«Inson bilan tirikdir inson…»

2019-09-24T11:00:24+05:0024 September, 2019|Hafta maqolasi, Umumiy yangiliklar|

Qo‘ldosh aka odaticha qo‘lida tokqaychi bilan tomorqasida kuymalanib yurgan edi, nogoh devor ortidan qo‘shnilarning gangur-gungur ovozi qulog‘iga chalindi. Ko‘p o‘tmay, shovqin kuchaydi: dahanaki jang yetilib kelayotgani aniq edi. Qo‘ldosh aka beixtiyor qaddini rostlab, quloq soldi: devor-darmiyon qo‘shnisi Bashirali tug‘ishgan akasi bilan tortishayotgan edi.

Xurram aka ukasini qora tortib, shu yerga imorat solyapti. Yangi loyihaga ko‘ra, Bashiraliga tegishli tomorqaning bir qismi endi akasiga o‘tishi lozim. «Hoynahoy, janjal ana shu tomorqadan chiqqanov, — deya o‘zicha taxmin qildi Qo‘ldosh aka. — Bashirali-ku g‘irt jinni (odamlar bejiz uning ismiga «jinni» so‘zini qo‘shib aytishmaydi), ko‘ziga qon to‘lsa, otasiniyam tanimaydi. Ammo Xurram aka og‘irlik qilsa bo‘lardi. Harqalay, ukasining fe’lini biladi-ku. Aslida shu yerga ko‘chib kelib chakki qilyapti. Harna bo‘lsayam jigarim deganda. Mana endi, «uzoqdagi kishnashar, yaqindagi tishlashar» deganlariday…»

Hayal o‘tmay, devor ortidan daraxtlarning qarsillab kesilgani eshitildi. Bashirali har bolta urganda «ix, ix» deya bor zahar-zug‘umini to‘kib solardi. Qo‘ldosh aka haligi taxmini to‘g‘ri chiqqanini fahmladi. Shoshib tokqaychini beliga qistirdiyu mojaro bo‘layotgan tomonga oshiqdi. Borib devordan mo‘raladiyu bir zum hayratdan qotib qoldi: Bashirali gullab-yashnab turgan mevali bog‘ni qiyratib kesar, boyoqish Xurram aka ko‘zlariga ishonmay, bir chetda tushimmi-o‘ngimmi, deya mung‘ayib qarab turardi.

Qo‘ldosh aka devordan oshib o‘tguncha yana bir necha qimmatli daqiqa o‘tdi. Bolta har urilganda ichida bir nima chirt-chirt uzilib tushayotgandek seskanar edi. Kesilayotgan daraxtlarning aksariyatini Qo‘ldosh aka o‘z qo‘li bilan payvandlagandi.

— To‘xta! To‘xta deyman! — Qo‘ldosh aka jon holatda yugurib kelib, Bashiralining qo‘liga yopishdi va boltani tortib oldi. — Esingni yedingmi? Daraxtda nima gunoh? Uvolidan qo‘rqmaysanmi?

Ayovsiz, qiyratib kesilgan yosh nihollar yerda cho‘zilib yotar, omon qolgan ikki-uch tup olma, behi ko‘chatlari bu ko‘ngilsiz mojarodan afsuslangandek, bahor shabadasida xomush bosh chayqab turardi. Bu noxush manzaradan Qo‘ldosh akaning yuragi ezilib ketdi. Bashir­aliga g‘azab bilan o‘qraydiyu ichidan xuruj qilib kelgan alamini bazo‘r tutib qoldi. U qo‘shnisining fe’lini yaxshi bilar, unga tanbeh berish devorga gapirish bilan barobar edi.

Qo‘ldosh aka hamon behol-behush turgan Xurram akani uyiga yetaklab ketdi. Qo‘liga issiq choy tutdi. Ko‘nglini ko‘tardi, kesilgan bog‘ni qayta tiklab berajagini aytib, yangi qo‘shnisiga dalda berdi. Hozirgina bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsizlik haqida churq etib og‘iz ochmadi. Qo‘ldosh aka garchi janjalning asl sababini bilmasa-da, Bashiralining bu qilmishi ichqoralik, baxillik ekanini aniq sezdi. Ha, uka mevali bog‘ining bir qismi akaga o‘tib qolishini istamagan edi…

Baxilning bog‘i ko‘karmas!

Qo‘ldosh aka yaxshi bog‘bon edi. Keyinchalik u o‘sha kesilgan bog‘ni beminnat qayta tiklab berdi. Xurram aka tug‘ishgan ukasidan topmagan oqibatni yangi qo‘shnisidan topdi.

