Murod Muhammad Do‘stning Feysbukdagi fikrlarini o‘qib…

2019-08-15T11:44:30+05:009 August, 2019|Umumiy yangiliklar|

NIYaTNI YaXShI QILISh KERAK

Bir zamonlar momolarning mo‘’jazgina sandiqchalari bo‘lgan. Tilla taqinchog‘u zebi gardonlari, eng nozik sirlari bitilgan maktublarini shu yerda saqlab, kalitini hech kimga bermay, soch po‘pagiga osib yurgan. Bugun telefon degan zormanda sandiqchadan ham aziz. Dunyoning hamma gapi shunda. Hamma yangiligu muammolar shunda. Bo‘lgan-bo‘lmagan gap-so‘zu oldi-qochdi, mish-mishu siru asror bari shunda.

Ijtimoiy tarmoq degani ­ertayu kech qaynab yotibdi. Kimni kimga arzi, dardi, tilagi bor – ­yozib yotgan joyi. To‘g‘risi, aytadigan, yozadigan gapimiz ham yig‘ilib qolgan ekan-da. Balki, shuning uchun ham, endilikda ijtimoiy tarmoqqa kirib ko‘nglini ochish, fikrini aytish hammaning qo‘lidagi ishga aylanib qoldi. Lekin bu hayotda birdek hammaning qo‘lidan kelavermaydigan, hamma qila olmaydigan ­ish­lar ham bor.

Bu – bevosita hayotda sodir bo‘layotgan yaxshilik, mardlik, fidoyilik bilan bog‘liq amaliy ­ishlardir. Jurnalistlar ijodiy uyushmasi yaqinda 44 nafar yosh jurnalistning turli mavzudagi maqolalaridan iborat “Yosh yurak­lar sadosi” degan to‘plam chiqardi. Unda Mavjuda Sobirboyevaning qoraqalpog‘istonlik yosh jurnalist Furqat Sobirov haqidagi “Furqat oramizda yo‘q, Furqatlar tirik” degan maqolasi ham bor. Maqola qahramoni Furqat kanal yoqalab ketayotganida banogoh ikki o‘smir qiz dod-voy solib, suvga cho‘kayotgani ustidan chiqib qoladi. Kamdan-kam bo‘ladigan bunday holatda kimdir hay-haylab odamlarni chaqirishi, kimdir telefonga tarmashishi mumkin. Furqat ­esa hech ikkilanib o‘tirmay, o‘zini suvga otadi. Ikki qizni ham qirg‘oqqa chiqarib, o‘zi girdob ichra cho‘kib ketadi… Bu hodisa ijtimoiy tarmoqlarda ham keng yoritildi.

Ayni jasorat, haqiqatan, hammaning qo‘lidan keladigan ish ­emas. Bugun, chinakam ma’noda, insoniylik, fidoyilik, odamlarning yaratuvchilik fazilatlari har qachongidan ko‘ra qadrlanayotgan zamonda yashayapmiz.

Tevarak-atrofga bir nazar tashlang. Kecha kirgan ko‘changizni bugun tanimay qolsangiz, ajab­­lanarli joyi yo‘q. Yangi-yangi turar joylar, korxonalar, madaniyat va san’at dargohlari, bog‘lar barpo etilmoqda. Bularning hammasi ­odamlarga qulay turmush va maishiy sharoit yaratib berish, shahar va qishloqlarimizni obodonlash­tirish uchun amalga oshirilmoqda.

Poytaxtimizda barpo etilayotgan “Tashkent Sity” ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otayotgani bejiz emas. O‘zimiznikilarni-ku qo‘yaturaylik, bu yangi qurilish haqida xorijlik mutaxassislar bildirayotgan fikrlar, ayniqsa, ahamiyatlidir.

Misol uchun, nemis arxitektori Peter Knox shunday deb yozadi:

– O‘zbekistonda yangi qurilayotgan binolarning son-sanog‘i yo‘q. Ulardan eng yirigi, bu shubhasiz, “Tashkent Sity”dir. Bu yerda zamonaviy biznes uchun barcha sharoitlar mavjud bo‘ladi. Xalqaro biznes markazi bunga misol. Unda tijorat va savdo uchun hamma sharoitlar yaratiladi (“Gazeta.uz. 2019 yil 23 may).

