Yevropalik jurnalistlar O‘zbekistondagi ommaviy axborot vositalariga qiziqmoqda

2019-09-24T10:55:44+05:0024 September, 2019|Umumiy yangiliklar|

Germaniyaning Leypsik shahrida an’anaviy Markaziy va Sharqiy Yevropa jurnalistlari seminari bo‘lib o‘tmoqda.

Saksoniya media ta’lim fondi(SSM), “S-WOK Intornational GmbH” agentligi va Germaniyadagi yana boshqa sohaga aloqador qator tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan ushbu seminarga dunyoning turli davlatlaridan jami 13 nafar jurnalist taklif etilgan. O‘n sakkiz yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan ushbu seminarga o‘tgan davr mobaynida 250 nafardan ortiq sohaning turli yo‘nalishlarida faoliyat olib borayotgan jurnalistlar ishtirok etgan.

Dunyoning ko‘plab boshqa mamlakatlarida bo‘lgani kabi Germaniyada ham ommaviy axborot vositalarining barcha yo‘nalishlari izchil rivojlanib bormoqda. Mamlakatda ommaviy axborot vositalari va fikr erkinligi yuqori darajada. Germaniya Konstitutsiyasida har bir inson o‘z fikrini og‘zaki, yozma va tasviriy ravishda erkin ifoda etish va tarqatish, shuningdek, ommaviy axborot vositalaridan erkin foydalanish huquqiga egaligi, senzuraga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab qo‘yilgan.

– Seminardan ko‘zlangan maqsad Yevropa mamlakatlari media sohasi yutuqlari, ommaviy axborot vositalari rivojlanish bosqichlaridagi yangi tajribalarni keng yoyishdan iborat, – deydi “S-WOK Intornational GmbH” agentligi mas’ul xodimi Martin Melixar. – Seminar ishtirokchilari 40 yoshdan oshmagan, sohada ma’lum tajribaga ega, nemis tilini yaxshi biladigan jurnalistlardir. Bu ularga sohadagi tajribani yaxshiroq o‘zlashtirishiga imkoniyat yaratadi. Ishtirokchilar Germaniya, xususan, Saksoniya ommaviy axborot vositalari bilan bevosita tanishish asnosida mamlakatning media tizimi haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lmoqda. Germaniyadagi media siyosat, texnologik va ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonunlardan xabardor bo‘lmoqda. Bundan tashqari, seminar davomida qatnashchilar o‘z mamlakatlarining sohaga doir tajribalari bilan o‘rtoqlashadi – „Online-Produkt“ tayyorlashadi.

O‘tgan asrning 80 yillarida Germaniya media bozorida ko‘plab xususiy radiostansiyalar va telekanallar paydo bo‘ldi. Bugungi kunda bu media bozor rivojlanishning yuqori nuqtasiga ko‘tarildi. Bu sohadagi dunyodagi eng yetakchi beshta davlatning biriga aylandi. Mamlakat telekanallardagi asosiy yangiliklar dasturlari “Tagesschau” (kun tafsiloti) va “Tagesthemen” (kun mavzusi), “MTR aktuel” ko‘rsatuvlari sanaladi.

Berlin dunyodagi eng yirik 10 ta ommaviy axborot sohasi rivojlangan shaharlardan biridir. Bu yerda 900 ta akkreditatsiyadan o‘tgan parlament muxbirlari va 60 ta mamlakatdan 440 xorijiy muxbirlar ishlaydi.

Germaniyadagi rang-barang ommaviy axborot vositalariga 300 ta mintaqaviy gazeta, 20 ta haftalik nashr va 1 ming 600 ta jurnal kiradi. Mamlakatda “Sueddeutsche Zeitung”, “Frankfurter Allgemeine Zeitung”, “Die Welt”, “Die Zeit”, “Handelsblatt” kabilar yetakchi gazetalar sanaladi. Bu nashrlarda chuqur tahliliy materiallar, jurnalistik surishtiruvlar va turli ekspertlarning sharhlari berib borilishi o‘quvchilarni hamisha o‘ziga jalb qilib turadi.

“Spiegel”, “Spiegel Onlayn” va “Bild” kabi informatsion-siyosiy jurnallari esa eng ko‘p tilga olinadigan ommaviy axborot vositalaridan sanaladi.

Seminarda O‘zA vakili sifatida ishtirok etib, Yevropa jurnalistikasi haqida yangi ma’lumotlarga ega bo‘lmoqdaman. Uchrashuvlarda xorijiy hamkasblarimiz nafaqat Yevropa, balki O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalariga qaratilayotgan e’tibor, sohada erishilayotgan yutuqlar haqida ma’lumot olishga qiziqish bildirmoqda. Shundan kelib chiqib, seminar doirasida “O‘zbekistondagi ommaviy axborot vositalari” – “Öffentlich-rechtliche Medien in Usbekistan” deb nomlangan “Online Produkt” tayyorlandi.

Materialda O‘zbekistonda so‘nggi yillarda kino, san’at, teatr, ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, Prezidentimizning “Matbuot va axborot sohasida boshqaruvni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni, “O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” hamda “O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi doirasida qilinayotgan ishlar haqida ma’lumotlar qayt etildi.

Seminar dairasidagi uchrashuv, tanishuv va o‘quvlar 27 sentyabrgacha davom etadi.

Ikrom Avvalboyev, Germaniya, Leypsik shahri

Manba: O‘zA