“Eng ulug‘, eng aziz“ ko‘rik-tanlovi g‘oliblari taqdirlandi

2019-08-26T09:19:01+05:0026 August, 2019|Umumiy yangiliklar|

Poytaxtimizda Vatanimiz mustaqilligining 28 yilligiga bag‘ishlab “Eng ulug‘, eng aziz“ an’anaviy ko‘rik-tanlovi g‘olib va sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

 

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori o‘rinbosari A.O‘rozov va boshqalar davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan tub ijobiy o‘zgarishlar odamlarning tashvishini yengil qilish, xalqimizning hayot farovonligini oshirish, O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatidagi obro‘sini yuksaltirishdek maqsadlarga yo‘naltirilganini ta’kidladi.

 

Prezidentimizning 2019 yil 8 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida“gi qaroriga asosan “Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar keng ko‘lamda hayotga joriy etilmoqda. Bu yo‘nalishda tashkil etilayotgan tadbirlar istiqlolning qadr-qimmatini teran anglash, uning ne’matlarini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, har bir fuqaroning yurt taqdiri, uning kelajagi uchun mas’uliyatni teran his etishga chorlamoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, “O‘zbekkino” milliy agentligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, Milliy teleradiokompaniya, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu an’anaviy ko‘rik-tanlov iste’dod sohiblarini yanada ko‘proq izlanish, o‘z mahoratini to‘laqonli namoyon etishga imkon bergani bilan ahamiyatlidir.

 

Tanlovga “Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan va 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, shuningdek, “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” davlat dasturi, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Besh ijobiy tashabbus” kabi muhim dastur va rejalar doirasida olib borilayotgan tub islohotlarni keng yorituvchi ijodiy asarlar qabul qilindi. Tanlov yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari, bosma OAV xodimlarining jurnalistik ishlari, ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatga olingan veb-saytlardagi internet-jurnalistika materiallari, televideniye va radio ijodkorlarining materiallari, tasviriy san’at, foto asarlari va dizayn ishlari, kino san’ati asarlari kabi nominatsiyalar bo‘yicha tashkil etildi.

 

Unga mamlakatimiz ijodkorlarining ko‘plab adabiy-badiiy asarlari, gazeta-jurnallar va internet nashrlarida e’lon qilingan maqolalar, radio va telekanallarda efirga uzatilgan materiallar, namoyish etilgan tasviriy san’at va kino san’ati asarlari kelib tushdi.

Ijodiy ishlarni baholashda professional mahorat, mukammal badiiy saviya, bugungi kunda kechayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini keng va atroflicha ochib berish, teran tahliliy mushohada singari jihatlarga asosiy e’tibor qaratildi.

 

Eng yaxshi deb topilgan ijodiy ish mualliflari “Eng ulug‘, eng aziz“ an’anaviy ko‘rik-tanlovining g‘olib va sovrindorlari deb topildi.

 

– Ijod, ijodkorlik insonga ato etilgan noyob ne’mat, – dedi tanlov g‘oliblaridan biri, taniqli shoir Eshqobil Shukurov. – Uning qadrlanishi iste’dod nufuzini ulug‘laydi. Mehnat, ijodning yuksak qadrlanishi ijodkorning ulkan baxtidir. U faxr tuyg‘ularini bag‘ishlaydi. Biz eng ulug‘, eng aziz bayram arafasida turibmiz. Ushbu ayyom qadrimizni, qalbimizni ko‘taradigan, yuksaklarga undaydigan bayram. Tanlov uchun taqdim etgan “Bobo so‘z izidan“ kitobim ona tilimizni asrab-avaylash, so‘zlarning ma’no-mazmuni, tub ildizini ochib berishga xizmat qiladi.

 

– Gazetamiz orqali xalq bilan doimiy muloqot o‘rnatishga, odamlarning tashvishlarini chuqur o‘rganishga, ularga yechim topishga doimiy intilmoqdamiz, – dedi “Jamiyat“ gazetasi bosh muharriri Maqsud Jonixonov. – Tahririyatimiz uchun bildirilgan shunday yuksak ishonchni oqlashga harakat qilamiz.

 

Tantanali tadbirda Vatanimiz mustaqilligining 28 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan “Eng ulug‘, eng aziz!“ an’anaviy ko‘rik-tanlovi g‘oliblari taqdirlandi.

Nazokat USMONOVA.

Manba: O‘zA