Nega diydang qotib boryapti, inson?

2019-08-21T11:18:35+05:0021 August, 2019|Hafta maqolasi|

Insoniyat paydo bo‘libdiki, uning hayoti urushlar, ochlik, qahatchilik, tabiiy ofatlar girdobida kechgan. Lekin hech qachon uning diydasi qotmagan, yuragi toshga aylanmagan, hamisha va har doim vijdoni uyg‘oq bo‘lgan, imonini yalov qilgan.

Xo‘sh, nega endi, bugungi dorilamon kunda, tinch-osoyishta zamonda, hamma narsa keragidan-da bisyor bo‘lganda, odamlar temirtanlarga aylanib bormoqda. Arzimagan narsalar sabab bir-biriga – farzand otaga, xotin eriga, qiz onasiga tig‘ ko‘tarmoqda? Quyida shu haqda mulohaza yuritamiz.

«Men ilonni o‘ldirib qo‘ydim»

Mo‘ylabi endigina sabza ura boshlagan Komil amakim daryo bo‘yidagi to‘qayda dag‘al xashak yig‘ardi. U tuyqus quyosh nurida olmosdek yaltirayotgan ketmonini uloqtirgancha yerga o‘tirib oldi. Bolalik shuurim bilan anglaganim shu bo‘ldiki, u qo‘llari bilan yuzini berkitib, ho‘ngrab yig‘lardi. Amakimning yoniga o‘qday uchib bordim, lekin kap-katta yigitni qanday yupatishni, nima deb ovutishni bilmasdim. Amakim esa nuqul «Ilonni o‘ldirib qo‘ydim. Bir jonzotni jonsiz qildim» deb izillab yig‘lardi.

Bundoq qarasam, odam bo‘yi yantoqning tagida bilakday keladigan ko‘lvor ilon bir necha bo‘lakka bo‘linib yotibdi. Ko‘lvor kulcha bo‘lib yotgan shekilli, o‘tkir ketmon tig‘idan Qarshi gilamidek naqshinkor gullari burdalanib ketibdi. Bir rangi sovuq bo‘lsa-da, chiroyli ilonning tasodifiy o‘limiga, bir xuni giryon bo‘lib yig‘layotgan amakimga achinaman. Lekin na unisiga, na bunisiga yordam berish qo‘limdan kelardi…

…Bu voqeaga ellik yildan oshdi. Lekin bugun-chi? Bugun biz bir jonivorga bilib-bilmay ozor yetkazsak, vijdonimiz qiynaladimi? Yuragimiz ozurdalanib, nolon bo‘ladimi? Nainki, zaharli ilonni, tabiatning gultoji bo‘lmish insonni mahv etib, odamzotni to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi, har xil balo-qazolardan asrovchi vijdonni, imonni o‘ldirib ham bir seskanib qo‘ymasak, etimiz junjikmasa, yuragimiz uvushmasa, biz qanday odam bolasi bo‘ldik? Shunchalar diydamiz qotib, yuragimiz metin toshga aylanganmi?! Yaratganning go‘zal xilqati, o‘zi ham go‘zalliklar yaratuvchi insonni bu ofatdan nima qutqaradi? Kim qutqaradi?!

 

Ota o‘tirgan uy

Xalqimizda «Ota o‘tirgan uyning tomiga chiqma» degan naql bor. Bu hikmatning zohiriy ma’nosi hech vaqt otangdan baland kelma, padaring qolib o‘zing to‘rga chiqma, har qanday holatda ham o‘zingni undan ustun qo‘yma, deganidir. Lekin matalning botiniy ma’nosi bundan-da teran. Zero, farzandning bu olam tomi ostida dunyoga kelishiga ota sababchidir. Ota va olam tomi, ya’ni farzand dunyoga kelgan uy bir xil ma’noga ega. Oqil farzand hech qachon otasiga ovozini ko‘tarib gapirmaydi, uning ko‘zlariga tik boqmaydi…

Biroq bugun bu tamoyillar bir qadar unutilgandek, nazarimizda. Yo‘qsa, otasiga ovozini ko‘tarib gapirishni uyat, nomus, or deb bilgan farzandlar bugun otasiga tig‘ ko‘tararmidi?! Hozir shu so‘zlarni qog‘ozga tushiryapman-u, ko‘z oldimdan ijtimoiy tarmoqda tarqalgan xabarlar o‘tmoqda…

