“Advokat” jurnali – “Eng yaxshi huquq targ‘ibotchisi” tanlovi g‘olibi

2019-09-07T07:17:15+05:007 September, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tashkil qilingan “Eng yaxshi huquq targ‘ibotchisi” tanlovini g‘alib va sovrindorlari e’lon qilindi. Unga ko‘ra “Advokat” jurnali “Huquqiy madaniyatni targ‘ib qiluvchi eng yaxshi OAV” nominatsiyasida g‘olib deb topildi. Nashrimiz “Jamiyatda inson huquqlari, advokatura sohasidagi eng so‘nggi yangiliklar, sohada kechayotgan dolzarb masalalarni doimiy ravishda tahliliy-tanqidiy yoritib kelayotgani uchun” ushbu e’tirofga sazovor bo‘ldi.

Taqdirlash marosimida Adliya vaziri o‘rinbosari Akbar Toshqulov jurnalimizning har bir sonini diqqat bilan kuzatib borayotganini aytarkan, sud-huquq tizimidagi o‘tkir muammolarni ko‘tarib chiqayotganimiz uchun tashakkur bildirdi.

O‘z navbatida, Vazirlikning matbuot kotibi Sevara O‘rinboeva ham mart oyida poytaxtimizda o‘tkazilgan “TashkentLawSpring” xalqaro yuridik forumini yoritishda faollik ko‘rsatganimizni eslatdi, auditoriya bilan muloqot hamda fikr almashish jarayonida Telegram platformasidan unumli foydalanayotganimizni maqtadi.

E’lon qilinishicha, tanlovning 10 nominatsiyasi bo‘yicha 50 ga yaqin ishtirokchidan 400 dan ortiq material qabul qilinib, 1 oy davomida o‘rganilgan.

OAV sohasiga doir boshqa nominatsiyalar g‘oliblari bilan tanishing:

“Huquqiy madaniyatni targ‘ib qiluvchi eng yaxshi jurnalist” – Nazirov Dilshodbek Boxadirovich. “O‘zbekiston 24” telekanali Xronikal-hujjatli filьmlar va jurnalistik surishtiruvlar studiyasi bosh muharriri.

“Huquqiy madaniyatni targ‘ib qiluvchi eng yaxshi bloger” – Qobil Xidirov. “davletov.uz” telegram kanali admini.

“Huquqiy madaniyatni targ‘ib qiluvchi eng yaxshi sayt” – Kun.uz sayti.

“Mahallada huquqiy madaniyatni yuksaltirishdagi faolligi uchun” nominatsiyasi – “Mahalla” telekanali.

Manba: advokatnews.uz