Mas’uliyat chegarasi

2019-08-16T06:45:09+05:0016 August, 2019|Umumiy yangiliklar|

Mamlakatimiz taraqqiyotining bugungi — yangi bosqichi dunyo miqyosida g‘oyaviy kurashlar tobora kuchaygan pallaga to‘g‘ri keldi. Mafkura maydonlarida zamonaviy axborot texnologiyalaridan unumli foydalanilayotgani esa yuz berayotgan voqea-hodisalardan nihoyatda qisqa muddatlarda xabar topish, u yoki bu masalaga munosabat bildirish imkonini berayapti.

Eng muhimi yurtimizda ham ommaviy axborot vositalariga erkinliklar berilgani, fuqarolik jamiyatining asosi bo‘lgan so‘z erkinligi ta’minlangani har birimizga tub islohotlar mohiyati, bugungi yangilanish va o‘zgarishlar xususida o‘z qarashlarimizni emin-erkin bayon qilish uchun sharoit yaratdi. Uzoq yillar davomida voqe’likka xolis baho berish, tanqidiy mulohazalar bildirishga ko‘nikmagan gazeta-jurnallar, televideniye hamda radiokanallarimiz qatoriga blogerlik institutining qo‘shilgani esa jamiyat rivojiga to‘siq bo‘layotgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni dadil ko‘tarib chiqish imkonini berdi.

Ayni paytda chekka bir qishloq aholisining ichimlik suviga zor ekani, kimningdir farzandi nohaqlikka uchrayotgani, bir mansabdorning noqonuniy xatti-harakati tufayli moli, davlatidan ayrilib qolayotgan tadbirkor muammolari ham aksariyat hollarda aynan ana shu institut vakillari tomonidan jamoatchilik e’tiboriga havola qilinyapti. Yangidan-yangi saytlarning paydo bo‘lishi ham bugungi islohotlarning mazmun-mohiyati, joylarda hal etilmayotgan ijtimoiy-iqtisodiy masalalar haqida tezkor ma’lumotlar olish imkonini oshirdi.

Shu o‘rinda yurtimizda so‘z erkinligi ta’minlanayotgani xalqaro hamjamiyat tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlanganini ham ta’kidlash joiz.

Bir so‘z bilan aytganda, keyingi uch yil mobaynida o‘zgarishlar davri tarixiga jamiyatimizning eng katta yutug‘i sifatida so‘z erkinligi ta’minlangani muhim voqelik sifatida kirdi, deyish mumkin.

Tan olish kerak, keyingi yillarda bir qator viloyatlarda avj olgan “buz-buzlar” bilan bog‘liq xatoliklar ham asosan blogerlar tomonidan fosh etildi. Ijtimoiy tarmoqlardagi tezkorlik, ochiqlik tufayli esa xatoga yo‘l qo‘ygan mansabdorlar haqida davlat rahbari va hukumatga tezkor axborotlar yetkazish imkoniyati kengaydi.

O‘z o‘quvchilari tomonidan “xaloskor” sifatida e’tirof etilayotgan blogerlar “xalqni qaqshatgan” mansabdorlarga nisbatan yanada kuchliroq jazolar tayinlanishini talab etib, jamiyatda o‘z mavqelari mustahkamlanib borayotganini ham ko‘rsata boshladi.

Bu jarayon ayni qizigan pallada blogerlar qatori jurnalistlar ham ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘z fikrlarini bildirayotir. Xususan, “XXI asr” ijtimoiy-siyosiy gazetasi bosh muharriri Norqobil Jalil bir qator hokimlar xatosiga munosabat bildirar ekan “… oddiy bir qalamkash sifatida fuqarolar va tadbirkorlar huquqini oyoqosti qilgan, oyog‘i yerdan uzilgan, atrofida o‘z haybarakallachilarini to‘plab olgan hokimlar tavba-­tazarru qilmasin, mard bo‘lsa iste’fo bersin” deya keskin fikr bildirdi.

Albatta, har kim o‘z fikrini, ma’lum bir masala xususidagi qarashlarini emin-erkin bayon etishi mumkin va yurtdoshlarimiz bu qarashlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga ko‘nikdilar ham.

Chindan ham jamiyatimizda anchayin faol kuchga aylangan blogerlar, fidoyi jurnalistlar sa’y-harakati bilan taraqqiyotimizga to‘siq bo‘layotgan qator muammolarga e’tibor qaratilib, ularni hal etish jamoatchilik tomonidan qat’iy nazorat qilinyapti.