«Jizzaxda o‘z otasini o‘ldirgan shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 1-qismi bilan 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi…». «Farg‘ona shahrida 1995 yilda tug‘ilgan M. Mirzadavlatov Motrudiy ko‘chasida joylashgan «Mirzadavlat» oziq-ovqat savdo do‘koni yerto‘lasida o‘zaro janjal oqibatida
1968 yilda tug‘ilgan otasi Q. Ochildinovga pichoq urgan. Natijada Q. Ochildinov kasalxonaga yotqizilgan va ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay, vafot etgan», «Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida ota va farzand o‘rtasida kelib chiqqan janjal oqibatida 19 yoshli fuqaro pichoq bilan otasining chap tarafiga zarba bergan. Olingan tan jarohatlari natijasida jabrlanuvchi vafot etgan»…

Bu xabarlarning adog‘i yo‘q. Ularni o‘qigan sa­yin noqobil farzandlarga, padarkush o‘g‘illarga nafratingiz oshib boraveradi. Zero, padarkushlikni, ya’ni otasining umriga zomin bo‘lgan farzandlarni na Yaratgan, na-da odamlar kechirgan. Bu malomatning qanchalar og‘irligini his qilsin uchun, odamlarga saboq bo‘lsin uchun, Nizomiy Ganjaviy va hazrat Navoiydek buyuk zotlar Sheruya kabi otasiga tig‘ ko‘targan kaslar olti oy ham umr kechirmasligini bashorat qilgan.

Bizning bu mulohazalarimiz o‘zini dunyoga keltirgan otaning kimligini unutgan noqobil o‘g‘illar haqida edi. Agar padari buzrukvoriga ovozini ko‘tarish u yoqda tursin, ko‘zlariga tik boqishi nojoiz sanalgan ojizalar, ya’ni pushtikamaridan bo‘lgan qizlar otasiga tig‘ ko‘tarsa-chi… Yana internet xabarlarini o‘qiymiz: «Surxondaryoda 26 yoshli ayol o‘z otasiga pichoq urdi», «1996 yilda tug‘ilgan xorazmlik D. M. otasi B. Q. bilan janjallashib, uni pichoqlab o‘ldirdi», «Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida yashovchi O. A. mast holda uyida o‘zaro janjal oqibatida o‘gay otasi I. Yu.ning son qismiga pichoq urib, jarohat yetkazdi. I. Yu. kasalxonaga yotqizildi, biroq ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay, o‘sha yerda hayotdan ko‘z yumdi»…

Bu xabarlarni ko‘zdan kechirgan odamning yuragi larzaga kelmay iloj yo‘q. Nahotki, nozik xilqat sanalgan ayol qo‘liga tig‘ olib, otasining ko‘ksiga ursa? Nahotki gulday nozik, gulday nafis, olamni iforga, go‘zallikka burkashga buyurilgan ayol otadek buyuk zotning umriga zomin bo‘lsa?!

 

Tig‘ – muammoning yechimi emas

Sevgi, muhabbat, ishq… Bu tushunchalar bir xil ma’noga ega bo‘lishidan tashqari, bir xil vazifani ham bajaradi, ya’ni insonni komillikka yetaklaydi, ma’naviyatning yuksalishiga xizmat qiladi. Zero, sevgi bizni suyguchi Yaratganning siylovidir. Muhabbat mehmon bo‘lmagan ko‘ngil uyining o‘zi yo‘q. Ishq esa, xoh u samoviy, xoh arziy bo‘lsin, odamzotni samolarga ko‘taradi. Biroq ulardagi me’yor buzilsa, so‘ngsiz ofatu balolarga giriftor qiladi… Yo‘qsa, 4 farzandning otasi, shirindan-shakar nevaralarning bobosi bo‘lgan
70 yoshli R. To‘ychiyev 45 yillik yostiqdoshini arzimagan gap-so‘zni deb, nabirasi ko‘z o‘ngida oshxona pichog‘i bilan 20 marotaba urib, shafqatsizlarcha qasddan o‘ldirarmidi?!

Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida yuz bergan qotillik ham kishi qalbini larzaga keltiradi. Shu tumanda yashovchi M. M. uyida oilaviy janjal tufayli mast holda bo‘lgan turmush o‘rtog‘i T. I.ga pichoq bilan jarohat yetkazishi natijasida T. I. voqea joyida vafot etgan. Xorazmning Urganch shahrida esa 1997 yilda tug‘ilgan R. Jumaniyozova o‘z uyida tanish yigiti, 1992 yilda tug‘ilgan
R. Tojiboyevning ko‘krak qismiga pichoq bilan urib jarohat yetkazgan.

