Osmonga otilgan tosh kimning boshini ko‘zlamoqda?

2019-09-04T06:09:28+05:004 September, 2019|Hafta maqolasi|

yoxud virtual maydonlardagi o‘yinlarning asl qiyofasi

«Men bu yerda o‘t yoqsam,

Farg‘onada tutuni…»

Mashhur xalq qo‘shiqlaridan biri – «Sunbula»da shunday misralar bor. Bu qo‘shiqni ko‘pchilik eshitgan, yaxshi biladi. Lekin «bu yerda yoqilgan o‘t»ning tutuni mutlaqo boshqa joyda – «Farg‘onada» nima qilib yurganiga aql bovar qilmaydi.
Tabiatda «yorug‘lik tezligi» hodisasiga moddaning eng tez harakati sifatida qaraladi. Boshqa narsalar shunga qiyosan tushuntiriladi. Nazarimda, bugun undan ham tezroq vositalar borday. Masalan, bugun dunyoning bir burchagida yuz bergan voqeadan bir zumda butun dunyo xabar topadi. Bu paytda yorug‘lik manbai hisoblangan Quyoshning nuri Yer sharining ikkinchi bo‘lagini hali yoritib ulgurmagan bo‘ladi. Ayniqsa, o‘sha xabar biron negativ hodisa haqida bo‘lsa-ku, har qanday tezlikni dog‘da qoldirib tarqaladi. Bir daqiqa ichida millionlab o‘quvchisini topadigan bunday xabarlarning voqelikka qanchalik uyg‘unligi, omma uchun qay darajada muhimligi, xalqqa nima berishi, shuncha insonning vaqti va mablag‘i evaziga taqdim etilgan xabar biron foyda bera olish-olmasligi ko‘pda o‘ylab o‘tirilmaydi. Odatda bir sho‘rpeshonaning boshiga tushgan musibat haqidagi mash’um xabar tarqatiladi va keng miqyosda yoyilib boraveradi.

«Yigirma bir yashar kelin turmush o‘rtog‘ini pichoqlab qo‘ydi», kabi virtual axborot olamida juda bozorgir xabarlar aslida o‘quvchiga nima beradi? Bunday xabarni tarqatishdan ko‘zlangan maqsad ne? Ayollarni erga bo‘sh kelmaslikka targ‘ib etish, o‘rni kelganda shunday usuldan ham foydalansa bo‘lishi haqida tavsiya berishmi? Yoki erkaklarga o‘z rafiqasidan hayiqib, ishonch­sizlik bilan kun kechirishga o‘rgatishmi?

Odatda, bunday xabarlarda kelinning qayerdanligi, millati, ijtimoiy mansubligi, dini kabi bir qancha jihatlar ham aniq ta’kidlangan holda ko‘rsatib o‘tiladi. Qarabsizki, o‘sha hududda yashaydigan hamma ayollar haqida omma orasida negativ fikr paydo bo‘ladi.

Shu zayl insonning sha’ni behurmat qilinadi. Hatto ba’zi bir og‘ziga kuchi yetmaydiganlar bu xabarni yanada o‘zgartirib, bo‘rttirib: «falon joyda ayollar erkaklarni so‘yib ketayotgan ekan», qabilidagi asossiz, bo‘hton va uydirma xabarlarni ham tarqatishga kirishib ketadi. Ulardan «siz ko‘rsatgan manbada unday deyilmagan-ku, nega bo‘hton tarqatyapsiz?» deyilsa, «biz o‘quvchiga qiziqarliroq bo‘lishi, uning e’tiborini jalb qilish uchun xabarning shaklini ozgina o‘zgartirdik, xolos», deb javob berishadi. Bunday kimsalarning maqsadi aniq: shov-shuvli, oldi-qochdi gaplar bilan ommaning e’tiborini o‘ziga jalb etish, vahima tarqatish.

«Qo‘rqsa, hurmat qiladi», degan noxolis yondashuv bundaylar faoliyatida asosiy o‘rinda turadi. Ular o‘quvchiga ijtimoiy foydali ma’lumotni yetkazishni emas, ommani o‘zlariga tobe qilib turishni ko‘zlashadi. Tarqatilayotgan ma’lumotlar noto‘g‘riligi isbotlab berilsa, birpasda virtual maydondagi o‘sha xabarning bahridan o‘tish, uni lentadan osongina olib tashlash mumkin. Lekin uni rost deb qabul qilgan, aldanib qolgan va sarosimaga tushgan ming-minglab o‘quvchining holi nima kechadi? Uning yetkazgan ruhiy-psixologik zarari-chi?

