Qulaylik, tezkorlik: tashuvchilar bunga qachon e’tibor qiladi?

2019-08-14T11:21:11+05:0014 August, 2019|Hafta maqolasi|

Bugun avtomobillar uzog‘imizni yaqin, og‘irimizni yengil qiladigan eng maqbul ko‘makchiga aylanib ulgurdi. Hukumatimiz tomonidan aholiga transport xizmatini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish, yangi-yangi yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ham e’tiborga molik. Ayniqsa, shahar va shahar atrofidagi yo‘nalishlarda avtobuslar qatnovining ortayotgani quvonarli holat. Chunki u yengil mashinalarga qaraganda narx borasida ancha arzon, shu bilan birga, ishonchli va xavfsizligi bilan ajralib turadi. Bu borada Prezidentimizning 2017 yil 10 yanvardagi «Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qanot bergani ham rost.

Shu asosida Qashqadaryo viloyati hokimining ham qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatida 2017-2021 yillarda shaharlar va qishloqlarda avtotransport xizmatlarini yanada rivojlantirish dasturi tasdiqlanib, yo‘lovchilar tashiydigan yangi avtobus yo‘nalishlari tashkil etilishi, shu maqsadda zamonaviy avtobus va mikroavtobuslar sotib olinishi, avtostansiyalar qurilishi va mavjudlari rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilgan.

— Qaror chiqqach, endi shaharda ham avtobuslar qatnovi ko‘payadi, transport tizimi tubdan yaxshilanadi, degan umid tug‘ilgandi, — deydi Qarshi shahridan Gulruh Jo‘rayeva. —Afsuski, unday bo‘lmadi. Ishga kechikmaslik uchun avtobusdan ko‘ra, qimmatroq bo‘lsa-da, yo‘nalishli taksilarni afzal ko‘ramiz.

2018 yil 1 iyulgacha (!) Qarshi shahrida yo‘lovchilar tashish transportida yo‘lkira uchun naqd pulsiz haq to‘lash tizimi joriy qilinishi, to‘xtash bekatlari namunaviy loyihalar bo‘yicha joylashtirilishi, avtobus va mikroavtobuslar ishini masofadan onlayn rejimida (GPS) doimiy kuzatish yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgandi. Ushbu rejalarni amalga oshirish uchun esa oz emas, ko‘p emas, naq bir yarim yil muddat belgilandi. O‘sha muddat ortda qolganiga esa mana bir yildan ham oshdi. Xo‘sh, nima o‘zgardi?

Eski hammom, eski tos

Uzoqni emas, Qarshi shahridagi 1-yo‘nalishli avtobuslarni olaylik. Bu yo‘nalishda avtobuslarning emin-erkin harakatini ta’minlash maqsadida noqonuniy taksichilik bilan shug‘ullanayotgan «Damas»lar faoliyatiga ham chek qo‘yildi. Ammo shuncha imkoniyatu imtiyoz bilan ham avtobuslar qatnovi izga tushib ketmadi. Ularning odam to‘ldirish niyatida sekin harakatlanishidan ko‘pchilikning hafsalasi pir bo‘ldi. Mutasaddilar ham aniq vaqt rejimida harakatlanishni nazorat qila olmadi. Xullas, hali ham eski hammom, eski tos.

Vaholanki, viloyat hokimining qarorida bu boradagi ishlarni ko‘ngildagidek yo‘lga qo‘yish uchun Qarshi shahar hokimligi, Markaziy bank va viloyat moliya boshqarmalari, Avtomobil va daryo transporti agentligi viloyat boshqarmasi (hozirgi viloyat transport boshqarmasi) zimmasiga aniq vazifalar taqsimlab berilgan. Mutasaddilar esa ko‘zga ko‘rinarli o‘zgarishlar qila olishmadi.

O‘rindiqlar sonidan ikki baravar ko‘p yo‘lovchi

— Har haftaning dam olish kunlari ota-onamni ko‘rib kelish uchun Kasbi tumanining Qamashi qishlog‘iga boraman, — deydi Vohid Ahmadov. — Mazkur qishloqqa borish uchun qamashiliklar, asosan, Mirishkor tomon qatnovchi avtobuslar yoki yo‘nalishsiz taksilar xizmatidan foydalanishadi. Men bu safar «Qarshi — Qamashi — Mirishkor — Jeynov — Chandir — Pomuq» yozuvli avtobusga chiqdim. Yo‘lovchilar ko‘p bo‘lgani uchun tezda jo‘nasak kerak, deb o‘ylagandim. Biroq… Avtobusda oyoq bosadigan joy qolmagan, haydovchi esa yo‘lovchi chaqirib, ovozining boricha jar solardi. Bir-ikkita keksa kishilarning «Bolam, shuncha odam olding, hayda-da endi. Avtobusga chiqqanimizga ikki soat bo‘ldi-ya», degan gaplariga pinagini ham buzishmadi. Men ham shoshayotganim uchun soatga qaradim. Roppa-rosa 13:40. Demak, avtobusga chiqqanimga ham bir soatcha bo‘lib qolibdi. Endi yursak kerak, deya haydovchiga iltijoli tikilaman. Nihoyat, oradan yana bir soat o‘tib, 14:45 da avtobus joyidan qo‘zg‘aldi. Bu vaqtga kelib ayrim yo‘lovchilar allaqachon tushib, taksida ketishgan, qolganlarning ham kutaverib sillasi qurigandi.

