Bunda qancha karvonlarning izi qolgan

2019-08-12T11:47:55+05:008 August, 2019|Umumiy yangiliklar|

Sirdaryo viloyati Mirzacho‘lda joylashgan bo‘lib, u 1963 yilda tashkil etilgan, markazi – Guliston shahri. Viloyatda asosan o‘zbeklar, shuning­dek, qozoq, tojik, rus, koreys va qirqqa yaqin boshqa millat vakillari yashaydi. Tarkibida 8 ta tuman bor. Aholi soni 2019 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, 836,9 ming kishidan iborat.

Izchil islohotlar samarasi

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimizning barcha hududlarida bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi o‘laroq, shahar va qishloqlarimiz yanada ko‘rkamlashib, aholi turmushi farovonlashib boryapti. Sirdaryo viloyatida ham bu borada ko‘plab xayrli ishlar qilindi.

Amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, ishlab chiqarishdagi o‘sishlar va ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar bilan tanishish maqsadida Sirdaryo viloyatida O‘zbekis­ton Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tashabbusi bilan mamlakatimizdagi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida mediatur tashkil qilindi.

Dastlab ishtirokchilar «Sirdaryo» erkin iqtisodiy zonasidagi farmatsevtika va oziq-ovqat sanoati uchun shisha idishlar ishlab chiqarilayotgan «Sirdaryo universal oyna» korxonasi faoliyati bilan tanishdilar. E’tiborga molik jihati shundaki, mazkur korxona ish boshlaganiga ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lsa-da, eksportyor korxonalar safiga kirishga ulgurgan. Shuningdek, ushbu maj­mua mamlakatimizdagi dori-darmon sanoati uchun qadoqlash vositalari ishlab chiqarayotgan yagona korxona bo‘lib, xomashyo sifatida faqat o‘zimizning mahsulotlardan foydalaniladi.

O‘zbekiston–Xitoy qo‘shma korxonasi

Ishlab chiqarish hajmining kattaligi bilan viloyatda alohida o‘rin tutgan «PENG-SHENG» O‘zbekiston–Xitoy qo‘shma korxonasi ham jurnalistlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Bu yerda oyoq kiyimlar, charmdan ishlangan buyumlar, elektron qulflar, keramik plita, santexnika jihozlari kabi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Kafellarning bir qancha xorijiy mamlakatlarga eksport qilinayotgani va charm poyabzal mahsulotlariga bo‘lgan talab ortib borayotgani mazkur korxonaning mamlakatimiz iqtisodiyotida qanchalik muhim o‘ringa ega ekanligini ko‘rsatadi.

Jurnalistlar korxonaga qarashli ko‘rgazma savdo markazida ham bo‘lib, ishlab chiqarilayotgan maxsulotlar bilan tanishdilar. Korxona hududida barpo etilgan «O‘zbekiston–Xitoy do‘stlik bog‘i», 30 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi ham jurnalistlar e’tiboridan chetda qolmadi. So‘lim bog‘ning yonginasida joylashgan, o‘zbek va xitoy bolalari ta’lim olayotgan mazkur maktabgacha ta’lim muassasasida ta’lim-tarbiya o‘zbek, rus, ingliz va xitoy tillarida olib borilar ekan.

«PENG-SHENG» O‘zbekiston–Xitoy qo‘shma korxonasi hududida 150 gektar dala maydoni mavjud bo‘lib, ommaviy axborot vositalari xodimlari u yerdagi paxta dala maydoniga ham tashrif buyurdi. Bu yerda ishtirokchilar tomchilab sug‘orish texnologiyasi asosida parvarishlanayotgan g‘o‘zalarning serhosil ekaniga, har gektaridan kamida 50 sentner hosil kutilayotganiga guvoh bo‘lishdi.

Obodlashayotgan Sayxunobod

Shundan so‘ng mediatur ishtirokchilari Sayxunobod tumaniga yo‘l oldi. Tumandagi bunyodkorlik ishlari, ma’naviyat-ma’rifat, ishlab chiqarish borasidagi ishlar jurnalistlarda katta taassurot qoldirdi. Qizig‘i, Sayxunobod tumanida shu vaqtgacha ko‘p qavatli uylar tugul, ikki qavatli binolar ham bo‘lmagan. Davlatimiz rahbarining tashrifidan so‘ng tuman markazi tubdan yangilanib, kundan-kunga chiroy ochib bormoqda. Markazdagi dehqon bozori yangidan qurildi, eski uylar o‘rnida ikki qavatli zamonaviy turar joylar qad ko‘tardi. Ikki qavatli do‘konlar qurib bitkazildi. Hokimiyat yonida tuman prokuraturasi binosi qurildi. Xotira maydoni qayta ta’mirdan chiqarilib, uning yonida «Kitoblar olami» do‘koni bunyod etildi. Bugungi kunda mazkur do‘kon atrofi kengaytirilib, kitobxonlar uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda.

Jurnalistlar Sayxun shaharchasida joylashgan «Sayxun planet» savdo markazida bo‘lib, aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Tuman hokimligi ko‘magi bilan «Sayxun planet» MChJ tomonidan qurilgan xizmat ko‘rsatish majmuasi shinamligi, zamonaviyligi bilan ajralib turibdi. Mazkur dargohda Prezidentimizning beshta muhim tashabbusi doirasida amalga oshirilgan ishlar ham e’tirof­ga loyiq. Savdo kompleksi, bolalar o‘yingohi, kinozallar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, Davlat xizmatlari agentligi, Xalq qabulxonasi ham faoliyatini boshlash arafasida.

Jurnalistlarni viloyat markazida yangi bunyod etilgan qabullar uyida viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev qabul qildi. Hokim OAV vakillari bu muhtasham binoga qadam ranjida qilayotgan ilk mehmonlar ekanligini ta’kidlarkan, Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusidagi rejalar, xususan, investitsiya kiritish, aholi bandligini ta’minlash kabi masalalarga to‘xtaldi.

— Ilgari Sirdaryo viloyati cho‘lga qiyoslanardi. Bugun esa «Obod qishloq», «Obod mahalla», «Obod markaz» dasturlari doirasida olib borilayotgan ishlar natijasida obod mas­kanga aylandi. Ikki-uch yilcha avval 8 ta tuman ham dotatsiyada edi. Bu yil ishni to‘g‘ri tashkil qilib, vaziyatni o‘zgartirdik, o‘tgan yilning o‘zida davlat byudjetiga 3 milliardga yaqin mablag‘ tushirdik. Bu yil ham yalpi ichki mahsulotni 1,5 trillion so‘mga yetkazishni mo‘ljallaganmiz. Yil yakunigacha 178 million dollar miqdorida investitsiya kiritishni rejalashtirganmiz. Bu boradagi rejalarimiz o‘tgan olti oyda qariyb 60 foizga bajarildi, — dedi viloyat hokimi.

Havas qilsa arzigulik Xovos

Ishtirokchilarning Xovos tumaniga tashrifi, u yerda amalga oshirilgan va oshirilayotgan ishlar bilan tanishuvi ham taassurotlarga boy bo‘ldi. Ular hozirda yangi masjid bunyod etilgan «Xovostepa» tarixiy yodgorligini ziyorat qildilar.

Xovos tumani hokimi R. Boboyev bilan suhbatlashib, qolaversa, mazkur hudud bilan bog‘liq tarixiy manbalarni ko‘zdan kechirib, «Xovostepa» tarixiy yodgorligi to‘g‘risida qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Eski Xovos tepaligi arxeolog olimlar tomonidan 1984 yildan beri o‘rganilmoqda. Olib borilgan tadqiqot natijalari ushbu maskanning eramizdan avvalgi va milodiy I asrlarda paydo bo‘lganligi haqida xulosa chiqarish imkonini berdi. 2003 yildagi arxeologik qazilmalar natijasida bu yerdan ilk yunonlar davri mudofaa devorlari qoldiqlarining topilishi dastlabki ekspeditsiya davrida olingan ma’lumotlarni tasdiqladi. Eski Xovos tepaligi 10–14 metrgacha qazib o‘rganildi. Ko‘hna tepalikdan topilgan istehkom qoldiqlari, hunarmandchilikka oid ashyolar Baqtriya va So‘g‘d yodgorliklaridan qolishmaydi. Eski Xovos tepaligidan topilayotgan arxeologik meteriallar antik davrga oid bo‘lib, ular Xovos Markaziy Osiyodagi yuksak rivojlangan viloyatlardan biri bo‘lgan, degan xulosaga kelish imkonini beradi. Eski Xovos tepaligi topilmalari yana shuni isbotlamoqdaki, bu yerdan Buyuk ipak yo‘lining o‘tganligi tufayli u Farg‘ona, So‘g‘d, Choch, Jizzax va Baqtriya o‘rtasidagi bog‘lovchi bo‘g‘in bo‘lgan. Eski Xovos 2500 yillik tarixga ega.

