Yolg‘on axborot tarqatganga jazo belgilanganmi?

2019-09-05T12:29:17+05:005 September, 2019|Umumiy yangiliklar|

Bugungi axborot maydonidagi vaziyatlar, bildirilayotgan munosabatu qoldirilayotgan izohlar mediasavodxonligimizni yuksaltirish mavridi kelganini amalda isbotlamoqda. Jarayonlar tahlili texnika yangiliklari insoniyatni boshqarayotgani, ularni o‘zi istagan o‘zanga burayotganini ko‘rsatmoqda. Inson o‘zi yaratgan texnologiyalardan qachon unumli foydalanadi? Nima qilinsa, me’yor va chegaradan chiqilmaydi? Milliy tajribada mediasavodxonlikni shakllantirish uchun nimalarga e’tibor qaratish joiz? Mutaxassislar bilan o‘tkazgan davra suhbatimizda shu kabi savollarga javob topdik.

Bugun axborot tarqatuvchi manbalar ko‘p. Birini hazm qilishga ulgurmay turib, ikkinchisi qarshingizdan chiqadi. Shov-shuvli, sensatsion, xullas, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan voqeliklarga munosabatu fikrlarning bari shu manzilda jam. Ammo ular orasida foydalisi bilan birga, kishi xayolini chalg‘ituvchilari ham yo‘q emas. Rostni yolg‘ondan, oqni qoradan ajratish esa kishidan axborotlarni saralay olish ko‘nikmasini talab qiladi. Xo‘sh, bizda bu ko‘nikma qay darajada shakllangan?

Postga qoldirilgan izohlar uchun muallif javobgar… (mi?)

Xusayin RAJAPOV,

Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti mas’ul xodimi:

— Ijtimoiy tarmoqda sahifasiga post yozib qoldirayotgan foydalanuvchi fikrlarining to‘g‘ri-noto‘g‘ri, haqiqat yoki yolg‘onligi uchun o‘zi javobgar. Shu kunlarda muallif posti tagiga yozib qoldirilgan izohlar uchun kim javobgar, degan savol qizg‘in bahs-munozaralarni keltirib chiqardi. Vaziyat esa milliy qonunchiligimizning «bo‘sh» joylarini ko‘rsatib qo‘ydi. Bu borada xorij tajribasi biznikidan tamomila farq qiladi.

Chunonchi, Germaniya qonunchiligida bu masala alohida qonun bilan tartibga solinadi. Unga ko‘ra, internet foydalanuvchilari tarkibiy xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar, kirish xizmatlarini ko‘rsatuvchi provayderlar hamda sahifa egasi bo‘lgan foydalanuvchilarga ajratiladi. Sahifa egalarining boshqa shaxslar izohlari uchun javobgarligi «texnik imkoniyat mavjudligi» hamda «joylashtirilgan ma’lumotni bilish» orqali belgilanadi. Bu unga noqonuniy ma’lumotlarni o‘chirish yoki ularga cheklov o‘rnatish imkonini beradi.

Janubiy Koreyada yolg‘on axborot tarqatilishi oqibatida zarar yetkazgan yoki zarar yetkazilishiga sabab bo‘lgan har bir shaxs javobgarlikka tortiladi. Qolaversa, Koreya Fuqarolik kodeksida «birgalikdagi javobgarlik» tushunchasi mavjud. Sudlar mazkur normalar asosida internet foydalanuvchilarning o‘z sahifalaridagi uchinchi shaxslar tomonidan qilingan tuhmat va boshqa yolg‘on axborotlarni o‘chirib yuborishi kerakligi, aks holda javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkinligini uqtiradi.

Shvetsiyada 1998 yildayoq bu bo‘yicha maxsus qonun qabul qilingan. Ushbu qonun bilan internet sahifalari egalariga noqonuniy yoki mualliflik huquqini buzuvchi ma’lumotlarni zudlik bilan olib tashlash majburiyati yuklandi. Tabiiyki, mazkur majburiyat sahifa egalarining o‘z a’zolari faoliyatini doimiy kuzatib borishini taqozo etadi.

Xorij tajribasi uchinchi shaxs qoldirilgan qonunga zid izohlar uchun u yoki bu darajada sahifaning egasi javobgarlikka tortilishini ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston qonunchiligida bu holatga keskin va qat’iy cheklovlar qo‘yilmagan. Ammo tarqatilayotgan axborot uchun mas’uliyat va javobgarlik belgilangan. Nazarimda, internet foydalanuvchilari sharhlarga nisbatan hushyorlikni faqat javobgarlikdan qo‘rqib emas, ijtimoiy majburiyat sifatida zimmasiga olishi lozim. Buning uchun esa ularda mediasavodxonlik shakllangan bo‘lishi kerak.

