Sirdaryoda yashirin uch sir yoxud O‘zbekistondagi Amerika

2019-08-12T11:47:53+05:009 August, 2019|Umumiy yangiliklar|

«Ilgari odamlar bu yerlarda faqat ishlagani uchungina yashar edi, bugun esa mana shu joylar bilan faxrlanmoqda»

G‘ofurjon Mirzayev, Sirdaryo viloyati hokimi:

«To‘g‘risini aytsam, shu yerga rahbar etib tayin­langanimda ko‘pchilik hamdardlik bildirganday qarashdi menga. Hatto yaqin do‘stlarim ham uzog‘i bilan olti oygacha ishlay olishim mumkinligini, bu juda og‘ir viloyat ekanini, aholisi ham turli hududlardan kelgan terma xalq ekanini aytishdi. Ammo men bu gaplar noto‘g‘riligini isbotlash mumkinligiga ishonardim. Har holda, elning, yurt rahbarining ishonchi bekorga emas. Shularni o‘ylab do‘stlarimga bir gapni aytdim…»

Poytaxt sari yo‘l olgan yoki Toshkentdan qaytayotganlarning aksar qismi Sirdaryo yerlaridan o‘tadi. Balki siz ham har yili bir necha marta o‘tsangiz kerak bu joylardan. Ammo ko‘pchilik bu yerdagi shaharu qishloqlar qiyofasi, bu yerlarda yashayotgan bag‘rikeng insonlar hayoti haqida tasavvurga ega emasligi aniq. So‘nggi yillarda bunyod etilgan kattayu kichik zavod va korxonalar, ishlab chiqarish ob’ektlari Sirdaryoda katta o‘zgarishlar yasamoqda. Bu yerlarda umrguzaronlik qilayotgan odamlar har kuni bir yangilanishga yuz tutmoqda.

O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi tomonidan Sirdaryo viloyatiga uyushtiril­gan media-tur ancha samarali, kutilmagan taassurotlarga boy bo‘ldi. Viloyatdagi o‘zgarishlarning bevosita guvohi bo‘ldik, o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik, odamlar bilan suhbatlashdik. Tan olish kerak, yerlari unumdor bo‘lmagan, zax va sho‘r yillar davomida dehqonlarni sinab kelayotgan, ko‘p sohalarda doimo orqada qolib kelgan sirdaryoliklarning sabriga, irodasiga qoyil qolsak arziydi. Bugun hududning har bir go‘shasiga kirib kelayotgan yangilanish nafasi sezilib turibdi. Ichimlik suv tanqisligi, ichki yo‘llarning abgor holati, uy-joy muammosi, xizmat ko‘rsatish va dam olish maskanlari yo‘qligi, zamonaviy texnologiyalar kirib kelmagani – qo‘yingchi odamlar hayotidagi eng kichik muammolar ham ochiq-oydin aytilib, ular bosqichma-bosqich o‘z yechimini topayotgani quvonchlidir.

Sirdaryo tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan «Sirdaryo universal oyna» MChJ va uning klaster uslibida amalga oshiradigan loyihalari katta iqtisodiy samara berishi kutilmoqda. Korxona ish boshlaganiga endigina bir yildan oshdi. Hozir birgina ushbu hududdagi «Sirdaryo Glass» MChJda mittigina dori shishadan tortib katta hajmdagi bankalargacha ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotlar­ning ko‘p qismi Tojikiston, Qozog‘iston va boshqa qo‘shni mamlakatlarga eksport qilinmoqda. Eksport­ning orqasidan bir yilda 200 ming AQSh dollari kelib turibdi. Qolaversa, mamlakatimizdagi barcha farmatsevtika korxonalariga «Sirdaryo Glass» shisha idishlar yetkazib beryapti. Ilgari shu kichkina dori shisha ham xorijdan falon dollarga sotib olingan-da. Eng muhimi ushbu korxonada 500 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Korxona mutaxassisining aytishicha, ishlab chiqarayotgan mahsulot xom-ashyosi yuz foiz mahalliy­lashtirilgan. Turli qum va toshlar Qashqadaryo, Navoiy viloyatlaridan keltirilsa, yana bir qator zarur xom-ashyoni Qoraqal­pog‘iston yetkazib beryapti.

