OAV bo‘yicha jamoatchilik kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

2019-10-09T10:06:58+05:009 October, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi Ommaviy axborot vositalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Kengash raisi Hurshid Do‘stmuhammad rahbarligida o‘tgan yig‘ilishda mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari faoliyatidagi bugungi ahvol, yutuq va kamchiliklar, jurnalistlarning huquqiy madaniyati, burch va mas’uliyati masalalari haqida so‘z bordi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda so‘z erkinligi, ommaviy axborot vositalarining xolis va haqqoniy faoliyat olib borishi uchun zarur bo‘lgan huquqiy- tashkiliy asoslar yaratilgan. Xususan keyingi yillarda mediasohada amalga oshirilayotgan islohotlar milliy jurnalistikada sezilarli o‘zgarishlarga, ochiq-oshkoralik, tanqidiy-tahliliy ruh kuchayishiga olib keldi. OAVda nafaqat erishilayotgan yutuqlar, balki jamiyat hayotining og‘riqli nuqtalari o‘z aksini topgan materiallar ko‘paydi va ularning aksariyati o‘z ijobiy samarasini bermoqda.

Shu bilan birga ommaviy axborot vositalari faoliyatini kuzatish davomida bir qator muammolar ham ko‘zga tashlanadiki, ularni xal etish birinchi navbatda soha xodimlari, jurnalistlarning o‘zlariga, ularning o‘z ustilarida ishlashlari, amaliy bilim-ko‘nikmalarini oshirishlari, intilish va izlanishlariga bog‘liq.

Jumladan ,mamlakatda yuz berayotgan voqea-hodisalarga jurnalistlar munosabati, ularni yoritishda mavzu va ob’ektni chuqur o‘rganish, tahlil qilish madaniyati, axborotlarning haqqoniy va ishonchliligini tekshirish, ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvlarga e’tiborning kuchayishi, jurnalistlik va blogerlikning o‘ziga xos xususiyatlari, kasbiy etika me’yorlari bilan bog‘liq masalalar sohada dolzarblik kasb etmoqda.

Kengash a’zolarining fikricha, jurnalistlarning bilim-ko‘nikmalari, huquqiy savodxonligini oshirishga alohida e’tibor qaratish lozim va bu maqsadda tashkil etiladigan o‘quv tadbirlarini ham nazariy, ham amaliy bilimga ega bo‘lgan tajribali ekspertlar olib borishlari maqsadga muvofiq.

Yig‘ilishda kengash faoliyatini yo‘lga qo‘yish, uning mediamuhitda o‘z o‘rnini egallashi, OAV xodimlarining kasb etikasi me’yorlariga rioya etishi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi va kelgusi faoliyat uchun maqsad-vazifalar belgilab olindi.

Kengash har chorak yakuni bo‘yicha yig‘ilib, o‘tgan vaqt davomida o‘rganilgan masalalar yuzasidan hisobot tayyorlab, uni uyushma muassisligidagi “Hurriyat” gazetasi va Jurnalistlar ijodiy uyushmasi saytida e’lon qilib boradi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining shu yil 23 iyulda bo‘lib o‘tgan respublika konferensiyasida O‘zbekiston Jurnalistlari kasb etikasi kodeksi qabul qilingan va ayni shu konferensiya ishtirokchilari tomonidan kodeks talablari va me’yorlari buzilish holatlarini kuzatish, tahlil qilish va tegishli xulosa chiqarish maqsadida uyushma qoshida Ommaviy axborot vositalari bo‘yicha jamoatchilik kengashi saylangan edi.

Kengash yetti kishidan iborat bo‘lib, ommaviy axborot vositalarida ko‘p yillik ish tajribasiga ega taniqli jurnalist va ekspertlardan shakllantirilgan.

Kodeksda e’tirof etilganidek, Jamoatchilik kengashi milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan (tarqatilgan) materiallarni jurnalistning kasb etikasi me’yorlari nuqtai nazaridan o‘rganadi, tahlil qiladi, baholaydi, xulosa chiqaradi; jurnalistlik faoliyati bilan bog‘liq bahsli holatlarga oydinlik kiritilishida yordamlashadi; kodeks me’yorlariga rioya etilmaslik holatlari yuzasidan taqdim etilgan murojaatlarni ko‘rib chiqadi va qaror qabul qiladi; jurnalist kasb etikasiga taalluqli boshqa masalalarni jamoatchilik e’tiboriga havola etadi.

Ta’kidlash joizki, Jamoatchilik kengashi qarori jurnalistni intizomiy, ma’muriy yoki boshqa turdagi javobgarliklarga tortish uchun asos hisoblanmaydi, u tavsiya xususiyatiga ega.

 

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi