Oqqan daryo oqaveradi

2019-09-05T08:36:39+05:005 September, 2019|Umumiy yangiliklar|

Mukofot muborak!

Qishloqning etagidan Qoradaryo bahorda to‘lib-toshib, kuzda esa sokin nafas bilan oqib o‘tadi. Nazirjon aka tongda, ba’zan ishdan ertaroq qaytganda daryo bo‘yiga tushadi. Ilgari suv o‘zaniga sig‘mas edi. Hozir esa…

Odamning umri ham daryoga o‘xshaydi. Ortiga qaytmaydigan o‘jar oqimga qarab o‘tirib, otasini eslaydi. Bir umr “bolalarim” deb, sabru qanoat bilan o‘tgan onasini yodga oladi.

Maktabda o‘quvchilar yetakchiligidan tuman gazetasiga ishga chaqirganlarida bir umr hayotim matbuot, qog‘oz-qalam bilan bog‘lanadi, deb o‘ylaganmidi? Andijon tumani gazetasiga muharrirlik qilgan davri, Oltinko‘l tumani tashkil topganida yangi gazetani shakllantirish, keyinchalik uni eng jo‘shqin nashrlardan biriga aylantirish jarayonida u hayotni, kattayu kichik bilan muomala qilish, ko‘pchilikka bosh bo‘lish sinoatlarini o‘rgangan, desak adashmaymiz. Tuman ijroqo‘mi raisining o‘rinbosari hamda chekka hududdagi xo‘jalikka raislik anchayin o‘zgarishlar pallasiga, aytish mumkinki, taloto‘p davrga to‘g‘ri keldi.

Nazirjon Saidovni Oltinko‘l tumani hokimligiga saylashganida uning qay qobiliyatiyu qanday ish tutumini hisobga olgan edilar? Bu savolga oddiy odamlar soddagina qilib “o‘zimizning Nazirjon”, deb javob qiladilar. Ha, o‘shanda namoyon bo‘lgan oddiylik, samimiyat, kattani katta, kichikni kichik, deb muomala qilish madaniyati matbuot darg‘alaridan “yuqqan” xususiyatlar emasmidi?

So‘ngra viloyat hokimining o‘rinbosari – ijtimoiy-ma’naviy, ma’rifiy sohalarga javobgarlik mas’uliyatini yelkasiga oldi. “Andijonnoma” va “Andijanskaya pravda” gazetalariga muharrirlik ana shu jarayonning bevosita davomi edi.

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, el tanigan, bilgan o‘sha “o‘zimizning Nazirjon” Saidov bugun O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi raisi vazifasida xayrli ishlarga bosh-qosh.

Umr deganlari Qoradaryoning yugurik suvlariday oqib o‘tyapti. Eng muhimi, u ne-ne tashna dillarga hayot bag‘ishlayapti. Qancha-qancha nihollar bahramand bo‘lib, gulga kiryapti, meva beryapti. Mana shuning o‘zi taqdirga bitilgan saodat emasmi?

Kuni kecha-2019 yilning 29 avgustida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Mustaqilligimizning yigirma sakkiz yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risidagi Farmoniga binoan Nazirjon Saidov yurtimizda barcha sohalarda erishilayotgan ulkan yutuqlarga qo‘shgan munosib hissasi uchun “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlandi.

Ustoz jurnalist huzurida uni qutlug‘ mukofot bilan muborakbod etar ekanmiz, uning shukronalik bilan aytgan so‘zlarini qog‘ozga tushirishga ham ulgurdik:

—Mana shu tabarruk zaminda yashayotgan har bir kishining qalbida, ayniqsa, keyingi uch yil ichida davlatdan rozi bo‘lib yashash his-tuyg‘usi kuchayganligi yaqqol ko‘rinib turibdi, — deydi u to‘lqinlanib. —Muhtaram Prezidentimizning uzoqni ko‘ra bilish salohiyati rivojlanishimizning yangi, istiqbolli yo‘llarga olib chiqayotganligini biz, ijod ahli har qadamda ko‘rib turibmiz. Madaniyat, ma’naviyat-ma’rifat, adabiyot, xususan, matbuot sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan hamkasblarimiz bugun bir haqiqatni to‘la-to‘kis anglab yetmoqdalar: haqiqiy ma’nodagi elparvar insonga zamondosh bo‘lib yashash, uning bag‘rikenglik va oqillik bilan davr nafasini xis qila bilish fazilati barchamizni cheksiz ruhlantirmoqda.

Men qishloqda tug‘ilib o‘sib, ijod zahmatlarini ozmi-ko‘pmi totgan qalam ahli vakillaridan biri sifatida odamlarning hayot darajasini yaxshilash yo‘lidagi ishlardan baholi qudrat voqif, yelkadosh bo‘lib keldim. Shuni bemubolag‘a aytishga burchlimanki, bugun xalqimiz boshiga baxt qushi qo‘ngan kunlarga yetib keldik.

Yurtboshimiz har gal Andijonga tashrif buyurganida hamyurtlarimizga naqadar hurmat va e’tiborda ekanligining guvohiman. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning ko‘lami va shiddati bugun Andijonda butun salobati, shijoati bilan o‘z ifodasini topyapti. Biz, qalamkashlar esa ana shu mehnatning ro‘yi-rost va haqqoniy ifodachilari bo‘lmog‘imizni tobora chuqur his qilyapmiz. Xalqimizga mehr-muhabbat, hurmat-e’tibor, hayotimizda adolat, adolat va yana adolat har kun, har soatda yuz ochib turganligini o‘z ijodimiz orqali yorqin ifodalab bermoq biz uchun ham farz, ham qarz.

Mehnat qilgan inson hamisha e’zozga loyiq bo‘lgan yurtda yashayotganligimizga hammamiz, har birimiz shukrona keltiraylik. Menga berilgan mukofotni jamiyatimizda el-yurtning xizmatiga kamarbastaman, deydigan har bir fuqaro mehnatiga yarasha obro‘-e’tibor topishidan dalolat, deb bilaman. Prezidentimizning “Xayrli ishlarga hissa qo‘shaman, deydigan insonlarni boshimizga ko‘taramiz”, degan so‘zlariga hayotim misolida yana bir karra iqror bo‘ldim.

Toki tanamda kuch-g‘ayrat, tomirimda qon, yuragimda shu yurtga muhabbat bor ekan, yangilanayotgan O‘zbekistonimizning bundan-da gullab-yashnashi yo‘lida astoydil mehnat qilaveraman. Ota yurtimizga, ona diyorimizga ko‘z tegmasin! Xonadonlarimiz doimo nurlarga to‘lib tursin!

Ustoz shu so‘zlarni dilidan va tilidan o‘tkazar ekan, ko‘zlarida cho‘g‘ porlayotganini anglaymiz.

… Bu, daryo qirg‘og‘ida o‘y o‘ylab o‘tirgan Inson haqida bir chimdim hikoya, xolos. Qolganini yozsak, alohida kitob bo‘ladi.

G‘olibjon Abdullayev.