Prezident maktabiga press-tur

2019-09-17T09:36:59+05:0017 September, 2019|Umumiy yangiliklar|

Poytaxtimizda yaqinda faoliyat boshlagan Prezident maktabiga ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun press-tur tashkil etildi.

Ushbu maktab davlatimiz rahbarining 2019 yil 20 fevraldagi “Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni o‘qitish tizimini yaratish hamda kelgusida ularda rahbarlik va yetakchilik ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ilk Prezident maktabi Toshkent shahrida ish boshladi. Ayni paytda Namangan, Nukus va Xivada Prezident maktablarining qurilish va jihozlash ishlari yakunlanmoqda. Prezident maktablarining dastlab cheklangan miqdorda tashkil etilishi ushbu muassasalarni boshqarish uchun mutlaqo yangi modelni sinab ko‘rish zarurati bilan bog‘liq. Sinovdan so‘ng, Prezident maktablari 2020 yilda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida, 2021 yilda Andijon, Navoiy, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida qurilishi rejalashtirilgan.

Joriy yilda Prezident maktabiga kirish imtihonlari Namangan, Nukus, Xiva va Toshkentda ikki bosqichda bo‘lib o‘tdi. Dastlab, saralash imtihonlarida qatnashish uchun 28 452 nafar nomzod ro‘yxatga olindi. Shundan 27 471 nafari imtihonda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi. 27 119 nafar nomzod esa saralash imtihonlarida ishtirok etdi.

Saralash bosqichi imtihoni natijalariga ko‘ra, 12 mingga yaqin o‘quvchi asosiy imtihonlarda ishtirok etishni qo‘lga kiritdi. Asosiy imtihonlarda bitta o‘ringa da’vogarlar soni 20 kishini tashkil qildi. Imtihon natijalariga ko‘ra, har bir maktabga 144 o‘quvchi qabul qilindi. Prezident maktablarida asosiy va dastlabki sinovlar “Cambridge Assessment International Education” mutaxassislari tomonidan o‘tkazildi.

Ta’kidlash joizki, Xalq ta’lim vazirligi Prezident maktabiga kira olmagan bir guruh iqtidorli o‘quvchilarga yurtimizdagi boshqa ixtisoslashtirilgan maktablarda ta’lim olishni tavsiya qildi. Ular ushbu ixtisoslashtirilgan maktablarga imtihonsiz qabul qilindi.

Prezident maktablari internat sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda. Ya’ni, o‘quvchilar 5 kun davomida maktab hududida (kampusda) yashab, o‘qishadi. Dam olish kunlari ota-onalar farzandlarini uyga olib ketishlari mumkin. Bu yerda o‘quvchilar bepul maktab formasi va ovqat bilan ta’minlanadi.

Prezident maktablarida o‘quv jarayoni “STEAM – ta’lim“ dasturi (Science – tabiiy fanlar, Technology – texnologiyalar, Engineering – texnik ijodkorlik, Art – san’at, Mathematics – matematika) bo‘yicha olib boriladi. Bu esa iqtidorli yoshlarning fikrlash qobiliyati, iroda, ijodiy salohiyati, moslashuvchanligini rivojlantirishga imkon beradi. Ushbu yo‘nalishdagi darslar ingliz tilida olib boriladi. Ayni paytda maktab STEAM metodologiyasi bo‘yicha darslik va o‘quv qo‘llanmalar bilan ta’minlangan.

Yosh avlodni Vatanga muhabbat va yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash uchun Prezident maktablarida o‘zbek tilida o‘qitiladigan ona tili va adabiyoti, tarix va boshqa fanlarni chuqur o‘rganishga alohida e’tibor beriladi. 9-11-sinf o‘quvchilarining qiziqishlari va xususiyatlariga qarab, ta’lim o‘quv jarayoni individualizatsiya qilingan holda olib boriladi.

Prezident maktablari bitiruvchilari belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan shahodatnoma, attestat bilan bir qatorda, xalqaro darajadagi tegishli dastur diplomi (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels)ga ega bo‘ladi. Bu esa, o‘z navbatida, xorijiy oliy o‘quv yurtlariga kirish imkonini beradi. Kanadaning “Teachaway” hamda Buyuk Britaniyaning “TIC Recruitment” rekruting kompaniyalari bilan hamkorlikda maktabga 30 nafar chet ellik mutaxassis tanlab olindi. Shuningdek, 72 nafar tajribali va malakali mahalliy o‘qituvchi ham jalb etildi. Ularning barchasi maxsus imtihondan o‘tkazildi.

Cambridge Assessment International Education vakillari tomonidan mahalliy va xorijiy mutaxassislar uchun Kembrij o‘quv dasturlari asosida maxsus treninglar o‘tkazildi. Shuningdek, Cambridge o‘quv dasturini amalga oshirishning ijobiy tajribasini o‘rganib, uni mamlakatimizdagi boshqa maktablarda qo‘llovchi mahalliy mutaxassislar jamoasi shakllantirildi. Ahamiyatlisi, Prezident maktablari o‘ziga xos bilimlar markaziga aylanadi.

Toshkentda barpo etilgan ushbu maktab binosi g‘oyat ko‘rkam. Sinfxonalari eng zamonaviy o‘quv, texnikaviy jihozlar bilan ta’minlangan. Dars mobaynida muayyan fan bo‘yicha o‘zbekistonlik o‘qituvchi bilan birga xorijlik pedagog ham bolalarga birgalikda bilim beradi. Bu esa ta’lim sifatini oshirish bilan birga pedagoglarning o‘zaro bilim va tajriba almashinuvida g‘oyat asqotishi tabiiy.

Mazkur maktab direktori To‘raboy Shermatovning aytishicha, o‘quvchilar yurtimiz va xorijlik pedagoglar ishtirokidagi noan’anaviy dars jarayonlarini bajonidil o‘zlashtirmoqda. Sinfxonalar har bir fanga mos tarzda jihozlangan, ularning dizayni, texnik-o‘quv uslubiy ta’minlanishiga jiddiy e’tibor qaratilgan. Bir qarashda maktabning oddiy doskasidek tuyulgan uskuna bir vaqtning o‘zida ham elektron doska, kompyuter vazifasini o‘taydi. Maktabda bolalarning to‘laqonli ta’lim olishi, o‘qishga, izlanishga bo‘lgan ishtiyoqini yanada kuchaytirish uchun zarur barcha sharoit yaratilgan. Futbol, basketbol, tennis maydonchalari, suzish havzasi, jismoniy tarbiya zali havas qilsa arzigulik daraja.

Bolalarning yashash joylari g‘oyat shinam. Kutubxona milliy va xorijiy o‘quv adabiyotlari, badiiy kitoblar bilan boyitilmoqda. Undagi kompyuterlar Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga ulangan. Muhtasham amfiteatrda o‘quvchilar uchun turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, anjumanlar o‘tkazish mumkin.

Bularning barchasi yosh avlodning puxta bilimli, keng va sog‘lom dunyoqarash egasi bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qiladi.

 

Nazokat USMONOVA.

Manba: O‘zA