Markaziy saylov komissiyasi va OAV o‘rtasida ikki tomonlama bitimlar imzonladi

2019-09-13T10:43:50+05:0013 September, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, “Uzreport” axborot agentligi bilan Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlikning borishi va o‘tkazilishini yoritish bo‘yicha ikki tomonlama bitimlar imzoladi.

Saylovlarning ochiqlik, oshkoralik va transparentlik kabi demokratik tamoyillarga muvofiq o‘tkazilishida ommaviy axborot vositalari muhim ahamiyat kasb etadi. Ular aholining siyosiy faolligini oshirish, mamlakatimiz siyosiy va ijtimoiy hayotidagi ishtirokini kengaytirishga yordam bermoqda. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari fuqarolarning saylov huquqlarini ishonchli ta’minlash, o‘z xohish-irodasini erkin bildirish, saylov komissiyalari faoliyati oshkoraligini ta’minlashda ham asosiy o‘rin tutadi.

Bitimlarni imzolashga bag‘ishlangan tadbirda ta’kidlanganidek, avvalgi parlament saylovlari davrida ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning barcha bosqichlari haqida jamoatchilikni xabardor qilish bo‘yicha katta tajriba to‘plandi.Bu yilgi bo‘lib o‘tadigan saylovlarning eng ahamiyatli jihati siyosiy tadbirlar joriy yil iyun oyida tasdiqlangan Saylov kodeksi tamoyillari asosida o‘tkaziladi.

Bitimlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar Dasturida nazarda tutilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida saylovlar haqida jamoatchilikni o‘z vaqtida xabardor etish, saylov kampaniyasi to‘g‘risida xorijiy mamlakatlar davlat va jamoat arboblari, ekspert va tahlilchilari, ommaviy axborot vositalari vakillarining fikr-mulohazalari bilan mamlakatimiz aholisini doimiy ravishda tanishtirib borish borasidagi ishlarni samarali tashkil etishga qaratilgan.

Imzolangan bitimlarni amalga oshirish doirasida barcha darajadagi saylov komissiyalarining faoliyatini izchil yoritib borish, deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalar uchun ularning saylovoldi dasturlari qoidalari, mamlakat ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy rivojlanishining muhim masalalariga taalluqli mustaqil nuqtai nazarlarini saylovchilarga, jamoatchilikka yetkazishda ommaviy axborot vositalari, teng hajmda efir vaqti va nashr maydoni ajratish yo‘li bilan keng va teng imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor beriladi.

Bitimni bajarish bo‘yicha mas’ul har bir tashkilot o‘z ish rejasini ishlab chiqishiga va amalga oshirishiga kelishib olindi.

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati.