Milliy axborot makonini rivojlantirishdagi ustuvor vazifalari

2019-08-22T12:44:34+05:0022 August, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi bilan hamkorlikda Milliy axborot makonini rivojlantirishda jurnalistika sohasining ustuvor vazifalari yuzasidan davra suhbati tashkil etildi.

Unda shu sohada ko‘p yillardan buyon xizmat qilib kelayotgan jurnalistlar bilan fikr almashildi. Tadbirning asosiy maqsadi — sohadagi yutuq va muammolarni ta’kidlash bilan bir qatorda, ularning yechimi bo‘yicha, shu jumladan axborot sohasidagi qonunchilikka o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar shakllantirishdir. Albatta, milliy axborot sohasining liberallashtirilishi aholining media savodxonligini oshishiga, davlat va jamiyat orasida ochiq konstruktiv axborot almashinuvini faollashtirishga xizmat qilish bilan birgalikda jamoatchilik nazorati tadbirlari samaradorligini oshirishga imkon yaratdi.

Lekin ushbu imkoniyatlardan kim qanday foydalanmoqda? Bugungi zamonning eng dolzarb muammolaridan biri Internet tarmog‘i orqali nolegal, noxolis axborotlarning ommaviy holatda tarqatilishidir. Ijtimoiy tarmoqlardan, tezkor xabarlarni tarqatish texnik maydonchalaridan, ommaviy axborotlarni tarqatish messendjerlaridan fuqarolarning shaxsga doir huquqlari, ularning shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi axborotning konfedensialligi qo‘pol ravishda buzilgan holda foydalanish holatlari ko‘plab uchramoqda. Internet tarmog‘ida shaxsini sir tutgan ayrim foydalanuvchilar qonunlarda ta’qiqlangan haqorat va tuhmatga qaratilgan axborotlarni ham tarqatyapti.

Eng xavflisi balog‘at yoshiga yetmagan bolalar va yoshlar uchun ham bunday nolegal axborotlarning yetib borayotanidir. Yoshlar rivojlanishining fiziologik va psixologik xususiyatlarini hisobga oladigan bo‘lsak, ular Internet tarmog‘idagi qonunga xilof ravishda berilayotgan axborotlarning qurboniga aylanib qolmoqda.

Bugungi kunda amaldagi qonunchiligimizda axborot sohasida qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yilganligi uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 6 ta moddasida, Jinoyat kodeksining 13 ta moddasida javobgarlik belgilangan. Aytish lozimki, ushbu javobgarlik turlari fuqarolarning so‘z erkinligi bilan bog‘liq konstitutsiyaviy huquqlarini cheklashga qaratilmagan. Aksincha, ular insonning sha’ni, qadr-qimmati, ishchanlik obro‘-e’tiborini boshqalar tomonidan poymol qilinishini oldini olish bilan bog‘liqdir.

Ishtirokchilar tomonidan bunday noxolis axborotlar tarqatilishiga qarshi kurashish jarayonida ommaviy axborot vositalarining o‘rni, xususan jurnalistlarning axborot makonida har xil turdagi zararli axborotlarni tarqatilishiga o‘z munosabatlarini faol bildirishlari aytib o‘tildi. Qonun bilan berilgan vakolatlar doirasida jurnalist tekshiruvlarini o‘tkazish orqali ob’ektiv tahlil natijalarini jamoatchilikka yetkazishlari muhimligi to‘g‘risidagi fikr bildirildi. Shuningdek, jurnalistika sohasini yanada rivojlantirishga oid qonunchilikka kiritish lozim bo‘lgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga oid takliflar muhokama qilindi.