Bunday holatlarni internet saytlari, blogerlarning sahifalari, ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlar yoki shaxsiy sahifalarda ham istagancha uchratish mumkin. Xalqning nazaridagi biron e’tiborli shaxsning yuziga loy chaplab, yomonotli qilish, uning «qilmishlari»ni o‘zlaricha «fosh etish» orqali «qahramonlik» ko‘rsatish bemaza qovunning urug‘iday ancha palak otib ketmoqda. O‘rmonga o‘t ketsa, ho‘lu quruq baravar, deyilganidek, orqa-oldiga qaramasdan «fosh etish estafetasi» boshlandi. Bu ishlardan kimga qanday naf borligiga birov bosh qotirib o‘tirmaydi. Hatto birovni badnom qiluvchi, shov-shuvlarga sabab bo‘luvchi, ko‘proq ommani jalb etuvchi xabarlarni tarqatish ishlari quruq bo‘lmasligi ham hammaga kunday ravshan. O‘z oilasi, mahallasi, yurti, Vatani, millati sha’nini sotish evaziga bo‘lsa-da, o‘z maqsadiga erishayotgan kimsalarning yugurgani somonxonagacha bo‘lishi ham ma’lum aslida. Ammo ularning yonida ko‘r-ko‘rona taqlid ortidan chopib, «so‘z erkinligi shu ekan-da», deb aldanib qolayotganlar ham, afsuski, yo‘q emas. Avvaliga, shunchaki, mayda-chuyda kundalik maishiy holatlar bilan boshlangan faoliyat keyinchalik hatto jinoyat darajasidagi tajovuzkor harakatga aylanishi mumkinligini sodda fuqaro ba’zan chuqurroq o‘ylab ko‘rmaydi.

Bu o‘rinda yana bir nozik masala bor. Yuqoridagi kabi bo‘lmag‘ur xabarlarni bo‘yab-bejab tarqatayotganlar bir narsani iddao qilishadi: «Bor haqiqatni nega yashirishimiz kerak? Qachongacha elning og‘ziga elak tutib yashaymiz? Bunday xabarlarni biz aytmasak ham hamma ko‘rib-bilib yuribdi-ku?»…

Bir qarashda bu iddaoda jon borday. Lekin…

Shukrki, bizning ota-bobolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan yuksak hayotiy tutumlarimiz, milliy hayot tarzimiz bor. Unda nuroniy yoshdagi onamizning qo‘liga og‘ir yuk ushlatib qo‘yib, telefonga videoga olish, keyin onamiz muvozanatni yo‘qotib yiqilib tushsa, ustidan xandon otib kulish kabi ishlar insongarchilikka zid va bema’ni harakat hisoblanadi. Bor narsani boriday ko‘rsatish hamisha ham to‘g‘ri bo‘lavermasligiga insonning o‘z farosati yetishi kerak. Bu haqda millatimizning ma’naviy rahnamolaridan biri – Alisher Navoiy hazratlari «Mahbub-ul-qulub» asarida shunday deganlar:

«Oqil chindin o‘zga demas, ammo barcha chinni ham demak oqil ishi emas…»

«Xiradmand chin so‘zdin o‘zga demas,

Vale bari chin ham degulik emas.

Kishi chin so‘z desa zebo durur,

Necha muxtasar bo‘lsa, avlo durur».

Navoiyning bu so‘zlari shunchaki so‘zlar emas. Odam bolasining so‘z aytish, xabar berish va ma’lumot yetkazishda aslida qaysi yo‘ldan borishi kerakligi haqidagi eng tugal hayotiy ko‘rsatmadir.

Bugun hamma ham o‘zining hayotida, mahallayu qishlog‘i, qolaversa shu yurtda nimadir o‘zgarish bo‘lishi, kechagidan ko‘ra yaxshiroq kun kechirish umidida mehnat qiladi, tirashib-tirmashadi. Taraqqiy etish ilinjida bel bog‘lagan. Barcha sohalarda qilinayotgan islohotlar ham ayni shu maqsadga qaratilgan. Dunyoning Vatanimizga bo‘lgan ijobiy munosabatini o‘stirish, yurtimizga ilg‘or sarmoyador, ishbilarmon va sayyohlarni faol jalb qilish eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib turibdi. Shunday bir paytda millat uchun ham, davlat uchun ham yoki biron shaxs uchun ham hech qanday foydasi bo‘lmagan, lekin behuda shov-shuvga sabab bo‘ladigan ma’lumotlarni yoyish bizga nima beradi? Bu o‘zimizni o‘zimiz badnom qilish emasmi? Hammaning ko‘zi oldida o‘zimizni o‘zimiz badnom qilishdan biron maqsad hosil bo‘ladimi?

Yo‘q! Bu bilan dunyo ahlida o‘zimiz haqimizda badbin taassurotlar qoldiramiz xolos.