Shisha idishlar ishlab chiqarish anchagina qiziqarli jarayon. Oqib kelayotgan lava ulkan uskunaga kiradi va bir zuvala lahcha cho‘g‘ ko‘z oldingizda birpasda shisha idishga aylanadi. Qolgani silliqlash, saralash, laboratoriya sinovi va tayyor mahsulot.

E’tiborli jihati korxona ishchilarining aksariyati yoshlar. Shisha idishlarni saralayotgan istaraligina qiz o‘zini Iroda deb tanishtirdi. «Ishim unchalik qiyin emas, ammo ancha-muncha e’tiborni talab qiladi. Agar ozgina e’tiborsizlikka yo‘l qo‘ysam, lentada sifatsiz mahsulot o‘tib ketib qolishi mumkin», – deydi u. Irodaxonning maoshi bilan qiziqdik. «Yomon emas, yetib turibdi. Yana oshiramiz deyishyapti…» dedi kamtarlik bilan. Korxona rahbariyati ishchi-xodimlarni rag‘batlantirishga e’tiborni yanada kuchaytirishiga umid qilib qolamiz.

Yana bir gap. Irodaxon aslida pedegogika kollejini tugatgan, o‘z sohasi bo‘yicha ish topolmagani uchun ham shu yerga ishga kiribdi. Talab o‘rganilmasa, qaysi hududlar uchun ko‘proq qanday mutaxassislik kerakligi chuqur tahlil etilmasa, mana shunday holatlar ko‘zga tashlanaveradi. Avvalo, har bir yoshni eng zarur va talab katta soha bo‘yicha mutaxassis qilib, shu sohada ishlab ketishiga yo‘l ochsakgina uning ham, shu sohaning ham kelajagi uchun nimadir qilgan bo‘lamiz.

«Sirdaryo universal oyna» MChJ kelgusida klaster uslubida Yevropa tipidagi zamonaviy issiqxona tashkil etish, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash hamda konservalash, kvars qumini qayta ishlash, 120 xil turdagi yangi infuzion dori vositalarini ishlab chiqarish kabi istiqbolli loyihalar poydevorini allaqachon qo‘ygan. Yana bir yangilik. Zamonaviy issiqxonada ishlatilgan energeya rusurslaridan foydalanish ko‘zda tutil­gan. Bu atrof-muhitga ortiqcha issiqlikni chiqarishni kamaytirish bilan birga, issiqxonada yetishtiriladigan mahsulotlar tannarxini sezilarli pasaytirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Prezidentining yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish, xotin-qizlar bandligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan besh tashabbusini hayotga tatbiq etish borasida Sirdaryo viloyatida ham katta ishlar qilinyapti. Bugun Sayxunobod xalqi ham ter to‘kib mehnat qilishdan tashqari, zamonaviy xizmat ko‘rsatish markazlaridan foydalanish, kitob o‘qish, oilaviy hordiq chiqarish nima ekanini anglamoqda. «Sayxun planet» majmuasi nafaqat tumanda, balki viloyatda ham yagona desak xato bo‘lmaydi. Ikki qavatli zamonaviy binoning birinchi qavatida turli savdo do‘konlari, oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-ro‘zg‘or buyumlari savdosi qizg‘in. Salqin va orasta majmuaga ko‘pchilik oilaviy kelgan. Sababi ikkinchi qavatda yoshlar, bolalarni ajoyib «syurpriz» kutib turibdi-da. Zamonaviy attraksionlar, turli o‘yin qurilmalari, stol tennisi, shaxmat-shashka, 3D kinoteatr, muzqaymoq va shirinliklar, bir so‘z bilan aytganda, katta shaharlardagidan kam bo‘lmagan qulayliklar sayxunobodlik bolajonlar xizmatida. Mazkur majmuaga baqamti tushgan istirohat bog‘i ham gavjum ekan. E’tiborni tortgani, bog‘ning bir tomonida sho‘x-shodon ashulalar bilan o‘yin-kulgi avjida bo‘lsa, bir tomonida kitoblar savdosi, muk tushib kitob o‘qiyotgan yoshlarni uchratdik.
Mirzaobod tumani yoshlari kompyuterni eng mayda detallarigacha juda yaxshi bilishar ekan. Qanday deysizmi? Sababi tumanda «Raqamli texnologiya­lar va IT tadbirkorlik» o‘quv markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu yerda hali bog‘chaga boradigan bolalardan tortib maktab o‘quvchilarigacha uchratdik. Barisi kompyuterda ishlashni, raqamli texnologiyalar bilan tillashishni o‘rganyapti. Eng muhimi bepul. Faqat shu o‘rinda bir mulohaza. Bolalarning ayrimlari kompyuterda turli o‘yinlar o‘ynash bilan ovora ekan. Albatta, intellektual o‘yinlar kerak, bolalar tafakkurini oshirishga xizmat qiladi ular. Shu bilan birga, dizayn, loyihalash, 3D texnologiya, raqamli ilovalar yaratishni ham esdan chiqarishmasa bo‘lgani. Markazga kuchli ustozlarni, mutaxassislarni jalb etish bilan bunga erishish mumkin albatta.

