Millatning qiyofasini asraylik!

2019-08-20T11:01:13+05:0020 August, 2019|Umumiy yangiliklar|

Abdusaid KO‘ChIMOV

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, Andijon viloyatining Asaka tumani bozorida – o‘zbek ayolining (!) erkaklarni dog‘da qoldiradigan gap-so‘zlari aks etgan video-tasvirni ko‘pchilik tomosha qilgan, albatta.
To‘g‘ri, voqeaning asl sabablari va sababchilari to‘g‘risida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) saytida “Asakadagi “reketchi” ayollar, noqonuniy bozor, tartibsizlik va guruhlar tortishuvi qachongacha davom etadi?” nomli maqola e’lon qilindi. Mening hozirgi mushohadalarim bu haqda emas, voqeaning ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilishi haqida.
Ba’zi joylarda qayd etilishicha 2017 yilning mayida, ba’zisida 2018 yilning dekabrida tasvirga tushirilgan mazkur lavha nega endi, oradan shuncha suvlar oqib o‘tganidan keyin tarqatilayotir? Nimaning alomati bu? Kimga, nega kerak bo‘lib qoldi eski mojaroni chuqalash? Yoxud hayotimizda, jumladan, bozorlarimizda ko‘rsang, ko‘zingni quvnatuvchi, go‘zal, bahri dilni ochadigan voqealardan ko‘ra muhimmi, ahamiyatlimi bu? Umuman, nima uchun ko‘pincha yaxshi narsalar bir chetda qolib, qayerdaki mojaro, bir-birini go‘yoki “fosh qilgan” voqealarni ko‘rsak, o‘shalarning tafsilotiga berilish, uni imkon qadar boshqalarga yetkazish uchun oshiqishga moyil bo‘lib ketyapmiz? Ijtimoiy tarmoqlar dunyoga tarqaladi. Biz bir ayol janjali bilan o‘zbek ayollarining barisi shunaqa – shallaqi, beodob ekan degan tasavvur uyg‘otib qo‘ymayapmizmi jahon ahli orasida? Mehribon, mehnatkash onalarimiz, opa-singillarimiz sha’niga dog‘ tushirib qo‘ymayapmizmi bilib-bilmay? Mayli, u ayolning turgan-bitgani shudir va yoxud o‘sha gaplarini azbaroyi “jahli chiqib, aqli ketgan” damda aytgandir. Uni el aro sharmisor qilishdan murod nima?.. Dunyoga jar solmasdan, o‘sha tasvir vositasida kelishmovchiliklarni joyida hal qilishga yordam bersak, ko‘proq foydamiz tekkan bo‘lmasmidik? Mayli, boringki ana, qaysidir “shov-shuv”ga o‘ch mardum uni tasvirga olibdi ham, deylik. (Bu uyatli hodisani videoga olib, tarqatganlarning ham onasi, opa-singlisi bordir…) Tasvirga boqsangiz, unda qancha odam tomoshabin bo‘lib turganini ilg‘aysiz. Ayol qo‘lini paxsa qilib o‘dag‘aylagan joyda, ahli tomoshabin orasida ko‘pni ko‘rgan keksalar, ziyolilar, ota–onalar, ayolu erkaklar o‘tib-qaytib turishibdi. Hayron qolasanki, ularning birontasi bir og‘iz, “Hoy, falonchixon, qo‘ying, bu gaplar sizga yarashmaydi”, demaydi. Yoki chetroqqa tortib, insofga chaqirmaydi, “Otang yaxshi, onang yaxshi”, deganday hovuridan tushirmaydi. Ulug‘ shoirimiz topib aytganidek, shunchalar “tomoshaga o‘ch” bo‘lib qoldikmi?..
Nima bo‘lganda ham, bir achchiq haqiqat shuki: o‘sha, biz olamga dovrug‘ sochib, sharmisor qilayotganimiz ayol ham – shu yurtning, shu elning, shu millatning bir vakilasi. Millat esa onamizdek aziz bir xilqatdir. Shuni unutmaylik!..