Ta’kidlab o‘tish joiz, har bir yo‘nalish qatnovi talabgorlarga tender tanlovi asosida beriladi. Bunda ishtirokchilarning salohiyati yo‘nalishda belgilanadigan eng maqbul narxdan tortib, transport vositasining ishlab chiqarilgan yili, o‘rindiqlar soni kabi bir qancha mezonlar asosida baholanadi. Demak, o‘sha yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan tadbirkor tanlovda g‘olib chiqish uchun avtobus o‘rindiqlariga mos tarzda yo‘lovchi tashishini ta’kidlagan. Shundan foyda olishini ham avval hisob-kitob qilgan. Unda nega endi o‘rindiqlar sonidan ikki barobar ko‘p yo‘lovchi olib ham qanoat qilmayapti? Nega unga pul to‘lagan yo‘lovchi manziliga tik turib borishi kerak?

Bunday holatni Qarshi shahrining markaziy ko‘chasida qatnayotgan avtobuslarda ham uchratish mumkin. Ayrim avtobus haydovchilarining ko‘proq yo‘lovchi olish uchun ba’zi o‘rindiqlarni butunlay olib tashlaganiga nima deysiz? Yoshlarku mayli, keksa kishilar, yosh bolali, homilador ayollar manziliga tik oyoqda borishiga nima deysiz? Nega mutasaddilar bunga e’tibor qilishmayapti? Avtobusdagi o‘rindiqlarning tanlovda ko‘rsatilganidan ancha kamligini kim tekshiradi? Axir bu yo‘lovchilar huquqlarini mensimaslik emasmi?

380 ta avtobus aholi xizmatida

Viloyat transport boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2017-2021 yillarda yangi avtobuslar va mikroavtobuslar sotib olish parametrlariga asosan, viloyatda jami 287 ta, shundan 2018 yilda 51 ta avvtobus xarid qilinishi belgilangandi. Prezidentning 2018 yil 28-29 yanvardagi viloyatga tashrifi chog‘ida bergan topshiriqlari va Chiroqchi tumanida o‘tkazilgan yig‘ilish bayoniga asosan, bu raqam 69 taga o‘zgargan.

Shuningdek, «Avtotrans Qarshi» unitar korxonasi tomonidan shu yil aprelida «ISUZU» rusumli 50 dona avtobus keltirilib, Qarshi — Qamashi, Qamashi — Shahrisabz, Qarshi — Koson, Qarshi — Pistali, Qarshi — Hilol yo‘nalishlarida, Qarshi shahridagi Oydin bozoridan Yerqo‘rg‘on bozorigacha, Bog‘oboddan Aral­ovulgacha qatnov yo‘lga qo‘yilgan.

— Hozirgi kunda viloyatda 380 ta avtobus aholiga xizmat ko‘rsatyapti, — deydi viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Ernazarov. — Umumiy ehtiyoj esa 570 tani tashkil etadi. Birgina Qarshi shahrini oladigan bo‘lsak, 1-yo‘nalishda 30 ta, 2-yo‘nalishda 2 ta, 12-yo‘nalishda 20 ta, 6-yo‘nalishda 40 ta avtobus harakatlanadi, jami 92 ta. Agar yana 60 ta avtobus olib kelinsa, shahardagi ehtiyojni qoplasa bo‘ladi.

Agar mutasaddining so‘zlariga tayanadigan bo‘lsak, nega aholi boshqa turdagi transportlarda yurishni ma’qul ko‘rishmoqda. Ularda aniq belgilangan qatnov rejimi yo‘qligi, yo‘lovchi olish va tushirishning faqat belgilangan nuqtalar(bekat)da amalga oshirilmasligi, hatto ba’zi joylarda bekatning o‘zi mavjud emasligini ham bunga asosiy sabab deb ko‘rsatish mumkin.

To‘g‘ri, yengil avtomobil har tomonlama qulay, biroq uning yo‘l haqini hammaning cho‘ntagi ko‘tarmaydi. Bu viloyat markazidagi holat, qishloqlarda esa tongda bir avtobus bo‘ladi, asosan, bozorchilar va talabalar bilan shaharga yo‘l olib, tush vaqti yana shularni olib qaytadi. Bundan boshqa vaqtda avtobusda yurishi haqida gap-so‘z ham bo‘lishi mumkin emas…

Shunisi aniqki, Prezident qarorida ham, shunga asosan, qabul qilingan viloyat hokimining qarorida ham bir maqsad ko‘zlangan: odamlarning og‘irini yengil qilish. Biroq hozirgi vaziyatdan buni ilg‘ash juda mushkul.

Xulosa o‘rnida aytganda, yurtimizda aholining transport xizmatidan foydalanishga ehtiyoji ortgan. Sohada qilinayotgan ishlar esa yo‘lovchilarning o‘z manziliga xatarsiz yetishi, sifatli xizmatdan bahramand bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan. Bunga sharoit yaratuvchi qat’iy tartib-qoidalar belgilangan. Ijrosiga mas’ul ayrim tashkilotlar mutasaddilari esa qachon «tebranadi»?

 

DARVOQE…

2019 yilda viloyatda 4 ta shahar ichi, 4 ta shahar atrofi, 1 ta shaharlararo, jami 9 ta avtobus yo‘nalishi tashkil etilishi belgilangan. Qarshi avto shohbekatidan Shayxaliga, aeroportga, shuningdek, Paxtazor mitti tumani bo‘ylab aylanma harakatli yo‘nalish bo‘yicha ruxsat so‘rab 2018 yil 19 iyulda va takroran 2019 yilda Qarshi shahar hokimligiga xatlar yuborilgan. Lekin shahar hokimligi tomonidan ushbu yo‘nalishlarni ochish to‘g‘risida qaror qabul qilinmagan.

 

Shohista BOZOROVA.

Manba: «Mahalla» gazetasi.