Roman Osokin (Rossiya) – “Tashkent Sity” loyihasida bevosita ishtirok etgan, loyihalarni boshqarish bo‘yicha ekspert:

– “Tashkent City” loyihasi bu nafaqat O‘zbekistondagi, balki Markaziy Osiyodagi eng ulkan lo­yihalardan biridir (Sputniknews-uz.com. 2018 yil 2 noyabr).

Elena Paskaleva – xalqaro ekspert (Buyuk ­Britaniya):

– “Tashkent Sity” loyihasi xorijiy investitsiyalar, grantlar, texnik yordam, kreditlar va boshqa moliyalashtirish manbalariga tayanadi. Bu sanoat va biznes markazi sakkizta biznes markazi, savdo markazi, kongress zali, mehmonxonalar, restoranlar va madaniy markaz, shuningdek, yuqori qavatli turar joylar qurilishini o‘z ichiga oladi. Toshkentdagi yangi inshootlarning ko‘pchiligi monumental majmualardir. Ushbu binolarning dizayni sayyohlar uchun jozibali (Advantour.com sayti. 2018 yil 28 iyul).

Hazel Plash, yozuvchi, sayyoh (Hindiston):

– Toshkentda juda katta qurilish ishlari olib borilmoqda. Shaharda bir-biridan chiroyli va hashamatli binolar qad ko‘tarmoqda. Toshkent har doim O‘rta Osiyodagi eng chiroyli shaharlardan biri bo‘lib qoladi (Advantour.com sayti. 2018 yil 28 iyul).

O‘zgur O‘zguven (Turkiya) – “Özgüven” shirkati boshqaruv raisi:

– “Tashkent Sity” xalqaro ishbilarmonlik markazidagi yirik loyiha – 215 metrdan ortiqroq balandlikka ega bo‘lib, 50 qavat bo‘lishi kutilmoqda. Toshkent shahrida qurilayotgan osmono‘par bu bino me’morchilik nuqtai nazaridan yangicha qarashlar va noan’anaviy yechimlarni o‘zida aks ettirgan. Biz Markaziy Osiyo va Buyuk ipak yo‘li yuragida joylashgan ushbu loyihada ishtirok etayotganimizdan, turkiyalik ishbilarmonlar o‘z ajdodlarining tarixiy vatani – ota yurtida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik loyihasida qatnashayotganidan mamnunmiz (daryo.uz. 2019 yil 8 iyul).

Sirasini aytganda, bitta imorat tiklash uchun, avvalo, yaxshi niyat kerak, mablag‘ kerak. Undan ke­yin yana bir dunyo narsa kerak: qum kerak, g‘isht kerak, sement kerak, taxta-yog‘och, mix kerak, transport xizmati, logistika, ovqatlanish, maishiy xizmat ko‘rsatish tarmoqlari… Xullas, qurilish uchun butun bir infratuzilma ishlashi lozim. Bu yangi-yangi zavodlar, korxonalar, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari degani, qancha-qancha ish o‘rni degani, davlat xazinasiga qancha-qancha tushum degani, qariyalar uchun pensiya, talabalar uchun stipendiya, ishchilar uchun oylik degani. Bir so‘z bilan aytganda, ­obodlik, aholi turmush farovonligi degani.

Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan qurilish va bunyodkorlik ishlarining ko‘lami va sur’ati ana shu jihatdan, ayniqsa, muhimdir.

Tarixdan ma’lumki, o‘tgan asrning 30-yillarida AQSh prezidenti Franklin Ruzvelt milliy iqtisodiyotni yuksaltirishni aynan qurilishlardan boshlagan. U ijtimoiy muassasalar, davlat va jamoatchilik inshootlari, kommunal xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, yo‘llar, shohko‘chalar va ko‘priklarni barpo etishga katta e’tibor qaratgan.

 

Shu bilan birga, elektr energiyasi ishlab chiqarish, ekologiya va atrof-muhitni asrab-avaylash, ­odamlarni hayotdan rozi qilish borasida ko‘p ishlar amalga oshirilgan. AQSh ulkan qurilishlar maydoniga aylangan.

Bugungi O‘zbekistonimizga – shahar va tumanlardagi bunyodkorlik ishlariga boqib, niyatimiz pokligi, amaliy ishlarimiz ulug‘vorligidan zavq olmaslik, hayratga tushmaslik, shu katta ishlarga yelka tutib bermaslik aslo mumkin emas.

