“Eng ulug‘, eng aziz” tanlovida kimlar g‘olib bo‘ldi?

2019-08-16T06:42:23+05:0016 August, 2019|Umumiy yangiliklar|

Andijon shahridagi viloyat Qo‘g‘irchoq teatrida “Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!“ shiori ostida “Eng ulug‘, eng aziz” tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

G‘oliblarni taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbirda so‘z olganlar mamlakatimizda istiqlol yillarida erishilgan ulkan yutuqlar, ijodkorlarning samarali ijod qilishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotgani, ularni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishda mazkur tanlov muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

Tanlovda shoir va yozuvchilar, bosma va elektron ommaviy axborot vositalari xodimlarining, shuningdek, musavvirlar, xalq amaliy san’ati vakillari hamda fotograf va dizaynerlarning 800 dan ziyod ijodiy ishi ko‘rib chiqildi.

– Namoyish etilgan ijodiy ishlarning o‘ziga xosligi, mazmunan boyligi, rang-barangligini alohida e’tirof etish joiz, – deydi Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari O‘tkirbek Shukurov. – Ana shu asarlarda istiqlol g‘oyalari, xalqimiz ma’naviyati, ong va tafakkuridagi o‘zgarishlar o‘ziga xos talqin etilgani yanada ahamiyatlidir.

Ishtirokchilar boy tariximiz, xalqimizning urf-odatlari, milliy qadriyatlarini badiiy va fotoasarlar, dizaynerlik ishlari hamda tasviriy san’at asarlari orqali ko‘rsatib berdi.

Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, adabiyot yo‘nalishi bo‘yicha shoira Xurshida Vahobjon qizi, teleradio yo‘nalishi bo‘yicha Andijon viloyati teleradiokompaniyasi muharriri Matlubaxon Yusupova, bosma ommaviy axborot vositalari tahririyatlari va ijodkorlarining jurnalistik ishlari yo‘nalishi bo‘yicha Baliqchi tumani “G‘alaba” gazetasi tahririyati, tasviriy san’at, foto va dizayn yo‘nalishi bo‘yicha Jalaquduq tumanidagi 13-musiqa va san’at maktabi o‘qituvchisi, musavvir Rustamjon O‘rozov g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Barcha yo‘nalish bo‘yicha g‘olib va sovrindorlarga diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Bir guruh ijodkorlar rag‘batlantiruvchi mukofotlar bilan taqdirlandi.

 

Faxriddin UBAYDULLAYeV, Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA