Jurnalist Toshkent viloyatida rahbarlik lavozimiga tayinlandi

2019-09-11T08:46:44+05:0011 September, 2019|Umumiy yangiliklar|

Nurafshon shahrida Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Toshkent viloyati kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi boshqaruvi raisi Sh.Javlonov, Toshkent viloyati sektorlari, boshqarma va tashkilotlari rahbarlari, tuman va shahar hokimlari, ularning o‘rinbosarlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etgan yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rildi.

Yig‘ilishda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Toshkent viloyati kengashi raisining birinchi o‘rinbosari, bir vaqtning o‘zida “Mahalla“ xayriya jamoat fondi Toshkent viloyati bo‘limi boshqaruvi raisi lavozimiga Rahmatilla Sheraliyev tayinlandi.

R.Sheraliyev 1952 yilda Toshkent viloyati Qibray tumanida tavallud topgan. 1974 yilda Toshkent davlat universitetini tamomlagan.

O‘tgan yillar mobaynida R.Sheraliyev “Toshkent haqiqati“ gazetasida muxbir, mas’ul kotib o‘rinbosari, Qibray tumani partiya qo‘mitasi konsultanti, bo‘lim mudiri, ijroiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, O‘zbekiston xalq demokratik partiyasi Qibray tumani kengashining birinchi kotibi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi Toshkent viloyati bo‘limi rahbari, O‘zbekiston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati rahbari, “O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi“ jurnali bosh muharriri, Toshkent viloyati hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha yordamchisi, “Mahalla“ xayriya jamg‘armasi Toshkent viloyati bo‘limi raisi, O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi boshqaruvi raisining o‘rinbosari, “Nuroniy“ jamg‘armasi Toshkent viloyati boshqaruv kengashi raisi kabi lavozimlarda faoliyat yuritgan. Ayni paytga qadar esa “Xalq so‘zi“ gazetasi muxbiri lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Yig‘ilishda shuningdek, Prezidentimizning 2019 yil 2 apreldagi “Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi farmoni ijrosi yuzasidan viloyatda aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularni qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash hamda bartaraf etish, jinoyatchilikni jilovlash, yoshlarni Vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, bu borada yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklar muhokama qilindi.

Ushbu masalalar yuzasidan yo‘l qo‘yilgan kamchilik va muammolarni bartaraf etish, bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tegishli “Yo‘l xaritasi“ ishlab chiqilib, ijrosi nazoratga olindi.

Yig‘ilishda Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchisi Rustam Xolmatov ishtirok etdi.

Manba: O‘zA