Jurnalistlar AES qurilishi uchun tanlangan maydonga tashrif buyurdi

2019-09-09T09:51:07+05:009 September, 2019|Umumiy yangiliklar|

Yaqinda Energetika vazirligi va “O‘zatom” agentligi tomonidan mass-media va blogsfera vakillari uchun press-tur tashkil etildi.

Xususan, o‘zbekistonlik bir guruh blogerlar, jurnalistlar, energetika sohasi va turdosh sohalar mutaxassislari va boshqa manfaatdor shaxslar Jizzax viloyatining Forish tumani Tuzkon ko‘li yaqinidagi AES qurilishi uchun tanlangan ustuvor maydonga tashrif buyurdi.

Ta’kidlash joiz, ishtirokchilar tarkibi ko‘ngili ravishda tuzildi. Ya’ni u barcha xohlovchilar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va “O‘zatom” agentligining rasmiy pochta manzillarga yo‘llangan buyurtmalar asosida shakllantirildi.

Safar davomida ishtirokchilar O‘zbekistonda AES qurilishi istiqbollari bilan tanishdi, qurilish joyida olib borilayotgan muhandislik-qidiruv ishlarining ikkinchi bosqichi haqida amaliyotchi mutaxassislar, olimlar va ekspertlardan bevosita axborot olishdi.

Ayni paytda Rossiyaning “Atomstroyeksport” korxonasi va “OzGashkLITI” DUK mutaxassislari ushbu hududda geofizik va seysmologik ishlarni olib bormoqda. Tadqiqot natijalari o‘rganib chiqiladi va ularning asosida atom elektr stansiyasining texnik ishlanmasi davom ettiriladi. Texnik loyiha asosida muhandislik tadqiqotlarini olib borish dasturini ishlab chiqish, shuningdek, xodimlar va texnikani safarbar qilish boshlandi.

– Biz har biri 250 betli bo‘lgan 18 tomdan iborat hisobot topshirdik, – “Qurilishda muhandislik qidiruvlari, geoaxborot va shaharsozlik kadastri davlat loyiha ilmiy tadqiqot instituti” davlat unitar korxonasi(OzGashkLITI) bosh direktori Yo‘ldosh Ma’rupov. – MAGATEning o‘ta qat’iy talablaridan har biri bo‘yicha 1000 ta dalil berildi. MAGATE tomonidan ular mavjud bo‘lgan taqdirda AES qurilishi muammoli bo‘ladigan 15 ta “nomaqbul omil” keltirilgan. Bizning maydonchamiz esa ularning 14 tasidan xoli. Bu dunyoda kamdan-kam hollarda uchraydi. 15- omil esa yer osti suvlarining yer sathidan 6-12 metr chuqurlikda joylashuvi muhandislik usuli bilan oson hal qilinadi.

Ekspertlarning aytishicha, yerosti platalari bir yilda 10 millimetrgacha suriladigan va 9 balldan ziyod zilzila yuz berishi ehtimoli bor joyda atom elektr stansiyasi barpo etish mumkin emas. Seysmologiya instituti vakili V.Ismoilovning ta’kidlashicha, tanlangan maydonda bunday xavf yo‘q.

Umuman olganda, ustuvor maydondagi muhandislik tadqiqotlarini 2019 yilning oxirigacha yakuniga yetkazish rejalashtirilgan. Ularning natijalari esa Atrof-muhitga ta’sirini baholash (AMTB) asosini tashkil etadi.

Bunda ishlar rejasiga muvofiq, 2020 yilning oxirigicha AMTB ishlab chiqiladi va jamoat eshituviga qo‘yiladi. Yuqorida tilga olingan muhandislik-tadqiqot ishlari natijalariga ko‘ra, mazkur maydonga ruxsat olish uchun tegishli materiallar yadroviy va radiatsion xavfsizlik organi – Davlat sanoat xavfsizligi qo‘mitasiga yuboriladi.

“O‘zatom” agentligi ma’lumotiga ko‘ra, yaqin kunlarda OAV va jamoatchilikni O‘zbekistonning energetika sohasidagi islohotlari bilan tanishtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti va “O‘zatom” agentligining Atom texnologiyalari bo‘yicha axborot markaziga ham press-tur uyushtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, shu yil iyul oyida “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan “O‘zbekiston fuqarolari atom elektr stansiyasini qurish haqida” mavzusida tadqiqot o‘tkazgan edi.

Qator soha va tarmoqlarda faoliyat ko‘rsatayotgan turli ijtimoiy guruhlarning vakillari ishtirok etgan tadqiqot natijasiga ko‘ra, respondentlarning yarmidan ko‘pi (69,5%) atom energiyasi haqida yetarlicha ma’lumotga ega. Respondentlar energetikaga bo‘lgan ehtiyojlarni qondirish va gaz kabi tabiiy resurslarni tejashda tinch atomni qo‘llash muhimligini ta’kidlagan.

Binobarin, so‘rov natijasidan mamlakatimiz fuqarolari birinchi atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha qarorni qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. Ahamiyatlisi shundaki, respondentlarning 83 foizi “Men O‘zbekistonda quriladigan birinchi AES bilan faxrlanaman” va 85,6 foizi “Men AES faoliyatini qo‘llab-quvvatlayman” degan fikrga qo‘shilgan. Har ikkinchi respondent (55,7 %) inshoot qurilishida yoki AESning o‘zida ishlashga xohishi bor ekan. Bu istak, ayniqsa, yoshlar tomonidan ko‘proq (71,6 %) bildirilgan.

Said MAXSUMOV.