Milliy ma’naviyat yuksalish asosi

2019-09-13T05:35:19+05:0012 September, 2019|Umumiy yangiliklar|

“Xalq so‘zi” va «Narodnoye slova» gazetalari tahririyati majlislar zalida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari – taraqqiyotimizning ma’naviy asosi” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbektiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi o‘rinbosari Xolmurod Salimov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘lim boshlig‘i Ergash Daminov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi qoshidagi ma’rifat targ‘ibotchilari jamiyati a’zosi Feruza Muhiddinova va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 8 apreldagi “O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida milliy g‘oyani rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi hamda davlatimiz rahbarining joriy yil 3 maydagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdilar.

Afsuski yoshlar orasida turli yot g‘oyalarning shakllanishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar mamlakatimizda ro‘y berayotgan yangilanish sur’atlaridan ortda qolmoqda. Shuningdek, dunyoda yuz berayotgan murakkab mafkuraviy va geosiyosiy jarayonlarni anglash darajasining yetarlicha shakillanmagani odam savdosi, ekstremizm, «ommaviy madaniyat» va narkobiznes kabi tahdidlarga qarshi kurashishda milliy g‘oya omilidan foydalanish imkoniyatini bermayapti.

Davlatimiz rahbarining tegishli farmoyish va qarorlari ijrosi doirasida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari belgilandi. Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish, aholining intellektual salohiyati va dunyoqarashini yuksaltirishga, mafkuraviy immunitetini mustahkamlashga doir chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Dastur doirasida respublika bo‘ylab «Ma’naviyat festivali» va «Yilning eng faol ma’naviyat targ‘ibotchisi» tanlovi o‘tkazildi. «Bu yilda o‘qish zarur bo‘lgan 100 ta kitob» ro‘yxati tuzildi. «Ma’naviyat fidoyisi» ko‘krak nishoni ta’sis etildi. Uzluksiz ma’naviy tarbiya konsepsiyasi hamda jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitning holatini aniqlash va manzilli sog‘lomlashtirish metodikasi ishlab chiqilmoqda.

Tadbirda ommaviy axborot vositalarida ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy ahamiyatga molik maqolalar sifatini oshirish bo‘yicha «Qishloq hayoti» gazetasi bosh muharriri Chori Latipov, «Nuroniy» gazetasi bosh muharriri Olimjon O‘sarov, «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi bo‘lim mudiri Abdumajid Azimovlar o‘z taklif va mulohazalarini bildirdilar.

Davra suhbatida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.

 

Jobir XO‘JAQULOV