Bir kunlik safar —970 kunlik zafar

2019-08-15T12:27:10+05:0015 August, 2019|Umumiy yangiliklar|

Mamlakatimiz mustaqilligining 28 yilligi oldidan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tashabbusi bilan markaziy ommaviy axborot vositalarida xizmat qilayotgan hamkasblar hamrohligida Sirdaryo viloyatida bo‘ldik. Shinam va zamonaviy avtobusda poytaxtdan yo‘lga chiqqanimizda Sirdaryo kichkina joy, ham Toshkentga yaqin, ikki-uch soatda viloyatni kezib chiqsak kerak, deb o‘ylagandik. Ammo Samarqandu Buxoro, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy viloyatlariga borishda necha marta shu hududdan o‘tganmiz-u, «ko‘prik» vazifasini bajarib bergan Sirdaryoning jozibasini, malohatini sezmabmiz, bilmabmiz. Ezgu niyat ila tashkil etilgan media tur bu manzilga nisbatan tasavvurlarimizni butkul o‘zgartirib yubordi.

O‘zimizniki, O‘zbekistonniki

Mezbonlar bizni dastlab Sirdaryo tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan «Sirdaryo universal oyna» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga olib borishdi. Salkam 5 gektar maydonni egallagan, 2018 yil 1 iyunda ish boshlagan mazkur korxonada farmatsevtika va oziq-ovqat sanoati uchun shisha idishlari tayyorlanadi. Ichkariga kirib, bahaybat stanoklar, xorijdan keltirilgan dastgohlarni ko‘rib, bir hayratlangan bo‘lsak, ro‘zg‘orda har kuni kerak bo‘ladigan oddiy bankalarning tayyorlanish jarayonini kuzatib, o‘n karra qo­yil qoldik. O‘zimizning yigit-qizlar mehnat qilayotgan bu korxonadagi xom ashyo ham o‘z zaminimizdan olinadi.

— Ilgari shunday korxonalarni tasavvur qilolmasdik, — deydi «Sirdaryo universal oyna» mas’uliya­ti cheklangan jamiyati rahbari Alisher Maxmutaxunov. — Bugun esa hamma narsa o‘zgardi. Amalga oshirilayotgan islohotlar yetib bo‘lmas orzularimizni ham ko‘rish mumkinligini isbotlamoqda. Birgina ushbu korxona faoliyati haqida gapiradigan bo‘lsam, bu yerda ishlayotgan xodimlarimizning barchasi mamnun. Uch navbatda mehnat qiladigan ishchilarimiz 1 million 200 mingdan 3 milliongacha maosh olishadi. Ishga borib kelish, uch mahal issiq ovqat — korxona hisobidan. Ish boshlaganimizga endigina bir yil bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da, xorijlik hamkorlar, ekspertlar mahsulotlarimizga yuqori baho berishmoqda. Eng muhimi shuki, mehnat qilsak, izlansak, intilsak, hammasiga erishamiz.

Jo‘shib, faxr bilan gapirayotgan korxona rahbarining so‘zlarini eshitib, uning aytayotganlari chin ekanligiga Chinlar bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘­yilgan «Peng-Sheng» qo‘shma korxonasiga borganimizda, yana bir karra amin bo‘ldik. Korxona, desa, chang-to‘zon, shovqin-suronli joylarga o‘rganib qolgan ekanmiz, ammo uning tasarrufidagi so‘lim bog‘, o‘zbek va xitoy bolalari ahil-inoqlikda tarbiyalanayotgan 30 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasini ko‘rib, behad xursand bo‘ldik. Ushbu maskanda ta’lim-tarbiya jarayonlari o‘zbek, rus, ingliz va xitoy tillarida olib boriladi.

Kafel, ishlab chiqarishga mo‘ljallangan sexda bo‘lganimizda ishchilar asosan ayollardan iborat ekani e’tiborimizni tortdi. Bunga izoh so‘raganimizda, xitoylik mutaxassislardan biri shunday dedi:

— «Asosan zamonaviy texnologiyalar ko‘magida ishlayotganimiz uchun xotin-qizlarni ishga olganmiz. Sababi, ular erkaklardan ko‘ra mas’uliyatli va hushyor bo‘lishadi. Boshqaruv tizimining birgina nuqtasini noto‘g‘ri bosish ham ovoragarchilikka sabab bo‘ladi. Qolaversa, bu ayollar uchun nisbatan yengil ish, soyada mehnat qilishadi».