Ana shunday bir paytda davlatimiz rahbari ijtimoiy tarmoqlar orqali ayrim mansabdorlar faoliyati (yoki faoliyatsizligi)dan noroziligini bildirayotgan aholi fikri bilan tanishib, rahbarlarning bunday xatti-harakatlarini hech narsa bilan oqlab bo‘lmasligini bot-bot takrorlamoqda.

Zero, odamlar og‘irini yengil qilish, hayotdan rozi bo‘lib yashashlariga ko‘maklashish barcha bo‘g‘indagi rahbarlarning asosiy vazifasidir. Bu yo‘nalishdagi ezgu harakat va intilishlar samarasida qo‘lga kiritilgan yutuqlar bilan birga hali yechimini kutayotgan dolzarb masalalar ham bor, albatta. Ammo ana shunday bir paytda ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan turli maqsadlarda foydalanayotgan fuqarolar ham borligidan ko‘z yummasligimiz kerak.

— Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinmaydigan mavzuning o‘zi qolmadi, — deb yozadi “Xalqaro press-klub” raisi Sherzodxon Qudratxo‘jayev o‘zining facebookdagi sahifasida. — Albatta, har bir inson o‘z fik­riga ega, erkin fikrlash va fikrini ommaviy bildirish barchaning huquqiga kiradi. Ammo shunday nozik pardalar borki, har kim istaganicha fikr bildira olmaydi. Bular shaxsiy hayotga aralashuv, kimnidir haqorat qilish, kimgadir tahdid qilish, kimgadir urush e’lon qilish. Buning uchun javobgarlik ham borligini unutmasligimiz kerak. Ana shunday holatlar insonlarning shaxsiy hayotiga daxl qilish, kimgadir ig‘vo qilish, tahqirlash, qadr-qiymatini toptash, mavzuni yuzaki chaynash, “dedi-dedi”larning ko‘payib borishi bir paytlar AQSh tajribasida “Trans War” ya’ni OAVdagi “axlatlar jangi” deb ta’riflangan. Demak, “axlatlar urushi” bizga ham yetib keldi…

Sh.Qudratxo‘jayevning fikricha, ulg‘ayayotgan organizm og‘riqlari singari bunday jarayonlarni barcha demokratik davlatlar boshidan kechirgan. Savol tug‘iladi, biz shunday sharoitda nima qilishimiz kerak? Nazarimda, o‘zimizni tuta bilishimiz, shaxsiyatga tegmasligimiz, shaxsiy va jamiyatga oid masalalar o‘rtasidagi farqni ajrata bilishimiz, nima bo‘lgan taqdirda ham o‘zaro hurmatni, bag‘rikeng munosabatni saqlay bilishimiz muhim.

Muhimi, endi yuz bergan voqealardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, faqat oldinga intilish lozim. Bu esa fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ta’minlash, aholi turmush farovonligini yuksaltirish, bir so‘z bilan aytganda, xalqni rozi qilishdek olijanob maqsadlar ro‘yobiga xizmat qiladi.

…Hayot yo‘llari turfaligi, unda goh quvonch, goh g‘am almashib turishi hech kimga sir emas. Ayni vaqtda hech bir inson men doim hayotning tekis va yorug‘ yo‘lidan yuraman, deb ayta olmaydi. Chunki bu yo‘llarning oq va qora chiziqlarini hamma birdek bosib o‘tishi azaliy qonuniyat.

Ammo bir haqiqat borki, sabrli, imon-e’tiqodli, aqlga tayanib ish ko‘radigan odamlar hayotning qora chizig‘ini ham matonat bilan bosib o‘tadi. Lekin hamma ham odam. Kimnidir birgina yomon ishi uchun chohga itarib bo‘lmaydi. Uni kechirish, to‘g‘ri yo‘l topishiga imkon berish, zarur bo‘lsa, qo‘llab-quvvatlash asl insoniy qadriyatlardan hisoblanadi. Muqaddas dinimizda ham banda bilib-bilmay xato qilib qo‘ysa, so‘ng xatosini tan olib, tavba qilsa barcha qilmishi kechirilishi, zimmasidan soqit bo‘lishi ta’kidlangan.

Bir donishmanddan: “Qachon odamlar bir-biriga doimiy mehr-oqibatda bo‘ladi?” deb so‘ralganda, u: “Odamlar bir-birini kechirib yashasa” degan ekan. “Nega doimiy mehr-oqibatda kechirimlilik shart qilinayapti?” degan savolga esa, “Sababi odamlar xatodan holi yashay olmaydi” deb javob bergan ekan.