Falakning gardishi bilan bu orada yana bir g‘alati voqea sodir bo‘ldi: Bashiralining bog‘i o‘z-o‘zidan, kutilmaganda qurib qoldi. Allaqanday bir sirli kasallik tegdimi yoki boshqa sababdanmi, harqalay, mevali daraxtlari birin-ketin, yaproq yozar-yozmas so‘lib, qovjiradi. Qo‘ni-qo‘shnilarning xayoliga lop etib xalqning o‘sha dono maqoli keldi: baxilning bog‘i ko‘karmas!

Bashirali faqat baxilgina emas, xudbin kimsa edi. Bog‘idan chiqqan hosilni bola-chaqasiga ham yedirmay-ichirmay, qishga asrab, uzoq joylarga eltar, qimmat narxda pullar edi. Uning fe’l-atvorini yaxshi bilgan mahalla ahli «balodan hazar» deya undan nariroq yurishardi. Avji saratonda suv tanqis mahal odamlar navbat bilan tomorqasini sug‘orsa, Bashirali zo‘ravonlik, surbetlik bilan xohlagan vaqtda suvni navbatsiz egallab olardi. Mabodo qo‘shnilardan birontasining tovug‘i yoki mol-holi adashib Bashiralining tomorqasiga o‘tib qolsa, sog‘ chiqmas, ba’zan umuman qaytib chiqmas edi. Eng achinarlisi, xotini va bolalarining fe’l-atvorida ham Bashiralining ta’siri yaqqol sezilib turar, har bir oila a’zosining qonida xudbinlik, manfaatparastlik bor edi. Qishloqda yengil mashinalar hali unchalik rasm bo‘lmagan kezlarda Bashirali yap-yangi «Volga»sini ko‘z-ko‘z qilib minardi.

Bir kuni Xurram aka og‘ir betob bo‘lib qoladi. Xotini, bolalari Bashiralidan akasini doktorga olib borishni iltijo qilishadi. Bashirali ko‘nmaydi. Orada yana ko‘ngilsizlik bo‘ladi. Xurram aka bandachilik qilganda Bashir­ali azaga ham kirmaydi. Ammo mahallada Qo‘ldosh akaga o‘xshagan saxovatli, olihimmat, diyonatli odamlar ko‘p edi. Ular hamisha bir-birlarining joniga oro kirishar, to‘y-hasham, ma’raka-marosimlarning boshida turishardi. Ayniqsa, yolg‘izqo‘l, nochor kishilarga alohida himmat ko‘rsatishardi.

Farishtalar yaxshi gapga ham, yomon gapga ham omin dermish. Oradan yillar o‘tgach, Bashirali rostdan ham jinni bo‘lib, jinnixonaga tushadi. Uzoq yotsa ham tuzalmaydi, it azobida o‘lib ketadi…

«Hovli olma, qo‘shni ol!»

Bu uzuq-yuluq voqea-tafsilotlar uzoq bolaligimdan bir xotira sifatida ongu shuurimga mahkam o‘rnashib qolgan. Nazarimda, Qo‘ldosh aka bilan Bashirali ikki xil odam, ikki xil olam, ezgulik va qabohatning jonli timsoli edi. Yaxshilik va yomonlikning nima ekanini ilk bor ana shu qo‘shnilarning ikki xil hayot tarziga guvoh bo‘lib anglaganman.

Mahalla! Qo‘shnichilik!.. Aslida men shu haqda gapirmoqchi edim.

Albatta, hech kim qo‘shnisining Bashiraliga o‘xshashini istamaydi. «Qo‘shning yomon bo‘lsa, ko‘chib qutulasan», degan naql bor. Boshqa joyga ko‘chadigan odam birinchi galda qo‘shnisining kimligini so‘rab-surishtiradi. Yangi uy bilan qutlagani kelganlar, albatta, birinchi galda «Qalay, qo‘shninglar yaxshimi?» deydi. Axir, «Hovli olma, qo‘shni ol!» deb bejiz aytishmagan.

Odamzotning boshida yaxshi-yomon kunlar bo‘ladi. Shunday mahal maqolda aytilganidek, «Uzoqdagi qarindoshdan yaqindagi qo‘shni yaxshi». Ammo shu oddiy haqiqatni bilgan holda qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlariga hamma vaqt ham jiddiy ahamiyat beravermaymiz. Gap faqat Bashiraliga o‘xshagan kimsalarda emas. Sir emas, goho duppa-durust, o‘qimishli, o‘qigan, tushungan odamlar ham bir joyda yashab turib, yon qo‘shnisining dardu quvonchidan yiroq yashaydilar.