Onlayn xulqqa har kim amal qilishi kerak

Shuhrat SATTOROV,

Janubiy Koreyaning Yonsey universiteti tadqiqotchisi:

— Texnologiyani ommalashtirish nazariyasiga ko‘ra, resurs foydalanishga qulay, oson va axborotga boy bo‘lsa, aholi o‘rtasida tez ommalashadi. Biroq ulardan foydalanishda onlayn hulq chegaralaridan chiqish kerak emas. Afsuski, siyosiy va xuquqiy mas’uliyat, javobgarlik hissi yuklatilmaguncha insonlarning onlayn makondagi xatti-harakatlarini nazorat qilib bo‘lmaydi. Shuningdek, kishilar ish bilan band bo‘lsa, tarmoqlardagi kerakli va keraksiz narsalarga o‘ralashib qolmaydi. G‘arbda bu borada yondashuv tamomila boshqacha. Ularning hozirgi avlodi ijtimoiy tarmoqlarga befarq. Ular bugun bizni ta’sirlantirayotgan yangiliklarni oddiy qabul qilmoqda.

O‘zbekistonda odamlar ijtimoiy tarmoqlarda juda faol. Ammo ular davlatning qaror chiqarishiga ta’sir qiluvchi ayrim resurslardan deyarli foydalanishmaydi. Misol uchun, regulation.gov.uz, meningfikrim.uz portallarida aholi ishtiroki sezilmaydi. So‘nggi kuzatuvlarimga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilardagi so‘kong‘ichlik, boshqalarni haqorat qilish hamda kamsitish, masxaralash kabi xunuk illatlarning rivojlanishiga xizmat qilmoqda. Eng achinarlisi, bu — ommaviy trendga aylanmoqda, ijtimoiy tarmoqdagi xulq real hayotdagi yurish-turishga ta’sir ko‘rsatmoqda.

Texnologiyalar asrida hukumatlar oldida insonlarning virtual olamdagi xulq-atvorlarini to‘g‘ri yo‘naltirish, salbiy ta’sirlardan ularni himoya qilish vazifasi ham turibdi. To‘g‘ri, bu juda murakkab vazifa. Shu bois birorta mamlakat bu jarayonda aniq bir rejaga asoslangan maqsadli harakat ishlab chiqmagan. Ayni jihatdan bizning qonunchiligimiz ham fuqarolarning internet tarmog‘ida o‘zini tutish odobini belgilab beruvchi, virtual kamsitish va haqoratlarning oldini oluvchi, insonlarning internetdagi xatti-harakatlarini, shuningdek, turli nomlarda sahifa yuritishni tartibga soluvchi, mavhumlikka qarshi kurashuvchi, foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qiluvchi hujjatlarga muhtoj.

Yolg‘on axborot tarqatganlik uchun javobgarlik belgilash zarur

Nargis QOSIMOVA,

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti dotsenti:

— Nima uchun feyk (yolg‘on) xabarlar ko‘p tarqalmoqda? Buning asosiy sabablaridan biri — axborotning ko‘pligi va aholi mediasavodxonligining pastligidir. Ya’ni yolg‘on, soxta axborotni chin axborotdan ajratib, saralash ko‘nikmasining yo‘qligi, axboriy xurujlarga qarshi tura olmaslik va aksariyat hollarda mutasaddi tashkilotlar tomonidan feyk xabarlar tarqalganda sukut saqlash, mish-mishlarga tezkorlik bilan javob berilmay, ularga chek qo‘yilmasligidir. Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan bozordagi ayollarning ma’naviyatini oshirish, ularni jinoiy toifalash, Qoraqalpog‘istonda Shamunnabi tarixiy yodgorligini qayta qurish borasidagi xabarlarni bunga misol qilib keltirish mumkin.

Xo‘sh, vaziyatni o‘nglash mumkinmi? Masalani yechishning asosiy yo‘llaridan biri — bog‘chadan boshlab bolajonlarda axborotni saralash ko‘nikmasini shakllantirish, maktablar, o‘rta maxsus va oliy ta’lim tizimiga mediasavodxonlik fanlarini kiritish lozim. Shuningdek, qonunchiligimizda yolg‘on axborot tarqatganlik uchun javobgarlikni belgilash zarur. Hozirgi tajribada aybdor, asosan, jarima bilan qutulib qolmoqda. Sud kamdan-kam qamoq jazosini qo‘llaydi. Jazo odamni omma oldida haqorat qilgani yoki u to‘g‘risida bo‘hton tarqatganlik uchun qo‘llaniladi. Ammo yolg‘on axborot tarqatganlik uchun qonunlarimizda bironta modda yo‘q.

P/S: Chegarayu yosh tanlamayotgan global tarmoq tashlayotgan qarmoq xavfidan ogoh bo‘ling! E’tiborsizlik, hissiyotga berilib qoldirilgan izohlar, o‘ylamay qo‘yilgan postlar ko‘pchilik foydalanuvchilar tomonidan kuzatilayotganini yodda tuting. Tarqatayotgan axborotingiz shaxsiylik xususiyatiga egadir. Biroq uni ijtimoiy tarmoqdagi sahifangizga joylashingiz bilan u omma mulkiga aylanadi. Katta yoki kichik yoshdagi foydalanuvchiga ta’sir o‘tkazadi. Shunday ekan, yolg‘on xabarlar tarqatuvchisi-yu onlayn xulq talablarini buzuvchiga aylanmang. Nazoratsiz global makonda o‘z-o‘zingizni nazorat qiling.

Sadoqat MAXSUMOVA

Manba :«Mahalla»