«Peng-Sheng»ning ko‘rgazma savdo uyi ham bor ekan. Binoda qo‘shma korxonada ishlab chiqiladigan deyarli barcha mahsulot turlarida namunalar namo­yish etilgan. Savdo markazi, bank singari bir qator xizmat ko‘rsatish shoxobchalaridan iborat ushbu keng va bahavo manzilni kichik shaharcha desak, adashmaymiz.

Jurnalistlar «Peng-Sheng» korxonasiga qarashli qo‘shqator ekilgan hamda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida parvarishlanayotgan g‘o‘za maydonida ham bo‘ldik. Bildirilishicha, qo‘shqator usulida an’anaviyga nisbatan bir gektarga 30 ming tup ko‘p ko‘chat joylashtirish imkoniyati bor. Yana bunda agrotexnik tadbirlarni bajarish uchun dalaga traktor kiritishga ham hojat yo‘q. Dala sohiblari gektaridan 50 sentnerdan kam hosil olmaymiz, deyishdi va ularning bu gapi ayni paytda har tup g‘o‘zada o‘rtacha 50-54 ta hosil nishonasi borligi bilan ham o‘z isbotini topdi.

Issiqxonada pomidor, banan, qovun yetishtirilar ekan. Maxsus sovutkich esa ichkaridagi haroratni mo‘’tadillashtirib turibdi. Shu bois bu yerda yozning jaziramasida ham bemalol ishlash, harakatlanish imkoniyati yaratilgan.

— O‘zimiz va Toshkentdagi «Korzinka»larning barchasini shu yerdagi mahsulotlar to‘ldirdi, — deydi Sirdaryo tumani hokimi A.Muhammadiyev. — Asosiysi, yetishtirilayotgan pomidoru qovunning mazasi dalanikidan qolishmaydi. Shu yerning o‘zida o‘nlab kishilar ish bilan ta’minlangan.

Issiqxonadan chiqqach, elektr tokida harakatlanadigan ixcham va qulay mashinalarda hududni aylanar ekanmiz, beixtiyor haydovchilarni kuzataman. Ular o‘zimiznikilar. Kattagina joyni egallab, yaxshigina daromad olayotgan xitoyliklar esa ishbilarmonligi bilan dunyoga dong taratayotganligi rost. Ammo ularda bor aql, mahorat, mehnatsevarlik bizda ham bor-ku. Biror bir xalqni kamsitmagan holda tan olaylik: bardosh­da, mehnatda, sabru qanoatda o‘zbekka yetadigani yo‘q. Shuncha xislatlari bor millatning zaminida qad rostlayotgan korxonalar, ularning sohiblari, barcha ishchi-xodimlari hamda daromadu foydasi ham bir kuni butunlay o‘zimizniki bo‘lishini astoydil orzu qildim…

Muxbirdan chiqqan hokim

Tur davomida Sayxunobod tumani markazidagi bunyodkorlik ishlari, shuningdek, ma’naviyat-ma’rifat, xizmat ko‘rsatishni yuksaltirishga qaratilgan loyihalar bilan tanishdik. Tuman hokimi Botir Mirzaqulov barcha savollarimizga aniq va lo‘nda javob berdi. Hamkasblarimiz hokimning telefon raqamini so‘rash asnosida: «Qo‘rqmang, obuna masalasida be­zovta qilmaymiz» deb hazillashdi. Bunga javoban esa tuman hokimi bir payt­lar, ya’ni o‘quvchilik yillarida o‘zi ham tuman gazetasiga xabar va maqolalar yozganini, tahririyatdan yuboriladigan qalam haqi evaziga «eng boy va obro‘li o‘quvchi» bo‘lganligini faxr bilan tilga olar ekan, matbuot har doim kerakligini, jamiyatdagi muammolarni ko‘rsatish va bartaraf etishda tengsiz minbarligini ta’kidladi.

Sayxun shaharchasida «Sayxun planet» MChJ tomonidan tuman hokimligi ko‘magida qurilgan zamonaviy xizmat ko‘rsatish majmuasi ishtirokchilarda katta qiziqish o‘yg‘otdi. Bu yerda ayni paytda Prezidentimizning 5 muhim tashabbusi doirasida salmoqli ishlar bajarilgan. Xususan, majmuaning birinchi qavatida savdo kompleksi, ikkinchi qavatida esa bolalar o‘yingohi va ikkita jami 80 o‘rinli kinozal ishlab turibdi. Yaqin kunlarda yana davlat xizmatlari, Xalq qabulxonasi o‘z faoliyatini boshlaydi.