Shahar hayotining o‘ziga xos, murakkab tomonlari bor. Shaharda odamlar birmuncha biqiq, o‘z kundalik tashvishlariga ko‘milgan holda yashaydi. Atom asrining shiddatli oqimi shaharda yaqqolroq seziladi. Vaqt tig‘iz. Asablar tarang. Eng zarur ishlarga ham ulgurish qiyin. Oylab, yillab eng yaqin odamlarimizning holidan xabar ololmaymiz. Yaqinlarimizga xat yozmay qo‘yganmiz. Zamonaviy qo‘l telefonlari xizmatga shay turganda bunga ehtiyoj ham yo‘qdek. Shunday ekan, o‘zimizdan ortinib qo‘shnilar bilan kirdi-chiqdi qilishga hamisha ham hafsala qilavermaymiz…

Odamning taftini odam oladi

Darhaqiqat, bitta «dom»da yashab turib («Dom» deganimiz axir, butun bir mahalla!) bir umr bir-birini tanimaydigan, bir-birining turish-turmushi bilan qiziqmaydigan odamlar ham kam emas.

…Yangi «dom»ga ko‘chib o‘tganimizdan keyin bir-ikki yil o‘tgach, qo‘shni yo‘lakdagi bir xonadonda mehmon bo‘lishga to‘g‘ri keldi. Gurung avjida ikki hamsuhbat bir-biriga qo‘shnisidan shikoyat qila ketdi. Bolalarning sho‘xligiyu devor ortidan taraqa-turuqning tinmasligi — hamma-hammasini to‘kib solishdi. Keyin siz qaysi yo‘lakda, nechanchi xonadonda turasiz, deya o‘zaro surishtirishga tushishdi-yu ikkisiyam bir-biriga tikilgancha hangu mang bo‘lib qoldi. Ma’lum bo‘lishicha, ular devor-darmiyon qo‘shni bo‘lib, halitdan buyon o‘zlarini bir-biriga yomonlashayotgan ekan.

Oldiniga rosa kulishdik, keyin hijolat chekib, jim bo‘lib qoldik. Nazarimda, hamma bu kulgining zamiridagi achchiq haqiqatni o‘ylar edi. Bular-ku bir-birlarini bilmay-tanimay shunday «qovun tushirishdi». Ammo ba’zan bir yo‘lakda yashab, har kuni zinapoyada, ostonada yuzma-yuz kelishsa ham payti kelganda zarracha bir-biriga haddi sig‘maydigan qo‘shnilar ham yo‘q emas.

Bir kuni yo‘lakdagi qo‘shnilardan birining yuragi yomon bo‘lib qoldi. «Tez yordam» hadeganda kelavermadi. Ko‘ngilsizlikdan ko‘pchilik boxabar bo‘ldi. Xuddi shu yo‘lakda bir do‘xtir ham yashardi. Ammo hech kim unga uchray qolishni maslahat bermadi. Haligi qo‘shni ham bunga botinmadi. Chunki o‘sha do‘xtir hech kim bilan qo‘shnichilik qilmas, hech qachon birinchi bo‘lib birovga salom bermas, hatto salomga zo‘rg‘a alik olar, birovga mundoq ochiq chehra bilan boqqanini hech kim ko‘rmagan edi. Tabiiy, bunday kimsaga og‘iz ochib dard aytish oson emas edi.

Yangi qurilgan «dom»da bir-birini yetti uxlab tushida ko‘rmagan, mutlaqo notanish, kasbi-kori, fe’lu atvori har xil odamlar endi bir joyda yashay boshlaydilar. Agar «dom»da loaqal bir-ikkita odamlarning boshini qovushtiradigan, diyonatli kishilar bo‘lsa, nur ustiga a’lo nur.

…Bizning yo‘lakda ajoyib bir oila yashaydi. Men bu oilaga har jihatdan havas qilaman. Nihoyatda ahil-totuv yashashadi, bolalari biri-biridan aqlli, odobli. Shunday oila bilan devor-darmiyon qo‘shni bo‘lganimizni katta omad deb bilaman. Biz tez-tez kirdi-chiqdi qilib turamiz. Shunisi diqqatga sazovorki, bu qo‘shnimiz oldin yashagan joyidagi qo‘shnilar bilan ham aloqani uzmagan, ular bilan xuddi tug‘ishgan qarindoshlardek yaqin bo‘lib qolishgan. Bayramlar, har xil oilaviy tantana-marosimlarda, albatta, bir-birlarini yo‘qlashadi. Shu qo‘shnimiz bahonasida juda ko‘p ajoyib xonadonlar, yaxshi odamlar bilan tanishib, do‘stlashdik, ular bilan bordi-keldi qiladigan bo‘ldik.

«Oqibatsiz qarindoshdan oqibatli begona yaxshi», deganlari shu bo‘lsa kerak. Shunday hayotiy-ibratli voqea-hodisalar xayolimdan o‘tganda beixtiyor sevimli shoirimiz Erkin Vohidovning mana bu misralarini eslayman:

Inson bilan tirikdir inson,

Muhabbatda hayotning boshi.

Odamzotga baxsh etadi jon,

Odamlarning mehr quyoshi.

Shodmon OTABEK,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.

Manba: «Mahalla»