Yoshlar ko‘proq telegram kanallarni kuzatmoqdami?!

2019-08-12T11:47:54+05:009 August, 2019|Umumiy yangiliklar|

30 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri ishtirokida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Namangan shahar hokimligi studiyasida ishtirok etdim. Sohamiz rivojiga bag‘ishlangan mazkur yig‘ilishda axborot siyosatiga oid Prezidentimiz va hukumat tomonidan berilayotgan yuksak e’tiboru amalga oshirilajak islohotlar salmog‘idan zavqlanib o‘tirdim. Qariyb 3 soat davom etgan onlayn muloqot davomida «Ommaviy axborot vositalari» so‘zi ming marta ishlatildi-yov.

OAV istiqboli, xususan, ijtimoiy tarmoqlarda blogerlarning chiqishlari, umuman internet jurnalistikasining yutuqlari alohida etirof etildi. Biroq matbuot xizmatlari, bosma nashrlar faoliyati keskin tanqid ostiga olindi. Bu borada vazirlik va idoralar rahbarlari, hokimlar va mutasaddilar mas’uliyatini oshirish yuzasidan ularga qat’iy topshiriqlar berildi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bosh direktori Komil Allamjonov bugungi kunda barcha haqiqiy internet makonini o‘z tanasida his qilayotgani haqida gapirgani diqqatimizni tortdi. Uning hozirda telegram kanallarga alohida e’tibor berish kerak, chunki ko‘pchilik yoshlar yangiliklarni aynan telegramdan o‘qiyotgani, masalan, rahbarlarning o‘zini emotsional tarzda tutgan holatlari aynan telegram kanallarda tarqalayotgani haqidagi ta’kidlari o‘rinli, albatta.

Shunday ekan, bugungi kunda namanganliklar viloyatdagi asosan qaysi telegram kanallarni kuzatishyapti?

Blogerlar va hokimiyat hamda korxona-tashkilotlar axborot xizmatlari tomonidan yuritilayotgan ayrim telegram kanallari haqida qisqacha ma’lumot to‘pladik.

Masalan, viloyat hokimiyatining «Namangan viloyati hokimligi», Namangan shahar hokimligining «Namangancity.uz», Chortoq tumanining «Chortoq_24», Yangiqo‘rg‘on tumanining «Yangikurgan.uz» viloyat TRKning «Namangan viloyati teleradiokompaniyasi», viloyat jinoyat sudining «Jinoyat sudi», viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining «Salomatlik saboqlari», viloyat soliq boshqarmasining «Namangan soliq maslahati», viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining «namanganyhxb_uz», viloyat xalq ta’limi boshqarmasining «@nam_pedagog», Yoshlar ittifoqi viloyat kengashining «Yoshlar» rasmiy telegram kanallari shular jumlasidan. Bundan tashqari, «Namanganliklar.uz» telegram kanali ham borki, uning o‘quvchilari soni nafaqat viloyat, balki respublikada yetakchi o‘rinda turadi (440 mingdan ziyod). «Navbahor» futbol klubining «Muxlislar.uz» telegram kanalining a’zosi ham talaygina. «Vodiymedia.uz», «Namangan24.uz» «Namangantoday.uz» – mustaqil blogerlar tomonidan ochilgan telegram kanallar ham fuqarolarning axborotga bo‘lgan ehtiyojini imkon qadar to‘ldirmoqda. Qolaversa, viloyat ommaviy axborot vositalari xodimlarining «Namangan jurnalistlari» telegram guruhi ham borki, bu yerda eng so‘nggi yangiliklar va ma’lumotlar almashiladi, ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinayotgan materiallar yuzasidan fikr-mulohazalar, bahs-munozaralar bildiriladi.

Har kuni Namangan tumanidan shaharga qatnab ishlayman. Zamonning zaylini qarangki, hatto chekka hududda «Sho‘rqo‘rg‘on qishlog‘i yangiliklari» telegram kanalining mavjudligi quvonarli hol. Chunki xorijda va safar bilan uzoqda yurgan hamqishloqlarimiz uchun bu ayni muddao, sog‘inch taftini biroz bosishga xizmat qilyapti.

Qishloq yangiliklari kanalida arxiv ma’lumotlari, mahallalarda bo‘layotgan o‘zgarishlar, turli marosimlar, faollar va bugungi kun kishilari hayotiga doir fotolar, ko‘ngilochar video va musiqalar, qiziqarli savol-javoblar, e’lonlar va tabriklar, rasmiy xabarlar bilan ishxonada turib tanishaman. Kanal admini bilan suhbatlashganimda a’zolarning eng ko‘pi yoshlardan iborat ekanligini qayd etdi. Yana «Sho‘rqo‘rg‘on xalq kutubxonasi» telegram kanalimiz esa qishloqda yangi ochilgan «Xalq kutubxonasi» tashkilotchilari tomonidan yaratilgan. Unga kitoblarning elektron ko‘rinishlari, kichik hajmdagi ma’naviy-ma’rifiy materiallar qo‘yib boriladi. Shunday qilib, birgina katta va nomdor qishloq ahlining, ayniqsa, kelajak egalari bo‘lmish bolalarning, navqiron yigit-qizlarining mutolaaga ehtiyoji qondirilmoqda, zarur yangiliklar bilan tezkor ta’minlanmoqda, xabardorligi va turli sohalar bo‘yicha savodxonligi, daxrdorligi oshirilmoqda.

Umuman olganda bugun Namanganliklar hamma yo‘nalishlarda peshqadamlik qilmoqda. Bunda esa ijtimoiy tarmoqlar, xususan, telegram kanallarning islohotlar ijrosiga, targ‘ibotiga qo‘shayotgan hissasi alohida. Odamlar shunday internet kanallaridan qiynayotgan savoliga, muammosiga javob topayotgani ham ayni haqiqat.

 

Orifjon JO‘RAYeV,

jurnalist.