O‘zlikni namoyish etish o‘z aybimizni ommaga e’lon qilish bilan emas, xato-kamchiligimizni to‘g‘ri anglab yetib, uni begona ko‘zlardan pana qilib, tezlik bilan tuzatishga kirishish, shu yo‘lda amaliy faoliyatga o‘tish bilan bo‘ladi. Hozirda yurtdoshlarimizning virtual maydonlardagi ko‘pchilik hatti-harakatlari, avvalo, aniq bir maqsadni ko‘zlamasdan, shunchaki vaqt o‘tkazishga qaratilayotgani hech kimga sir emas. Bu vaqtni, mablag‘ni va e’tiborni zavol qilishdir. Virtual olamdagi boshqalarning hayotini tomoshabin sifatida kuzatish alal-oqibatda o‘z hayotiga, o‘z taqdiri va kelajagiga ham loqayd tomoshabin qiyofasiga solib qo‘yadi. Bu esa kuni kelib insonni manqurtlikka olib borishi mumkin.
Yana ayrim virtual maydonlarda qiziqarli ma’lumotlar paydar-pay berib boriladi. Ular chindan ham qiziqarli. Lekin foydali emasligini ham e’tibordan soqit qilmaslik zarur. Masalan, uzoqqa tupirish bo‘yicha dunyo birinchiligini qo‘lga kiritgan bir nodon kimsa haqidagi xabar bizga, oilamizga va farzandlarimizga nima beradi? Undan ko‘ra, o‘z hayotimizda qilishimiz shart bo‘lgan yuzlab muhim ishlarimiz bilan mashg‘ul bo‘lganimiz ming karra afzal emasmi?

Ba’zi bir mansabdorlarning qonunga xilof ayrim qiliqlarini tasvirga olib, internet orqali tarqatish bilan biron yaxshilikka erishib bo‘lmaydi. Agar imkoni bo‘lsa, jamoatchilik nazorati asosida o‘sha amaldorga tanbeh berib qo‘yish samara berishi mumkin. Ammo internetga chiqib «nog‘ora qoqish»ga ayrimlarda allaqachon immunitet shakllanib bo‘lgan. Mansabdorning qonunni buzishi bir muammo bo‘lsa, uni yashirincha tasvirga tushirib internetga joylagan kimsaning ishi ham qonunga muvofiq emas. Qolaversa, kim bo‘lishidan qat’i nazar har bir insonning sha’ni va inson sifatidagi obro‘sini omma oldida poymol qilish huquqi hech kimga beril­gan emas.

* * *

Bir kishi bolasini buyuk bir notiqning huzuriga olib borib: «O‘g‘lim ham xuddi sizday buyuk notiq bo‘lishi uchun nima qilishim kerak?» deb so‘rasa, «Qanday qilib zo‘r gapirishni o‘rganish unchalik muhim emas. Siz, yaxshisi, farzandingizga qachon va qanday o‘rinlarda jim turish kerakligini puxtalab o‘rgating. Gapirishni esa, o‘z-o‘zidan o‘rganib ketaveradi», degan ekan…

Yoshi ulug‘ nuroniy insonlar sal bechakki so‘z aytgan kishiga: «Og‘zim bor deb hamma narsani gapiraverasanmi», deb tanbeh berishadi. Demak, og‘iz degan bog‘ichsiz angishvona nimani gapirish, nimani gapirmas­likni ham yaxshi bilishi kerak ekan. Ota-onalarimizning bu tanbehi bizning asrlar oshib kelayotgan yuksak ma’naviyatimiz, oilaviy qadriyatlarimiz silsilasidagi bir oltin halqa vazifasini o‘taydi.

Mustaqillik bir qadar ma’naviy tushuncha, biroq u mavhum hodisa emas. Vatan mustaqilligi fuqaroga barcha sohalarda mustaqil faoliyat imkonini berdi. Bu o‘z navbatida fuqaroning huquqini kafolatlashi bilan birga majburiyatini ham belgilab beradi. Mustaqillikni o‘zboshimchalik deb tushunish bu – ma’naviy mahdudlikka olib boradi. Huquq va majburiyat egiz tushuncha. O‘z huquqiga ega inson o‘zgalar huquqini ham hurmat qilishi, ularga daxl qilmasligi shart. Keyingi yillarda inson huquqlarining kafolatini aks ettiruvchi bir qancha imkoniyatlar yaratildiki, bunday imkoniyatlar ummonida ba’zan nima qilayotganini bilmay qolganlar ham yo‘q emas.

Aslida internet resurslari insonga dastyor bo‘lishi, bilimini boyitish, o‘qib-izlanib o‘rganish, hayot va mutaxassisligi uchun eng muhim ma’lumotlar, yangiliklar bilan tanishib borish, xullas, og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilishi uchun zaruriy omilga aylanishi kerak. Aks holda, osmonga tupirsang, yuzingga tushadi, naqlidagiday bo‘lib qolish hech gap emas.

* * *

«Men bu yerda o‘t yoqsam, Farg‘onada tutuni…»

Bugun biz qaysidir xilvatlarda yoqayotgan o‘tlar achchiq tutunni burqsitib, odamlarning ko‘zlarini yoshlatishi emas, kimningdir qorong‘i yo‘lini yoritadigan mayoq bo‘lishi kerak aslida.

Anvar XUDOYNAZAROV.

Manba: «Oila davrasida»