O‘zbekistonda Media Ombudsman lavozimi joriy etiladi

2019-09-19T05:59:43+05:0019 September, 2019|Umumiy yangiliklar|

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi yagona axborot siyosati konsepsiyasi tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Unda belgilanishicha, Konsepsiya va chora-tadbirlar Dasturi doirasida qator tashkilotlar zimmasiga bir qancha vazifalar yuklatiladi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi:

O‘zbekiston Respublikasining yagona davlat axborot siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, chora-tadbirlar konsepsiyasi va dasturini bajarish, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va axborot resurslarini rivojlantirish sohasidagi ishlarni muvofiqlashtiradi, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ularning faoliyatining ochiqligini ta’minlash hamda davlat axborot siyosatini amalga oshirish doirasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar va chora-tadbirlar samaradorligini baholash mezonlarini ishlab chiqadi;

O‘zbekiston Respublikasi axborot sohasi vazifalarini hal etishda milliy ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar, blogerlar, fuqarolik jamiyati institutlari, jamoatchilik vakillarining sa’y-harakatlari va imkoniyatlarini birlashtirishga qaratilgan faoliyatni amalga oshiradi;

mamlakatimizda axborot jamiyatini shakllantirish sohasida qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, ijtimoiy va davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.

Shuningdek, konsepsiyada O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Axborot va telekommunikatsiyalar sohasini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda davlat organlari va boshqa tashkilotlar zimmasiga bir qancha vazifalar yuklatiladi.

Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) va Agentlikning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili o‘rinbosari – ommaviy axborot vositalarining qonuniy manfaatlari va huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Media Ombudsman) lavozimini joriy etish hamda Kotibiyat tuzilmasida cheklangan boshqaruv xodimlari soni 2 tadan iborat Ommaviy axborot vakillari qonuniy manfaatlari va huquqlarini himoya qilish sektorini tuzish bo‘yicha taklifiga rozilik beriladi.

Ommaviy axborot vositalarining qonuniy manfaatlari va huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning (Media Ombudsman) asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

ommaviy axborot vositalarining mustaqilligini ta’minlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalari va talablarining, shuningdek, ommaviy axborot vositalari tomonidan axborot sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etilishi masalalarini amaliy ro‘yobga chiqarishni o‘rganish;

ommaviy axborot vositalari hamda davlat idoralari, jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasida yuzaga keladigan nizolarni sudgacha hal etishda ko‘maklashish;

ommaviy axborot vositalariga ularning huquqlari poymol etilishi, davlat idoralari tomonidan ular faoliyatiga aralashish holatlari bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish;

ommaviy axborot vositalari faoliyatining mustaqilligini yanada ta’minlash, ularning rivojlanishini rag‘batlantirishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash.