“O‘zRTXB” AJda birja eksporti yanada kengayadi

2019-09-12T09:27:36+05:0012 September, 2019|Umumiy yangiliklar|

Hamkorlarimiz

O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasining markaziy ofisida “Eksport yo‘nalishida tuzilgan birja bitimlari bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish maqsadida “O‘zRTXB” AJ, “Trastbank” XAB va “Transkapitalbank” OAJ hamkorligida tuzilgan loyihani amalga oshirish” mavzusida anjuman o‘tkazildi. Tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, o‘zaro savdo hajmlarni oshirish, eksport qilinadigan tovarlar nomenklaturasini kengaytirishdan iborat bo‘ldi.

Anjumanda “Trastbank” XAB, “Transkapitalbank” OAJ, “Sankt-Peterburg Xalqaro tovar-xom ashyo birjasi” AJ, Rossiya eksport markazi, Tatariston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi, O‘zbekiston Respublikasining vazirlik va idoralari, Rossiya va O‘zbekiston tadbirkorlari ishtirok etdilar. Tadbir doirasida, shuningdek, jurnalistlar uchun brifing ham o‘tkazildi.

Uchrashuv avvalida “O‘zRTXB” AJ boshqaruv raisi Faroxidin Ibragimov mehmonlarni iliq kutib olib, tashqi savdo yo‘nalishida tuziladigan birja bitimlari bo‘yicha o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirish sohasida o‘rnatilgan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlanishiga umid bildirdi.

Anjumanda ta’kidlanganidek, ikki mamlakat rahbarlarining katta e’tibori va ko‘magi bilan O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar barcha sohalarda, shu jumladan savdo-iqtisodiy munosabatalar, hamda birjalar va banklararo aloqalar ham jadal sur’atlar bilan rivojlanib bormoqda.

Joriy yilning 30 may kuni Urganch shahrida Rossiya va O‘zbekiston Bosh vazirlari darajasida o‘tkazilgan qo‘shma komissiyaning birinchi yig‘ilishining qarorlarini amalda ijro etish doirasida, 2019 yil 26 iyun kuni Moskva shahrida “Trastbank” XAB, “Transkapitalbank” OAJ va “O‘zRTXB” AJ o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan.

Imzolangan mazkur hujjat birja savdolari orqali amalga oshiriladigan tashqi savdo operatsiyalar bo‘yicha o‘tkaziladigan hisob-kitoblarni optimallashtirishda banklarning qushimcha vositalaridan foydalanish imkonini beradi, hamda tranzaksiya va hisob-kitoblarni amalga oshirish jarayonini soddalashtirish va tezlashtirishga ko‘maklashadi.

Erishilgan kelishuvlar, avvalambor, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tovar aylanmasi hajmlarini yanada oshirish maqsadida birja savdo mexanizmlaridan keng foydalangan holda ikki mamlakatning eksport mahsulotlarini kengaytirish va yangi tovar bozorlarini o‘zlashtirishga yo‘naltirilgandir.

Bugungi kunda “O‘zRTXB” AJ ning xorijiy mijozlari “Trastbank” XAB ning “Transkapitalbank” OAJ da ochilgan korrespondentlik hisobvaraqlari orqali hisob-kitoblarni dollar, YeVRO va Rossiya rublida amalga oshirish bo‘yicha yagona mexanizmi ishlab chiqilgan va joriy etilgan.

Mazkur mexanizmdan nafaqat Rossiya Federatsiyasining tadbirkorlari, balki Qozog‘iston, Afg‘oniston va Tojikistonning biznes vakillari ham foydalanishni boshlagan. Loyiha ishga tushirilgan paytdan buyon o‘tgan qisqa vaqt mobaynida polietilen va suyultirilgan gaz bo‘yicha birjada ro‘yxatga olingan 7 ta bitimlar bo‘yicha umumiy qiymati 2 mln AQSh doll. atrofida valyuta tushumlari qabul qilindi­­­­.

Anjuman davomida “Transkapitalbank” OAJ boshqaruvi raisining o‘rinbosari Yelena Shirinskaya ikki mamlakat moliya va birja tuzilmalari o‘rtasidagi sheriklik aloqalari yanada rivojlanishiga umid bildirib, O‘zbekiston va YeOII/MDH/ShHT mamlakatlari o‘rtasida hisob-kitob “ko‘prigi” vazifasini bajarishda erishilgan yutuqlari to‘g‘risida ma’lumotlarni taqdim etdi.

Aytib o‘tilganidek, yo‘lga qo‘yilgan banklararo hamkorlik vositasi tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirishda Rossiya va O‘zbekiston tadbirkorlarini birja mexanizmidan keng foydalanishga undaydi.

Tadbir doirasida birja savdolarida ishtirok etish uchun kiritiladigan garov mablag‘larini kreditlash orqali ikki mamlakat tadbirkorlarining tashqi savdo faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlari keng yoritildi. Shuningdek mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatdoshligini oshirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va O‘zbekistondagi ishbilarmonlik muhitini yaxshilash masalalari ham alohida muhokama qilindi.

Taqdimotlar va ma’ruzalar davomida “O‘zRTXB” AJ vakillari mehmonlarni birja faoliyati bilan yaqindan tanishtirishdi, birjaning har bir savdo platformasining o‘ziga xos xususiyatlari va tashqi savdo maydonchalarining ishlash mexanizmlari batafsil ochib berildi. Xususan, UZEX ning taqdimot videoroliki namoyish etildi va tashrif buyurganlar birja savdolari jarayonini bevosita savdo zalida kuzatish imkoniga ega bo‘ldilar. Shuningdek hisob-kitob kliring tartibi ham alohida o‘rganib chiqilib, mazkur mexanizm evaziga birjada tuziladigan bitimlarning barajarilish darajasi 98% dan oshishi aytib o‘tildi.

Umuman olganda, 2019 yilning 8 oyi davomida “O‘zRTXB” AJda umumiy qiymati 100,0 mln AQSh dollaridan ortiq eksport bitimlari tuzilgan bo‘lib, bu 2018 yilning mos davri bilan solishtirganda 30% ga ko‘pdir. Eksport qilingan tovarlar tuzilmasida yetakchi o‘rinni, ya’ni bozorning 49% ni paxta tolasi egallagan. Polietilenning ulushi 30%, neft mahsulotlari – 14% va suyultirgan gaz – 7% ni tashkil etgan. Birja eksportining qolgan qismi polipropilen, paxta yog‘i va shroti ulushlariga to‘g‘ri kelgan.

“O‘zRTXB” AJ matbuot xizmati