O‘zbekiston haqidagi ko‘rsatuvlarni Indoneziyada endi 100 milliondan ziyod kishi tomosha qiladi

2019-10-12T05:21:40+05:0012 October, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini ilgari surish bo‘yicha chora-tadbirlar doirasida mamlakatimizning Indoneziyadagi elchixonasi tomonidan ushbu davlatning bir qator yetakchi telekanallari va media guruhlari bilan hamkorlik o‘rnatildi.

Jumladan, olib borilgan muzokaralar samarasi o‘laroq, 10 oktyabrda “CNN Indonesia”, “Kompas TV” va “Metro TV” telekanallari bilan O‘zbekiston haqida maxsus ko‘rsatuvlar tayyorlash bo‘yicha bitimga erishildi.

Kelishuvga ko‘ra, 16 sentyabr kuni O‘zbekistonning Indoneziyadagi elchixonasi binosida yuqorida nomlari keltirilgan uchala telekanal ijodiy xodimlari O‘zbekiston madaniyati va taomlari haqidagi dasturlarni suratga olishadi.

Noyabr oyida “Metro TV” bir guruh jurnalistlarni O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyati to‘g‘risida ko‘rsatuv tayyorlash uchun respublikamizga yuborishni rejalashtirgan.

CNN Indonesia vakillari O‘zbekistonda joriy yilning 22 dekabrida bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari jarayonini yoritishni maqsad qilgan.

Dekabr oyi o‘rtalarida “Kompas TV” telekanali tasvirga olish guruhi O‘zbekistonga keladi va mamlakatimiz qishki turizmiga oid turkum ko‘rsatuvlarni tayyorlaydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur uch telekanal faol tomoshabinlarining soni 100 million nafardan oshadi.

Qayd etish joiz, bu O‘zbekistonning Indoneziyadagi elchixonasi tashabbusi bilan amalga oshirilgan ilk yirik loyiha emas. Avval xabar berganimizdek, joriy yil sentyabr oyida Indoneziyaning yirik “Trans TV” va “Trans 7” telekanallarida O‘zbekiston tarixi, an’analari, madaniyati va san’atiga bag‘ishlangan dasturlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda namoyish etilgandi. “Trans Media” media-xoldingi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, ushbu ko‘rsatuvlarni jami 60 milliondan ziyod tomoshabin ko‘rgan.