Bunday noxush xabarlar nafaqat Xorazm yo Qashqadaryodan, balki respublikamizning istalgan hududidan oqib kelmoqda. Quyidagi xabar esa o‘zining g‘oyatda g‘ayritabiiyligi bilan kishini ajablantiradi. «…26 yoshli yigit 23 yoshli ayolni pichoqlab o‘ldirdi va o‘z joniga qasd qilishga urindi… Tergov xulosasiga ko‘ra, o‘zi bilan birga yashaydigan ayol u bilan munosabatlarni davom ettirishga rozi bo‘lmaganidan keyin uning tanasiga 17 marta pichoq urgan. Olingan jarohatlar oqibatida ayol voqea joyida halok bo‘lgan».

Navbatdagi xabar ham diqqatni tortadi: «Yangi­yo‘l tumanida Sh. X. uyida, turmush o‘rtog‘i S. M. bilan o‘zaro janjal natijasida oshxona pichog‘i bilan S. M.ning qorin qismiga bir marotaba urib, unga tan jarohati yetkazgan». Beixtiyor o‘ylanib qolasan: ayol qo‘lidagi oshxona pichog‘i, uning mahorati bilan betakror mo‘’jizalar yaratuvchi tig‘ muammoning yechimi bo‘la oladimi?!

 

Xulosa o‘rnida

Mulohazalarimizga bir asrdan buyon bizning tuzalishimizni, tosh yuragimiz erishini istagan buyuk shoirimiz Cho‘lponning so‘zlari bilan yakun yasamoqchimiz. Zora, bu da’vatlar dilimizdagi g‘uborlarni aritib, muzga do‘ngan yuraklarni eritib yuborsa…

«Endi, ey, qardoshlar! Adabiyot o‘quylik. Adiblar yetishdirayluk, «adabiyot kechalari» yasayluk. Ruh, his, tuyg‘u, fikr, ong va o‘y olayluk, bilayluk. Agarda «bayoz» va bema’ni bir-ikki dona kitoblar ila qolsak, mahvu inqiroziy bo‘lurmiz. Yuragimiz kundan-kun toshdan ham qattig‘ bo‘lur. Yurakni eritayluk, ruh berayluk, inqiroz bo‘lmayluk. Menim bu ojizona fikrima qo‘shilaturg‘onlar bo‘lsa adabiyotning foydasi to‘g‘rusinda «Oina» va «Sado»larimizga tarixiy va adabiy maqola va she’rlar yozsunlar, kitoblar tartib bersunlar. Hozirda bizga birdan-bir lozim bo‘lg‘on narsa — adabiyot, adabiyot, adabiyot…».

Kamtarona mulohazalarimizni ayni shu nuqtada yakunlasak ham bo‘lardi. Lekin aytilmagan, aytolmagan gaplarimiz she’riy tizmalarga aylandi-yu, sizning istiqbolingizga shoshdi. O‘qib ko‘rsangiz, aslida, ular ham yuqorida deganlarimizga uyqash ekaniga amin bo‘lasiz…

Bu ko‘hna dunyoning zilday yukini

Yelkasiga ortib boryapti inson.

Kimdandir yulqinib, kimga yukunib,

Nega diydang qotib boryapti, inson?

Senmasmi, yerda ham jannat yaratgan,

Qadoq qo‘li bilan qimmat yaratgan.

Dillarga ezgulik nurin taratgan,

Nega diydang qotib boryapti, inson?

Ikki dunyo aro joni halakda,

Farzandiga imdod kutgan falakdan.

Ne qasding bor edi jajji go‘dakda,

Nega diydang qotib boryapti, inson?

Ming jafo yog‘ilar bir xatomizga,

Ba’zan qo‘l ko‘tarib o‘z otamizga,

Tubsiz bu botqoqqa xo‘p botamiz-da…

Nega diydang qotib boryapti, inson?

Ayol qo‘lidagi o‘tkir pichoq, tig‘,

Oshxonada qilar tengsiz yaratiq.

Bu bani basharni hayron qaratib,

Nega diydang qotib boryapti, inson?

Temir QURBON.

Manba:«Postda» gazetasi.