Endi gazeta o‘qilmaydimi?..

2019-08-12T11:47:57+05:007 August, 2019|Hafta maqolasi, Umumiy yangiliklar|

Kuch – birlikda

Talaba edim. Yozgi ta’til yakunlangach, yotoqxonadan joy olib, darslarga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida vaqtliroq Toshkentga yo‘l oldim. Qadrdon talabalar yotoqxonasi sari oshiqdim. U yerda esa g‘alati manzaraga duch keldim. Bino tashqarisi tumonat odam – talaba qizlar bilan to‘lib ketgan (bu yer qizlar yotoqxonasi edi). Nima gap ekan, deb yaqinroq borsam, komendant bino sentyabr oyining to‘rtinchi sanasidan ochilishini e’lon qilyapti. “Tepa”dan shunday topshiriq olgan emish. Hamma hayron. Nega endi? Axir 28-29 avgustdan ochilar edi-ku! Komendant hech kimni eshitmadi. Biz, qizlar qiy-chuv qilgancha ko‘chada qolaverdik. Biroq hech kim yotoqxona oldidan bir qadam ham siljimas, kechki payt albatta, ruxsat berishadi, degan umid bor edi. Lekin afsuski, kechqurun soat 11 bo‘ldi hamki, birov holing nima deb so‘ramadi. Noiloj, to‘rt-besh dugona birgalashib, shu atrofdagi xonadonlardan boshpana izlashga majbur bo‘ldik. Ertasi kuni yana yotoqxona oldida yig‘ildi. Komendant esa kechagi “plastinkani” qo‘yib yubordi: “To‘rtinchi sentyabrdan ochiladi, vassalom!” Kechgacha kutdik, kutaverdik.

Shu mahal kursdoshlarimizdan biri yotoqxonaga singlisini boshlab kelib qoldi. Bu yigit “Hurriyat” gazetasida ishlar, qalami o‘tkirligi bois “tilga tushgan” edi. –“Nima gap”,-dedi hayron bo‘lib. Vaziyatni aytdik. Komendant bilan gaplashmoqchi bo‘ldi, ichkariga kira olmadi. Ancha paytgacha suhbatlashib o‘tirdi-yu, singlisini yetaklab qaytib ketdi. Biz esa tag‘in kechagi ijara uyga jo‘nadik. Ertalab shu yerdan to‘g‘ri fakultetga yo‘l oldik. Fakultetda negadir hamma besaranjom, allaqanday notinchlik hukm surardi. Negadir dekan, uning o‘rinbosarlari bizdan uzr so‘rayotgandek, “tezroq bo‘linglar, bugunoq istagan xonalaringga joylashasizlar”, degancha tabassum qilar, “yotoqxonaga joylashasizlar, qizlarim”, degan shirin muomala tinmasdi. “Nima gap”, deymiz bir- birimizga qarab… Bizni darsda olib o‘tirishmadi, sudragudek qilib, yotoqxonaga olib ketishdi, tanlagan xonamizdan joy oldik. Lekin nega ularning avzoyi birdan o‘zgarib qolganini hech tushunmasdik. “Sen, jurnalistlar, senlardan chiqdi bu ish”, dedi haligi komendant bizni ko‘rishi bilan tutaqib. “Mening nomimni nega aralashtirdilaring, nima yomonlik qiluvdim. Ana, gazetada yozibsanlar-ku”, derdi u takror-takror. Jurnalistika fakultetida o‘qiydigan kimniki ko‘rsa, “Senga nima yomonlik qiluvdim, mendan biror yomonlik ko‘rdingmi, ayt”, derdi komendantimiz. Komendantimiz gaplaridan rosmana hayron bo‘lganimizni ko‘rgach, qo‘lidagi to‘rt buklangan gazetani ko‘rsatdi: “Mana, ko‘chada qoldik, “Hurriyat”da urib chiqibsizlar-ku meni…” Bilishimizcha, o‘sha kursdoshimiz shu kuniyoq talabalar yotoqxonasidagi vaziyat haqida maqola tayyorlab, bosh muharrirga kiritib bergan, muharrir esa jon deb ertangi songa maqolani joylashtirgan. Ittifoqo,bu mashmasha “yuqori”ga yetib borgan-u, to‘s-to‘polon boshlanib ketgan…..

