Jurnalist va blogerlar senat faoliyati bilan tanishdi

2019-08-22T12:02:21+05:0022 August, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida jurnalistlar va blogerlar uchun media-tur tashkil etildi.

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva media-tur ishtirokchilarini mamlakatimiz mustaqilligining 28 yillik bayrami bilan tabriklab, bugungi kunda ommaviy axborot vositalari, jumladan, blogerlarning davlat va jamiyat o‘rtasida sifatli muloqotni yo‘lga qo‘yish, aholiga islohotlarning maqsadi, natijalari haqida tezkor, xolis va to‘liq axborot yetkazish borasidagi ishlariga muvaffaqiyat tiladi.

Tadbirda qabul qilinayotgan qonunlar, davlat dasturlarining ijrosini ta’minlash, ularning aholi manfaatiga xizmat qilishini nazorat qilish, ijro organlari va mansabdor shaxslarning xalq oldidagi mas’uliyatini oshirish, mamlakatimizning xalqaro maydondagi mavqeini yanada mustahkamlash parlament faoliyatining ustuvor yo‘nalishi ekani ta’kidlandi.

Senatning faoliyati, asosiy vazifalari va amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, joriy yilning birinchi yarmida Senatning 3 ta yalpi majlisi o‘tkazilib, ularda davlat va jamiyat hayotining turli sohalariga doir 62 masala ko‘rib chiqildi, 30 qonun ma’qullandi. Senatorlarning xorijiy davlatlarga 30 ga yaqin tashrifi amalga oshirildi. O‘z navbatida xorijiy davlatlari parlament delegatsiyalari, diplomatlari, xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari va ishbilarmon doira vakillari bilan 100 dan ziyod uchrashuv o‘tkazildi.

Oliy Majlis Senati Raisi televideniye, radio, matbuot, internet nashrlari xodimlari va blogerlar o‘rtasida “Senat xalq manfaatlarini qanday himoya qilmoqda?” mavzuidagi tanlovni e’lon qildi.

Tanlovning maqsadi Oliy Majlis Senati, senatorlar faoliyatiga keng jamoatchilik e’tiborini jalb qilishdir. Unda “Senatorning bir kuni”, “Senatning xalqaro faoliyati”, “Senator so‘rovi natijalari”, “Senat aralashuvi bilan hal bo‘lgan masalalar”, “Senat faoliyatidan yorqin misollar”, “Senatning jamiyatdagi munosib o‘rni” kabi mavzularda reportaj, fotoreportaj, ocherklar, tahliliy material, jurnalist surishtiruvi, feleton kabi turli janrlarda materiallar tayyorlash talab etiladi. Tanlov joriy yilning 30 noyabriga qadar davom etadi.

Media-tur ishtirokchilari parlament yuqori palatasi faoliyatiga, shuningdek, jamiyat hayotining turli sohalariga taalluqli ko‘plab savollariga javob oldi. Senat qo‘mitalari va devoni ish jarayoni bilan tanishdi.

Abdulaziz MUSAYeV.

Manba:O‘zA