«ZO‘R»TV telekanali ijodkorlariga tekin maslahat: Ko‘proq o‘qish kerak

2019-09-20T06:32:46+05:0020 September, 2019|Umumiy yangiliklar|

Mazkur kanalda beriladigan «Aktyor» ko‘rsatuvini kuzatib bildimki, loyihaning keyingi qahramoni kim bo‘lishi kompyuter orqali aniqlanar ekan. Buning natijasida erkak­larga ayol san’atkorlar, qizlarga erkak san’atkorlar obrazi tushib qolyapti.

Kompyuterda es bormi, es ko‘rsatuv­ni tayyorlaydigan muharrirda bo‘lishi kerak. Bu hol ishtirokchilarning yakuniy bahosiga ta’sir qilmay qolmaydi. Bo‘lajak talantli aktyor keraklicha ball to‘plolmay o‘yindan chiqib ketyapti. Shuning uchun ayol san’atkorlar alohida, erkak san’atkorlar alohida taqdim qilinishi lozim. Shunda o‘yinda adolat bo‘ladi. Masalan, bitta nozikkina qizimizga Sherali Jo‘rayev tushdi. Sherali akaning ovozi bas ovoz, nainki qiz bolada, uncha-muncha erkaklarda yo‘q unaqa ovoz. Oqibatda qiz bola erkakcha qiliqlar qilishga, mumkin qadar do‘rillab gapirishga, erkakcha xatti-harakatlar qilishga majbur bo‘lyapti. Yigitlarga ayol obrazi tushsa, undan battar: xotinchalish harakatlar va bema’ni qiliqlar. Axir, o‘zbekmiz, millat sha’niga dog‘ tushirmaylik, yosh aktyorlarimizni bachkana rollardan or qilishga o‘rgataylik.

Ikkinchi masala. Ishtirokchilar tanlaydigan mavzu «Jahon estradasi», «Jahon teatr va kinosi». Nuqul «jahon»dan keladigan kimsalar. Ba’zilarini hech kim tanimaydi! Tomoshabin tanimasa, kim bilan solishtiradi? Nega «O‘ZBEK estradasi» emas, «O‘ZBEK kinosi», «O‘ZBEK teatri» emas? Negaki, ko‘rsatuv mualliflari o‘zbek madaniyati bo‘yicha savodsiz! Men ba’zi davlat telekanallariga tayyor loyihalar bilan chiqqanimda, muallif va muharrirlarning o‘zbek kino va teatri haqidagi bilimlarini ko‘rib, ularning savodsizligidan lol qolganman. «O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev qaysi teatrda, qanaqa spektaklda bosh rolni ijro etgan?» degan savolimga butun boshli tahririyatdan javob beradigan bironta mard topilmadi! Yulduz Usmonova, Kumush Razzoqova, Kozim Qayumovlar o‘ynagan filmlar borasida ham shu ahvol. O‘qish kerak, azizlarim, ko‘rish kerak!

Kimdir: «Nuqul o‘zbek teatri, o‘zbek estradasi, o‘zbek kinosi mavzusi bo‘lsa, o‘z qobig‘imizga o‘ralashib, tafakkurimiz torayib qolmaydimi?» deyishi mumkin. Bu gapni o‘zining milliy madaniyatidan or qiladiganlar aytadilar. Bilgan odam uchun o‘zbek san’ati ummon qadar chuqur, osmon qadar bepoyon. Faqat o‘qish, izlanish kerak!

Sharof BOShBEKOV,

Dramaturg.

Manba: “Jamiyat” gazetasi