Ko‘ngilda iliq tuyg‘ular uyg‘otuvchi bunday taassurotlardan so‘ng yozuvchi Murod Muhammad Do‘stning Feysbukida 27 iyul kuni e’lon qilingan fikrlarini o‘qish oson emas, albatta. U “Tashkent City” va bosh­qa obodonchilik bilan bog‘liq qurilishlarni nimagadir e’tirof etgisi kelmaydi: “Eshitdimki, Rohatdan nariroqda yana uchta siti – Ekositi, Etnositi va Kinositi qurilarkan. Kinochilar orzu qilgan Kinoakademiya ham o‘sha yerda bo‘larkan. “O‘zbekfilm” atrofida anhorga tutash nechadir gektar bo‘sh yer bor, studiyaning o‘zida 2-3 ta hayhotday pavilon ham bor. O‘shalarni ta’mirlasa, tartibga keltirsa bo‘ladi-ku, deb o‘ylasangiz, xato qilasiz. Unda Kinositi bo‘lmay qoladi. Xullas, mutlaqo yangi Kinositi quramiz.”

Dunyo eshiklari keng ochilgan bugungi hayot har jabhada zamon bilan hamqadam bo‘lishni va rivoj­langan davlatlar qatori mulkni xususiylashtirish, mulkdorlar sa’yi harakatini turmush farovonligini oshirishga qaratish, investitsiyalarni jalb ­etish orqali barcha iqtisodiy dastaklardan samarali foydalanishni taqozo etmoqda. Mamlakat qancha ­obod bo‘lsa, uning xorijiy investitsiyalarni jalb ­etish jozibadorligi ham shuncha oshib borishi ta­yin.

Murod akaning qurilishlarda ro‘y berayotgan qing‘irliklar borasidagi mulohazalari bahslashib-tortishib o‘tiradigan masala emas. Bunday noma’qul ishlarni inkor etib bo‘lmaydi. Qolaversa, har kim qilmish-qidirmishi uchun bu dunyoda ham, u dunyoda ham o‘zi javob beradi. Ammo adolatli gap shuki, bugun eski, omonat binolar o‘rnida yangilari qad rostlamoqda. Odamlar uchun qulay shart-sharoit yaratilmoqda. Axir, o‘zimiz ko‘rdik, O‘zbekistonday buyuk mamlakatning poytaxti bo‘lgan Toshkent o‘rtasidan oqib o‘tadigan anhorning ikki yoni bosh­dan ­oxirigacha bijg‘ib ketgan ekan-ku.

Nazardan pana, nurab-cho‘kib yotgan uylar, bostirmalar qancha ­edi. Mana, bugun o‘sha joylar qanday obod bo‘ldi! Bu salqin va orasta xiyobonlarda shahar ahli, kattayu kichik oilasi, farzandlari bilan sayr qilib, dam olib, ko‘ngil yozayotganini ko‘rganda bunday bunyodkorlik ishlari qanchalik ahamiyatli ekanini yana bir bor chuqur his etasan, kishi.

Ziyolilar hamisha jamiyatni birlashtiruvchi kuch bo‘lib kelgan. Ularning rost, haq so‘zidan odamlar rag‘bat va madad olgan. Ezgulikka yetaklovchi asarlar odamlar fikriga sog‘lomlik baxsh etgan, ko‘nglini pok­lagan. Bugun biz ziyolilar uchun bunyodkorlik ish­laridan zavq va ilhom olishning o‘zi kamlik qiladi. Biz ham yangilanishga, poklanishga muhtojmiz. Ko‘ng­limizda, odamlar qalbida yangicha dunyoqarashga asos­langan “city”larni qancha ko‘p bunyod etsak, hayotimiz shuncha farovon va mazmunli bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Ushbu mulohazalarimni “Tol yog‘och” deb nomlangan to‘rtligim bilan yakunlashni ma’qul topdim:

 

Har tong yaxshi niyat ila ko‘zing och,

Har ishing pok bo‘lsin,

Har so‘zing – raso.

Ne istasak, shundoq bo‘ldi tol yog‘och –

Boltaga dastayu keksaga aso!

Sa’dulla HAKIM,

Manba: “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi

O‘zA