Chindan ham media olamidagi janglar har qanday jamiyatda ham o‘tish davri og‘riqsiz o‘tmasligini anglatayapti. O‘zaro muloqotlardagi ziddiyatlar, agressiv munosabatlarning tobora kuchayib borayotgani, bilib-bilmay xato qilgan kishilar faoliyatidan haddan ziyod keskin xulosalar chiqarilayotgani jamiyatda sun’iy tarzda cho‘zilgan transformatsiya jarayonlarining og‘ir oqibatidir. “Iste’foga chiqsin, qattiq jazolansin” qabilidagi da’vatlar esa mehrli, oqibatli va kechirimlilikni fazilat sanagan millatning qiyofasini ko‘rsatmaydi, aslida.

Ma’lumki, keyingi uch yillik hayotimiz nihoyatda tezkor o‘zgarishlar bilan kechdi. Bir soha yoki tizimda emas, barcha yo‘nalishlarda bir xil o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.

So‘nggi yillarda barcha hududlarimizda, hatto chekka qishloqlarimizda ham “Obod mahalla”, “Obod qishloq” dasturlari doirasida ulkan bunyodkorlik ishlari olib borilyapti. Zamonaviy, ko‘rkam uy-joylar, ijtimoiy ob’ektlar qurilyapti.

To‘g‘ri, jamiyatimizda bo‘layotgan o‘zgarish, voqea-hodisalarga har kim o‘z qarashlaridan kelib chiqqan holda munosabat bildirishga haqli. So‘z erkinligi, fikrlar mustaqilligiga daxl qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Lekin bu o‘ylamay, mushohada qilmay, bugungi kun shart-sharoitlarini inobatga olmay tilga kelgan gapni aytish, so‘z erkinligini xohlagancha suiiste’mol qilish degani emas. Hudud aholisi ming pushaymon bo‘lgan hokimlarni kechirib turgan bir sharoitda, ijtimoiy tarmoqlar orqali yana odamlar fikri, qarashlarini o‘zgartirishga harakat qilinayotganini tushunish qiyin, albatta.

To‘g‘ri, kamchiliklar haqida yozish kerak. Nuqsonlarga yo‘l qo‘yganlar, aholi talabi va xohishiga zid ish tutib, mavjud muammolarga befarq qaraganlar har qancha tanqidga arziydi. Ammo bularning barchasi xolislikka asoslangan bo‘lishi shart. Tirnoq ostidan kir qidirish esa o‘rtaga shaxsiy manfaat, shaxsiy qarashlar aralashayotganidan dalolatdir. Bu jurnalistlar, blogerlar vazifasi yoki maqsadiga ham kirmasa kerak. Buning esa xavfli tomonlari ham bor. Ya’ni ayrim blogerlarning quyushqondan chiqishi, jamiyatga, fuqarolarga muayyan bir shartlar qo‘yilishi demokratiyaga, so‘z erkinligiga salbiy ta’sir etishi mumkin.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi odamlar manfaati, yurt taraqqiyotiga qaratilgan har qanday sa’y-harakatlarni ma’qullaydi va yuqoridagidek masalalarda ham murosayu madora yo‘lini tanlash tarafdori ekanini doimo ta’kidlab kelgan.

Agar O‘zbekistonimizni yuksak manzillarga qarab su­zib ketayotgan bir kemaga o‘xshatsak, barchamiz — 33 million vatandoshimiz shu kemaning yo‘lovchilari ekanini anglab yetamiz. Kema ichida xotirjamlik va hamjihatlikning bo‘lishi shundoq ham serdovul va sezilmas suv osti bo‘ronlariga boy hayot ummonida barqaror ilgarilashimizni ta’minlaydi. Turli fikrlarni ro‘kach qilib shovqin-suron ko‘tarsak, hadeb kimningdir yoqasiga yopishsak, kemaning muvozanatini buzamiz va nafaqat o‘zimiz, kelajak avlodlarimiz uchun ham xavf tug‘dirgan bo‘lamiz.

Albatta, fikrlar xilma-xilligi, turli dunyoqarashlarning bo‘lishi tabiiy hol. Xudo insonni turli tilli, irqli va millatli etib yaratib unga o‘zaro ahil yashash va birgalikda rivojlanishni buyurgan. Bas, shunday ekan, bir-birimizni inson ekanligimiz uchun hurmat qilishni o‘rganishimiz lozim. O‘zaro fikrlashishimiz, tortishishimiz, ba’zan inkor qilishimiz, o‘zgartirishimiz zarur. Zero, plyuralizm haqiqatni tiniqlashtiradi. Lekin bu tortishuvlar mamlakatimiz manfaatlari, ona Vatanimizning yuksalishi maqsadida birlasha oladigan bo‘lishi lozim.

Ravshan MAHMUDOV

Manba: “Milliy tiklanish” gazetasi