Odatda, poytaxtimizda joylashgan ko‘ngilochar markazlarga borib, boshqa joyda bunaqa sharoit bo‘lmasligini, shuning uchun ham aksariyat yurtdosh­larimiz Toshkentga intilishini o‘ylaymiz. «Sayxun planet» yoshlar va savdo markaziga borib esa, bu ishtiboh unchalik haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini anglayman. Negaki, yaratilgan shart-sharoitlar poytaxtimizdagi ko‘ngilochar majmualardan aslo qolishmaydi. Salqin va shinam bino, zamonaviy attraksionlar bolalarga zavq bag‘ishlayapti. Ota-onalar farzandlarining shodon qiyqirig‘iga sherik. Har kuni shunday ekan. Odam gavjum. Ushbu maj­mua «Tashabbus-2019» ko‘rik-tanlovining viloyat g‘olibi Xurshid Sharipov tomonidan bankdan olingan 21,3 milliard so‘m kredit hamda tadbirkorning 14,5 milliard so‘m shaxsiy mablag‘i hisobiga bun­yod etilgan. 28 ta yangi ishchi o‘rniga ega majmua dam olish kunlarisiz ishlaydi.

Tuman hokimining aytishicha, markazda tez kunlarda 5 ta muhim tashabbus doirasida Xotira xiyoboni va zamonaviy «Kitob olami» savdo majmuasi qurilib, foydalanishga topshiriladi.

Ishonchni oqlash mas’uliyati

Ijtimoiy tarmoqlar, OAV orqali ayrim viloyat rahbarlarining majlislarda haqoratomuz so‘zlarni ishlatishi, qo‘l ostidagilarni izza qilishiyu ko‘r-ko‘rona tarzda odamlarning uy-joyi, tadbirkorning do‘konini buzib tashlayotganini ko‘rib, eshitib bezib qolgan ekanmizmi, viloyat hokimi bilan ko‘rishasizlar, deyishganda, ochig‘i, uncha ahamiyat bermadim. Ammo viloyat hokimligining shundoq yonginasida bunyod etilgan muhtasham «Qabullar uyi»da G‘ofurjon Mirzayev media tur ishtirokchilarini juda samimiy qarshi olganidan ajablandim. Axir, viloyat rahbarining vaqti tig‘iz, qurilish-bunyodkorlik ishlari avjida ekan, mutasaddilarni so‘kib, tergab turmasa, ish bitarmidi? Yo‘q, unday emas ekan. Rahbar madaniyatli, ma’rifatli bo‘lsa, hamma o‘z ishini bilib-bilib qilaverarkan. Zotan, biz viloyatning qaysi hududiga bormaylik, buning guvohiga aylanib ulgurgandik ham. Prezidentimizning yuksak ishonchini oqlash, odamlarni rozi qilishga astoydil bel bog‘lagan viloyat hokimining maqolu hikmatlarga bog‘lab aytgan so‘zlarini tinglab, orzu niyatlari, maqsad-muddaolarini eshitib, angladikki, bu insonning gapiga ishonsa bo‘ladi.

— Dastlabki kunlarda ayrimlar: «Olti oyda ishni topshirasan, qiyin» deyishgan edi, — deydi Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev. — Prezidentimizga rahmat, qo‘llab-quvvatladilar. Ilgari viloyatimiz cho‘lga qiyoslanardi. Bugun esa, aksincha, obod maskanga aylanmoqda. «Obod qishloq», «Obod mahalla», «Obod markaz» dasturlari bunda muhim o‘rin tutmoqda. Yana ikki yildan keyin hudud butunlay o‘zgaradi. Biz investitsiya kiritish, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha jiddiy ishlayapmiz. 2-3 yil ilgari 8 ta tuman dotatsiyada edi. Bugun ishni to‘g‘ri tashkil qilganimiz uchun vaziyat o‘zgardi, ya’ni birgina o‘tgan yili davlat byudjetiga 3 milliardga yaqin mablag‘ tushirdik. Bu yil YaIMni 1,5 trillionga yetkazishni mo‘ljallaganmiz. Qolaversa, yil yakuniga qadar 178 million dollar miqdoridagi investitsiya kiritmoqchimiz. Bu boradagi reja dastlabki olti oyda qariyb 60 foizga bajarildi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan jadal qad rostlayotgan «Xovos siti» media tur yo‘nalishining markaziy manzillaridan biri bo‘ldi. Ayni paytda yangi shaharchada 30 ta zamonaviy bino qurilyapti. Xovos tumani hokimining o‘rinbosari Otabek Danaboyevning aytishicha, bu hududda aholiga qulaylik yaratish maqsadida bog‘cha, maktab, tadbirkorlik ob’ektlari ham bunyod etiladi.

