amalga oshirilayotgan ishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad ham shu aslida.

 

Xolmurod SALIMOV,

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy

uyushmasi raisi o‘rinbosari