O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Ispaniyaning Nebrixa universiteti bilan hamkorlik qiladi

2019-09-13T05:36:15+05:0013 September, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti va Ispaniyaning Nebrixa universiteti o‘rtasida joriy yilning 11 sentyabr kuni hamkorlik Memorandumi imzolandi.

O‘rta Osiyo va MDH davlatlarida jurnalistika sohasida ta’lim beruvchi O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti bilan hamkorlik qilish istagini bildirgan Nebrixa vakillari oliygohga tashrif buyurdilar. Rais Xoakin Espallargas Iberni, boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Universitet rektori Sherzodxon Quratxo‘jayev bilan uchrashdi va bu yerda xorijiy talabalarga yaratilgan sharoitlar, akademik muhit, ilmiy salohiyat, kutubxona faoliyati bilan tanishdi.

Nebrixa universiteti 1995 yilda Ispaniyaning Madrid shahrida tashkil etilgan bo‘lib, ispan tili grammatikasining asoschisi Antonio de Nebrixa nomi berilgan. Madrid bo‘yicha xususiy universitetlar reytingining ikkinchi o‘rinni, mamlakat miqiyosida esa oltinchi o‘rinni egallagan. Oliygoh yettita fakultetdan iborat bo‘lib ko‘plab ta’lim yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlaydi. Kommunikatsiya va San’at fakultetida jurnalistika yo‘nalishi, audiovizual kommunikatsiya yo‘nalishi, reklama va PR yo‘nalishi, marketing, raqamli va multimedia dizayni yo‘nalishlari mavjud.

Ikki tomon o‘rtasidagi muhokamalarda kelgusida ta’lim va media sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish, ilmiy va madaniy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ikki darajali – double degree (3+2 yoki 4+1) diplom dasturlarini, professorlar, xodimlar va talabalar almashish, onlayn ma’ruzalar tashkil etishga kelishib olindi. Bularning bari Hamkorlik Memorandumida ham o‘z aksini topdi.