Mehr rishtalari dardga darmondur

2019-09-13T05:41:26+05:0013 September, 2019|Umumiy yangiliklar|

Mehr ko‘zda, shirin so‘z jon ozig‘i, degan gaplar zamirida ulkan hikmat bor.

Ustoz shoir, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakim, uyushma mas’ul xodimlari Xolmurod Salimov, Shuhrat Ro‘ziyev, Jobir Xo‘jaqulovlar hol so‘rab uyimga kelishganlaridan dilim yorishib ketdi.

Sa’dulla aka “Ma’rifat” gazetasi Bosh muharriri lavozimida ishlab yurgan kezlari ko‘p maqolalarimni ko‘tarib borardim. Ustoz biror marta “falon bo‘limga tashlab keting” demasdi. O‘zlariga olib borgan qo‘lyozmamni albatta o‘zlari ko‘rib, gazetaning navbatdagi sonida yoritardi. Keyinchalik “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida Bosh muharrir bo‘lgan kezlari ham biz kabi mualliflar yayrab ijod qilardik. Bosh muharrir qay bir muallifga mehr bilan boqsa, uning ilhomi shunga yarasha jo‘shib yozishini ko‘ring-da. Shu tariqa Ustoz ko‘plab mualliflarga ilhom baxsh etgan bo‘lsa, qanchadan-qancha havaskorlarni ijod maydonida kamolga yetkazgan.

Bosh muharrir o‘zlari bilmagan holda ko‘p davralarda “gap-so‘z” bo‘ladi. Ishi bitgan mualliflar ko‘kka ko‘tarib gapirsa, maqolasi yo asari yoritilmay qolganlar uni yo‘qqa chiqaradi. Biroq, sal kam qirq yildirki Sa’dulla Hakim haqida biror davrada “g‘iybat” eshitmadim! Doim minnatdor bo‘lib gapirganlarning so‘zlarini tinglab, dilim yashnab ketardi.

O‘n besh yilcha ilgari Ustozning bir kitobi haqida yozgan “Gullarga payvasta ash’orlar” sarlavhali maqolam gazetada yoritilganini ko‘rmay qolibman. O‘sha kuni Ustozning o‘zlari qo‘ng‘iroq qilib, samimiy tashakkur aytganlarida yosh boladek sevinib ketgandim.

Bugun Ustozimiz mamlakatimiz Jurnalistlari Ijodiy uyushmasi rahbari sifatida har bir ijodkorga otalarcha mehr bilan qarashlarini his etamiz. Biroz betobligimni eshitib, xonadonimga ko‘ngil so‘rab kelishlari esa kaminaga bardamlik, kuch-quvvat baxsh etdi.

Ustozlardan nainki ijod sirlarini, shu bilan bilan bir qatorda mehr-oqibatni ham o‘rgansak arziydi.

To‘lqin Eshbek