“Biznes-Daily media” noshirlik uyi mas’uliyati cheklangan jamiyati ijro organi rahbari – bosh direktori lavozimiga tanlov o‘tkazilayotganini ma’lum qiladi

2019-08-19T09:55:53+05:0019 August, 2019|Umumiy yangiliklar|

“Biznes-Daily Media” noshirlik uyi mas’uliyati cheklangan jamiyati jamiyat ijro organi rahbari – Bosh direktori lavozimiga tanlov e’lon qiladi.

25 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va xorijiy davlatlar fuqarolari nomzod sifatida da’vogarlik qilishlari mumkin.

Bosh direktorga quyidagi ish (mehnat) va yashash sharoitlari taqdim etiladi:

– besh kunlik ish haftasi, kundalik ish vaqti rejimi soat 9.00 dan 18.00 ga qadar, dam olish kunlari – shanba, yakshanba va bayram kunlari (O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 131-moddasi);

– barcha zarur jihozlar, jumladan, internet va lokal tarmoqlarga ulangan kompyuter, shahar va ichki telefon aloqa tizimi bilan ta’minlangan alohida xona;

– xizmat avtomashinasi;

– xorijiy davlat fuqarolari uchun – O‘zbekistonga kelishi bilan bog‘liq bir martalik yo‘l puli;

– mehnat qonunchiligi va Jamiyatning jamoa shartnomasida belgilangan boshqa kafolatlar.

Tanlov ikki bosqichdan iborat bo‘ladi.

Birinchi bosqichda nomzodlarga oid ma’lumotlar Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishi a’zolari va manfaatdor vazirlik hamda idoralarning vakillaridan iborat tarkibda tuzilgan tanlov komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Nomzodlar quyidagi talablarga javob berishi lozim:

– moliya, iqtisod yoki jurnalistika sohasida oliy ma’lumotga ega bo‘lishi;

– moliya, iqtisod yoki jurnalistika sohasida kerakli bilim va tajribaga ega bo‘lishi hamda ushbu sohalarda kamida 3 yil ishlagan bo‘lishi;

– davlat tili va rus tillarini bilishi va erkin so‘zlasha olishi, ingliz va boshqa chet tillarini bilish ustunlik beradi;

– kompyuter texnikasi vositalaridan foydalanishni bilishi, yangi innovatsion texnika vositalaridan foydalana olishi;

– O‘zbekiston Respublikasining qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlaridan xabardor bo‘lishi, boshqaruvda zamonaviy innovatsiya usullaridan foydalanish qobiliyatiga ega bo‘lishi.

Nomzodlar ular uchun qo‘yilgan talablarga mos kelishini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishlari shart. Shuningdek, taqdim etilayotgan hujjatlarga quyidagilar ilova qilinishi lozim:

– talabgorning Jamiyat Umumiy yig‘ilishi nomiga tanlovning barcha shartlari bilan tanishganligi hamda tanlovdan o‘tgan taqdirda shartnoma tuzishga roziligi haqidagi arizasi;

– pasport nusxasi, belgilangan tartibda to‘ldirilgan shaxsiy va ish faoliyatiga oid ma’lumotnomasi (ob’ektivka);

– Jamiyatni rivojlantirish bo‘yicha qisqa rejalari;

Ikkinchi bosqichda birinchi bosqichdan o‘tgan nomzodlar bilan tanlov komissiyasi a’zolari tomonidan suhbat o‘tkaziladi. Suhbat chog‘ida nomzodning savollarga bergan javoblaridan tashqari uning mas’uliyatliligi, muomalasi, analitik qobiliyatlari, stress holatlariga bardoshliligi, xotirasi (eslab qolish qobiliyati) jamoa bilan ishlash bo‘yicha sifatlari, tashabbuskorlik va tashkilotchiligi, sog‘lom turmush tarziga rioya etishi kabi fazilatlariga baho beriladi. Bundan tashqari, nomzodning jamiyat ishtirokchilari bilan affillanmaganligi aniqlanadi.

Ushbu bosqich yakunlariga ko‘ra, tegishli qaror qabul qilish Jamiyat Umumiy yig‘ilishiga taklif kiritiladi.

Tanlovga hujjatlarni topshirish muddati e’lon berilgan kundan boshlab 15 kun.

Nomzod quyidagilarni ham bilishi lozim: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 26 apreldagi “Davlat aktivlarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, ustav kapitali (fondi)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari ijroiya organi rahbari va rahbar o‘rinbosari lavozimlariga nomzodlarni ko‘rsatish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri yoki uning tegishli o‘rinbosarlari va maslahatchilari bilan kelishgan holda amalga oshiriladi;

Taqdim etilgan hujjatlar nomzodga qaytarilmaydi. Tanlov yakuni faqatgina keyingi bosqichga o‘tgan nomzodlargagina ma’lum qilinadi.

Hujjatlar Toshkent shahri, Amir Temur ko‘chasi, 6-uyda dushanbadan jumaga qadar soat 9.00 dan 18.00 ga qadar yoki biznes-daily-media@mail.ru elektron pochta manzili orqali istalgan vaqtda qabul qilinadi. Talab qilingan hujjatlar to‘liq bo‘lmagan taqdirda ularni qabul qilish rad etilishi mumkin.

Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun (71) 259-21-96, (71) 259-21-98, (93) 001-62-12 telefon raqamiga orqali murojaat qilishingiz mumkin.