Xovosda zamonaviy uy-joylar qurilishi jadal kechmoqda. Chunki tumanda necha o‘n yillar davomida e’tibordan chetda qolib, kommunikatsiya va sharoitlari abgor barak uylarda yashab kelayotgan aholining sabr-toqati to‘lgan. Zamonaviy ko‘p qavatli xonadonlarga birinchi navbatda ana shu barak uylarda yashab kelayotgan xonadonlar, uy-joyga muhtoj yosh oilalar, og‘ir turmush sharoitda, uysiz bo‘lgan ayollar ko‘chib kiradi.

– Hozir o‘ttizta ko‘p qavatli uy qurilyapti. Kommunikatsiya tarmoqlari, kanalizatsiya, bolalar maydonchasi, maktabgacha ta’lim muassasasi – hammasi kompleks tarzda bunyod etilmoqda, – deydi Xovos tumani hokimi o‘rinbosari Otabek Donabayev. – Ularning narxi ham imkon qadar pasaytirilgan. Uy-joyga muhtoj bir oila boshlang‘ich to‘lovini to‘lab, qolgan qismini uzoq muddatli kredit asosida olishga qurbi yetadigan darajada narxlar.

Yurtimizda tarixi ming yilliklarga borib taqaladigan maskanlar ko‘p. Yaqin yillarda ularning safi yana bittaga ko‘paysa ajab emas. Xovos tumanidagi qadimiy tepalikda amalga oshirilayotgan arxeologik qazishmalar va bu yerdan topilayotgan osori-atiqalar ana shu ming yilliklardan so‘zlamoqda. Bu ishlarning borishi, noyob topilmalar alohida maqola bo‘ladi.

Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev media-tur ishtirokchilari bilan uchrashuv chog‘ida bir fikrni alohida qayd etdi: «…o‘shanda menga og‘ir va turli joylardan kelgan terma aholisi bor viloyatni boshqarish oson emasligini aytganlarga hazil aralash shunday dedim. Amerikani ham dunyoning turli joylaridan kelgan terma xalq bunyod etgan. Demak, biz ham ikkinchi Amerika bunyod etarkanmiz-da… Albatta bu hazil o‘z yo‘liga, ammo, o‘tgan yillar davomida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Sirdaryo viloyatiga alohida e’tibori va katta yordami bilan hudud butunlay yangi qiyofa kasb etyapti. Tumanlardagi o‘zgarishlarni ko‘ring, odamlarning hayotida bu qanday aks etayotganini ularning o‘zlaridan so‘rang. Albatta kamchiliklarimiz ham, qilishimiz kerak bo‘lgan ishlar ham bisyor. Marhamat, borini yozing, yutuqlarni oshirish, kamchiliklarni yashirish Prezidentimizning bugungi siyosatiga xiyonat bo‘ladi».

Viloyat hokimi haq gapni ayt­di. Balandparvoz gaplar bilan mamlakat, viloyat, hatto kichik bir tuman ham bir qadam oldinga siljimaydi. Faqat va faqat amaliy ish, elni rozi qiladigan harakat bilangina natijaga erishish mumkin. Buning naqadar haqiqat va rost ekanini Sirdaryo viloyatiga amalga oshirgan bir kunlik safarimiz davomida anglab yetdik. Sirdaryo eli bugun uch narsaga – davlatning e’tibor va g‘amxo‘rligidan chetda emasligiga, mehnatlarining rohatini ko‘rayotganiga va shu maskanni chinakam guliston qilish mumkinligiga yurak-yurakdan ishonar ekan. Mana shu jihatlar bu viloyatning yasharish va yangilanishi siri bo‘lsa ajab emas.

Husniddin BERDIYeV.

Manba:«Oila davrasida» gazetasi