Shundan so‘ng mehmonlar 42 gektar maydonda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, ya’ni Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilayotgan «Xovos siti»ning qurilish jarayoni bilan tanishishdi. Mazkur hududda kompleks qurilish ishlari loyihalashtirilgan bo‘lib, unga ko‘ra, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari binolari, davlat xizmatlari agentligi, tijorat banklari, turar joylar, maktablar, istirohat bog‘i, xotira maydoni, kinoteatr, kutubxona, masjid, bozor, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurilishi rejalashtirilgan. Yo‘l infratuzilmasi rivojlantirilib, aholi va transport uchun qulayliklar yaratilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytish joizki, Xovos tumanida oxirgi 50 yil davomida birorta ko‘p qavatli uy qurilmagan. Odamlar eski, tor, zax uylarda istiqomat qilishardi. Endilikda shinam va zamonaviy ko‘p qavatli uylar bunyod etilib, aholining turmush sharoitlari bosqichma-bosqich yaxshilanib boryapti. Markazda bunyod etilayotgan 30 ta ko‘p qavatli uyning 20 tasi Xovosda ilk bor qurilayotgan 5 qavatli uylardir. Ularda ikki va uch xonali 760 ta xonadon bo‘lib, shundan 600 tasi arzon uylardir.

Bir zamonlar achinarli ahvolda bo‘lgan, viloyatning jinoyatchilik avj olgan hududlaridan biri sanalgan Xovos tumanida bugungi kunda havas qilsa arzigulik ishlar bajarilyapti. Tez orada barcha qulayliklarga ega bo‘lgan obod va zamonaviy shaharcha paydo bo‘lsa, bu hudud tanib bo‘lmas darajada go‘zalashadi.

Ishtirokchilarning keyingi safari Guliston shahriga bo‘ldi. Shahardagi «Buyuk kelajak» massivida yangi qurilgan ko‘p qavatli uylar ko‘zni quvontiradi. Ushbu 5 qavatli uylardan 30 ta xonadon Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilariga, 30 tasi Milliy gvardiya harbiy xizmatchilariga, 11 tasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlariga va 49 tasi ichki ishlar organlari xodimlariga topshirilgan.

Davlatimiz rahbari joriy yilning fevral oyida Sirdaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Halima Xudoyberdiyeva ijod maktabini tashkil etish taklifini bildirgan edi. Shundan so‘ng Vazirlar Mahkamasining «Guliston shahrida Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqur o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatni tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Tez orada qurilish ishlari boshlab yuborildi. Oradan ko‘p o‘tmay shaharda 150 o‘ringa mo‘ljallangan ko‘rkam bino qad rostladi. Mediatur ishtirokchilari bino bilan tanishib, yaratilgan sharoitlarni ko‘rishdi va yaratilishi ko‘zda tutilayotgan sharoitlar haqida tasavvurga ega bo‘lishdi. Yil oxirigacha mazkur maktab foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Tassurotlar bir olam

Ko‘rib turganingizdek, Sirdaryo viloyati kun sayin gullab, yashnab, chiroy ochib bormoqda. Mediaturga tashrif buyurgan qalam ahli ham zavqu shavqqa to‘lib, olam-olam tassurot oldi. Sirdaryoning ming yillik tarixga ega hududlari ham go‘yo moziydan hikoya qilayotgandek. Shoir Alisher Nur so‘zlari bilan aytganda,

Sen Xovossan, ming yillarni yodga solgan,

Sayxunobod chinorisan o‘yga tolgan,

Beshbuloqsan, ko‘pkarida marra olgan,

Bunda qancha karvonlarning izi qolgan,

Sirdaryosan, Vatan ichra Vatanimsan,

Olam aro tengi yo‘q bir chamanimsan.

Mediatur ishtirokchilari Sirdaryo viloyatidagi islohot odimlari, o‘zgarish va evrilishlar, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus doirasidagi ishlar bilan yaqindan tanishdi. Ulkan bunyodkorlik ishlari, sirdaryolik mehnat ahli muvaffaqiyatlarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishdi. Bu kabi ulkan islohotlar mamlakatimizning barcha hududlarida amalga oshirilyapti. Tashkil etilgan mediaturdan ko‘zlangan maqsad esa ilg‘or tajribalarni o‘rganish va keng targ‘ib etishdir.

Bernora SADIKOVA,

polkovnik.

Manba:«Postda» gazetasi