Bolalar vaksinasi pullikmi?!

2019-08-21T05:33:31+05:0021 August, 2019|Umumiy yangiliklar|

Odamlar o‘rtasida shu kabi savollar ham ko‘p uchraydi. Bolalarda faqat «Gepatit-A» (xalq tilida sariq)dan tashqari barcha kasalliklarni emlash mutlaqo bepul, xavfsiz va qulay.

Ha, hanuz aholi orasida emlash masalasida turli xil salbiy qarashlarning mavjudligi mazkur jarayonni OAVda kengroq yoritilishi va shu orqali xabardorlikni oshirishni taqozo etmoqda.

Namangan shahridagi «Sayhun» mehmonxonasi konferensiyalar zali viloyat jurnalistlari va blogerlari uchun davra markazi bo‘ldi. YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va respublika Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi hamkorligida «Bolalar sog‘ligi, xususan, immunizatsiya masalalarini OAVda yoritish»ga bag‘ishlangan seminar-trening dolzarbligi bilan ahamiyat kasb etdi.

Mohir trener Nargis Qosimova nazariy va amaliy mashg‘ulotlar orqali mohiyatni ochib berdi. Vaksinatsiya va uning bola sog‘ligiga ijobiy ta’siri, tele-radio, matbuot va internetda bolalarni emlash mavzusini yoritishning zamonaviy usullari, kichik farzandlarimiz salomatligi bo‘yicha OAVda e’lon qilingan va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan materiallardagi stereotiplarni aniqlash va ularni buzish, mediamaydondagi soxta xabarlarni aniqlash va tekshirish borasidagi bilim va salohiyatimizni yuksaltirish zarurati yuzaga keldi.

Shu maqsaddagi mazkur loyiha doirasida yo‘nalishga ixtisoslashgan jurnalistlar va tibbiyot muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik kuchaytiriladi, fuqarolarda tibbiy madaniyat oshadi.

Alohida ta’kidlandiki, karantin va o‘ta xavfli yuqumli xastaliklar, poliomiyelit, difteriya, qoqshol kasalliklari qator yillar mobaynida qayd etilmadi.

Bolaning tug‘ilganidanoq va to 16 yoshgagacha bo‘lgan turli bosqichlarda emlash uni kelgusida xavf soluvchi kasalliklardan ishonchli himoyalaydi. Shu o‘rinda bir yangilik, treningga taklif etilgan shifokor-mutaxassis, viloyat DSENM mas’ul xodimi Sherzod Latifjonov yillar oralig‘iga endi 9 yosh ham kiritilayotganini bildirdi, ya’ni emlash kalendariga yana bir yosh toifasi joriy etiladi.

Trening ishtirokchilari guruhlarga bo‘lingan holda o‘zlashtirganlarini mustahkamlab, savol-javob hamda bahs-munozara fonida o‘z taklif-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar, mediarejalarini tuzib oldilar.

Darvoqe, stereotip tushunchasi xususida, u masalan, emlash haqida ota-onalar ongida o‘rnashib qolgan salbiy qolip fikrlardir. Demak, vaksinaning foydasi juda katta ekanligini hisobga olib, shakllanib qolgan shu stereotiplarni parchalash vazifasi oldimizda turibdi. Buning uchun jurnalistlar, soha mutaxassislari va tibbiyot xodimlari targ‘ibot orqali ta’sir etishning yangicha vositalarini qo‘llashlari kerak.

Xulosalar, muhokamalar va tavsiyalar Davlat sanitariya-epidemiologiya markazining viloyat bo‘limida davom etdi. Seminar-trening qatnashchilari bu yerdagi respublikada 2-o‘rinda turuvchi vaksina saqlash ombori bilan yaqindan tanishdilar. Qabul qilish punktidan boshlab sovutgichxonadagi sharoitlar va qat’iy nazoratni ko‘zdan kechirdilar.

Orifjon JO‘RAYEV.