“AL-YaMAMA” jurnalida Farg‘ona hunarmandchiligi bo‘yicha maqolalar nashr qilindi

2019-09-13T10:20:00+05:0013 September, 2019|Umumiy yangiliklar|

Prezidentimiz tashabbusi bilan ilk bor o‘tkazilayotgan xalqaro hunarmandchilik festivali jahon hunarmandlarining chinakam do‘stlik va hamjihatlik bayramiga aylandi.

Festivalda ishtirok etayotgan 40 dan ortiq xorijlik ommaviy axborot vositalari xodimlari ham jarayonni keng yoritib borayotir.

 

“Al-Yamama” jurnali – arab o‘quvchisi uchun matbuot, axborot va madaniyat ko‘zgusidir. Bu jurnal orqali arab o‘quvchisi Saudiya xalqining bugungi muammolari, uni qiziqtirgan masalalar, dunyo mamlakatlari, ularning xalqlari hayoti bilan tanishib boradi.

 

“Al-Yamama” jurnalining navbatdagi soni muqovasida “O‘zbekiston – ipak, kulolchilik va ulamolar yurti” nomli bosh sarlavha bilan mamlakatimiz hunarmandchiligiga bag‘ishlagan turkum maqolalar chop etildi.

Jurnal Muhammadjon Obidovning Farg‘ona viloyatiga bag‘ishlangan “Farg‘ona – Markaziy Osiyo gavhari” maqolasi bilan ochiladi. Shuningdek, unda Sobirjon Dadaxo‘jayevning “Burhoniddin Marg‘inoniy – tiriklayin dafn etilgan olim”, Azimjon Xudoyqulovning “Marg‘ilon – ipakchilik poytaxti” va Manzura Erkaboyevaning “Rishton – kulolchilik san’ati” sarlavhali maqolalari Ar-Riyoddagi axborot va arab-rus tadqiqotlari markazining akademik direktori, Podsho Saud universiteti assotsiat-professori hamyurtimiz Murtazo Saydumarov tarjimasida nashr etilgan.

M. Sulaymonov.

Manba:O‘zA