«Xovos siti». Xovos tumanidagi 42 gektarlik yerda bunyodkorlik ishlari qizg‘in olib borilayotgan manzil. Ushbu loyihaga asosan mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari, Davlat xizmatlari agentligi, tijorat banklari, turar joylar, maktablar, istirohat bog‘i, xotira maydoni, kutubxona, kitob do‘koni, kinoteatr, dehqon bozori, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurilishi rejalashtirilgan. O‘sha kunlari havo harorati 44-45 daraja issiq bo‘lishiga qaramay, quruvchilarning ishlayotganini ko‘rib, angladikki, o‘z yurtini nurafshon, ko‘ngillarni charog‘on etmoqqa bel bog‘lagan odam uchun etni junjiktiradigan izg‘irinu olov purkaydigan oftobning ta’siri yo‘q ekan. Ular uchun bir maslak muhim: qurish, yashnatish, obod etish.

Ayni kunlarda yangi markazda 30 ta ko‘pqavatli uy qurilyapti. Shundan 20 tasi Xovosda ilk bor qad rostlayotgan 5 qavatli uylarni tashkil etadi. Ularda ikki va uch xonali 760 ta xonadon bo‘lib, shundan 600 tasi arzon uylardir.

Dorilamon kunlar keldi…

Tadbir doirasida Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabida ham bo‘ldik. 150 o‘ringa mo‘ljallangan ushbu maktabga qabul jarayonlari boshlab yuborilgan. Respublikamizda yagona ijod maktabi sifatida bunyod etilayotgan ushbu majmua yoshlarimizning adabiyot borasida bilimlarini oshirish, ilm ufqi keng yoshlar sifatida ulg‘ayishiga xizmat qiladi. Yaqinda ushbu muassasa direktorligiga tayinlangan taniqli shoir Muhammad Ismoilning aytishicha, bu yerda nafaqat Sirdaryo, balki qo‘shni viloyatlardan ham iqtidorli bolalar saboq olishlari mumkin ekan.

«Dorilamon kunlar keldi, shafaqlari ol, bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor» deb yozgan edi bir paytlar Halima Xudoyberdiyeva. Ko‘p yillar ishsizu e’tiborsiz qolsa-da, nolimagan, ammo armonu o‘kinchga to‘la edi shoira qalbi. Bu dil Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning alohida e’tibori tufayli quvonchu baxtiyorliklarga to‘ldi. Bugun esa uning ruhini shod etish maqsadida ulug‘vor ishlar qilinayotgani qad rostlayotgan mana shu maktab misolida ham yaqqol mujassamdir. Bu hurmat, bu e’zoz, iste’dodni asrab-avaylashga qaratilgan bunday xayrli amallar o‘zining shirindan-shirin mevasini ko‘rsatishi muqarrar.

Xalq bilan bo‘l, xalq bilan yasha

«Xalq bilan muloqot», «Davlat idoralarining xalqqa xizmat qilishi», «Odamlarni rozi qilish», «Ishontirish, inontirish…» Bu kabi so‘zlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning jonajon O‘zbekistonni behad sevishi, ezgu niyatli xalqimizni qadrlashi tufayli dildan tilga ko‘chganidan dalolat. Binobarin, ijod ahlining odamlar orasida ko‘proq bo‘lishi ertamizni o‘ylab qilinayotgan ishlarning ko‘lamini, asl mohiyatini targ‘ib etishga xizmat qiladi. O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi o‘rinbosari Xolmurod Salimovning ta’kidlashicha, bundan keyin bu kabi media turlar «Jurnalist va hayot» loyihasi asosida barcha viloyatlarda tashkil etiladi. Demak, xalq bilan muloqot kundalik ishimizga, hayotimiz mazmuniga aylanib boraveradi.

Darvoqe, «Buyuk kelajakni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz», degan ezgu tashabbus ila keyingi ikki yarim, uch yilda birgina Sirdaryo viloyati misolida ro‘y berayotgan o‘zgarish­larni uch-to‘rt betlik maqolada qamrab olish qiyin. Aslida, shu payt­gacha sabr-­qanoat bilan yashab kelgan, bugun esa davlat rahbarining g‘amxo‘rligi, mehridan ta’sirlanib yaxshi kunlarga umidi uyg‘ongan xalqning, oddiy odamlarning yuz-ko‘zidagi quvonch, mamnuniyatni ko‘rib, ular bilan yuzma-yuz suhbatlashish ta’siridan asarlar yozilsa, kitoblar yaratilsa, arziydi.

Aminmizki, shunday kunlar yaqin.

Maqsud JONIXONOV