Ha, ana shunday qudratga ega edi gazeta, kattami, kichikmi, qanday muammo yoritilmasin, bir zumda hal etilardi uning qudrati bilan. Afsuski, bu fikrni o‘tgan zamonda aytishga majburmiz. Zero, bugun bosma nashrlar ana shu qudratini ijtimoiy tarmoqlarga boy berib qo‘ydi. Bugun Xorazmda chodirda yashayotgan odamlaru qashqadaryolik tadbirkorning hokim o‘rinbosarini yoqib yuborganigacha – barcha hodisalar ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoatchilik e’tiborini jalb etayotir. Ha, bir necha yil davomida matbuotga daxli bo‘lmagan korchalonlar o‘z tegirmonini yurgizish maqsadida gazeta-jurnal bozorini rosa qizdirishdi. O‘sha paytlarda urf bo‘lgan jumla bilan aytadigan bo‘lsak, “Bekor qolgan odamki bor, o‘zini gazetachilikka urdi”. Qaysidir hududning qaysidir burchagidagi tuman yoxud mahallada chop etiladigan gazeta ming chaqirim yo‘l bosib, bizgacha yetib keladigan, o‘zimizning nashrlar qolib, ularga obuna tashkil etiladigan bo‘ldi. Katta-kichik, uzuq-yuluq, maqsad-maslagi noayon nashrlar shu darajada ko‘paydiki, bozor-o‘char maqsadida rasta oralab, qay tomonga qarasak, gazeta-jurnalni ko‘radigan bo‘ldik. Buning natijasida gazeta-jurnaldan odamlarning ko‘ngli qoldi. Tahririyatlar har qancha urinishmasin, har qancha tert to‘kishmasin, nashr mavqei, ayniqsa, adadini oshirish mashaqqatga aylandi. Va afsuski, matbuotni bu tariqa bozorga solish yaxshilikka olib bormasligini, uni qadriyat darajasida saqlab qolish zarurligini ko‘pchiligimiz bilar edik. Bila turib, “Och qornim, tinch qulog‘im” qabilida ish tutdik. Ijtimoiy tarmoqlar esa bu pallada otni qamchilab, marrani oldinroq zabt etish harakatiga tushdi. Internet imkoniyatlari oddiy odamlarni ham jurnalistga aylantirdi.

To‘g‘ri, bu jarayonda bosma nashrlardan ham onlaynlashuv talab etildi. Biroq tahririyatlar bunga ko‘p-da e’tibor qaratmay qo‘ydi. Zamon talabiga qarab andoza olish qoidasiga amal qilmadi va natijada mashhur ertakdagidek, “teshik tog‘ora” bilan qoldi. Endi esa bu ulkan axborot bozorida o‘rin topish uchun ancha-muncha mehnat, e’tibor va ta’bir joiz bo‘lsa, mablag‘ talab etiladi. Bu ishlarni amalga oshirishga bosma nashrlarning qurbi yetarmikan, degan savol esa hamon javobsiz qolmoqda. Chunki onlaynlashuv oddiy jarayon emas. Mana, biz bormiz, deb ko‘krak kerayotgan ijtimoiy tarmoq nashrlari tashkil bo‘lguncha va undan keyin to oyoqqa turib olguncha katta mablag‘lar bilan moliyalashtirib turilgani hech kimga sir emas. Ha, kelajak internet bilan bog‘liq ekan, gazetalarni onlaynlashtirishga ertami-kechmi zarurat tug‘ilishi tayin. Ammo unutmaslik kerakki, bu bilan gazeta yo‘qolib ketmaydi, butunlay muomaladan chiqmaydi. Aksincha, ma’lum bir muddat rivojlanish tegirmonida ezilib, yana o‘z qaddini tiklab oladi. E’tibor qaratishimiz lozim bo‘lgan yana bir jihat shuki, ijtimoiy tarmoqlar gazetalar ustidan mag‘zava quyib, bosma nashrlarni boqibeg‘amlikda ayblashni, gazetalar ijtimoiy tarmoqlarning telba-teskari axborot tarqatishini qoralab, bir-biriga choh qazishni bas qilishi lozim. OAVning bahamjihat harakati juda ko‘p muammolarni hal etishga qodir. Jurnalistikada hamjihatlik bo‘lmas ekan, bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilinmas ekan, jamiyatdagi muammolar yechimini topmaydi.

Tasavvur qiling, ijtimoiy tarmoqlar ko‘tarib chiqayotgan katta bir mavzu gazetalarda ham, televideniye va radioda ham bab-baravar yoritilsa, bir bloger ko‘tarib chiqqan mavzuni barcha OAVlar qo‘llab-quvvatlasa, aksincha, matbuot va televideniyeda ko‘tarilgan masalaga ijtimoiy tarmoq nashrlari, blogerlar ham o‘z munosabatini bildirsa, albatta, natija bo‘ladi. Yolg‘iz otning changi chiqmas, changi chiqsa ham dongi chiqmas, degan naql ayni haqiqat. Zero, gazeta, jurnal, radio-televideniye va ijtimoiy tarmoqlarning bari – jurnalistika atalmish onaning farzandlari. Bizga bir tanu bir jon oila kerakmi yoki har kuni otasining yerini talashadigan aka- ukalarmi? Qay biri ko‘proq g‘alabaga erishadi? Kuch – birlikda! Xulosa esa o‘zingizdan.

Dildora IBROHIMOVA,
jurnalist.

Manba: “Buxoronoma” gazetasi