O‘zA xabarlari Xitoyning eng yirik nashrlarida chop etilmoqda

2019-08-12T11:47:57+05:007 August, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘zA — O‘zbekiston Milliy axborot agentligi tomonidan tayyorlangan xabar va tahliliy materiallar bir nechta tillarda dunyoning eng yirik OAVlari orqali ham e’lon qilib borilmoqda.

Jumladan, O‘zbekistonning jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuvi, mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar, boshqaruv tizimi islohotlari, siyosiy jarayonlar haqidagi agentlikning tayyorlagan dolzarb axborotlari dunyo mamlakatlarining yetakchi agentliklari tarmoqlarida, gazeta va jurnallarda muntazam chop etib kelinmoqda. Shulardan biri Xitoyning eng yirik OAVsi hisoblangan “Jenmin jibao“ gazetasidir.

Mamlakatimiz tashqi siyosatida yaqin va hamkor davlatlar bilan iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, madaniy-gumanitar sohalarda ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli sheriklik aloqalarini rivojlantirish ustuvor ahamiyat kasb etadi. Bu O‘zbekiston – Xitoy o‘rtasida tobora rivoj topayotgan ko‘p qirrali va strategik sheriklik munosabatlarida ham o‘z ifodasini topgan.

Bugungi kunda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi ikki tomonlama sheriklik aloqalariga hamohang ravishda Xitoyning yetakchi axborot agentliklari va gazetalari bilan axborot almashish sohasida hamkorlik qilib kelmoqda. Bu O‘zbekiston va Xitoyda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati, xalqlarimiz manfaati yo‘lida erishilayotgan istiqbolli kelishuvlar, ro‘yobga chiqarilayotgan qo‘shma loyihalar, Markaziy Osiyo va xalqaro maydonda ilgari surilayotgan tashabbuslar haqida xolis va ishonchli axborot tarqatish imkonini bermoqda. Bunda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va Xitoyning “Jenmin jibao“ gazetasi o‘rtasida imzolangan bitim muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ushbu hamkorlik doirasida Xitoyning yetakchi nashrlaridan biri “Jenmin jibao“ gazetasi sahifalarida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, xalq manfaatli yo‘lidagi islohotlar natijalari, ikki tomonlama hamkorlikda erishilayotgan marralar haqida turkum materiallar, xususan, O‘zbekiston Milliy axborot agentligida e’lon qilingan maqolalar chop etib kelinmoqda.

“Jenmin jibao“ internet sahifalarida e’lon qilingan “Diplomatik aloqalar – mamlakatni rivojlantirishning muhim sharti“ sarlavhali navbatdagi maqola ham fikrimizga yorqin misol. O‘zA muxbiri maqolada diplomatik munosabatlarning dunyoda tinchlikka erishishdagi ahamiyati haqida so‘z yuritadi. Muallif so‘zining isboti sifatida O‘zbekiston va Xitoyning tarixiy shaharlari o‘rtasida azaldan qaror topgan diplomatik aloqalar, ularning bugungi hayotdagi samaralari xususida fikr bildiradi.

Yana bir maqola mamlakatlarimiz o‘rtasida ta’lim sohasidagi dasturlar ro‘yobi, til o‘rgatishning zamonaviy usullari, ikki xalq o‘rtasidagi ma’rifiy aloqalarga bag‘ishlanadi.

O‘zA manbasiga murojaat qilingan “Jenmin jibao“ saytidagi navbatdagi maqolada esa mamlakatimiz oliy ta’lim va til o‘rgatish markazlari bilan Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi o‘rtasidagi hamkorlik haqida so‘z borgan.

Unda Harakatlar strategiyasi doirasida O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarga xayrixoh sifatida Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan amalga oshirilayotgan tadbirlar, til o‘rgatish bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalari almashish sohasidagi munosabatlar bo‘yicha fikrlar keltiriladi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi sahifalarida ham O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar rivojlanishning bugungi bosqichi kun nuqtai nazaridan kelib chiqib keng yoritib kelinmoqda. “O‘zbekiston va Xitoy yo‘li“ turkumidagi maqolalar, “Xitoylik tadbirkorlar bir nechta investitsiya loyihalarini taklif qildi“, “Xitoyliklarning fidoyiligi bor bo‘lsin!“, “O‘zbekiston OAV vakillari Xitoyning diqqatga sazovor joylari bilan tanishdi“, “Asrlar osha insoniyatni hayratlantirayotgan devor“ kabi sarlavha ostida e’lon qilingan materiallar shular jumlasidan.

Shuningdek, Qozog‘iston Respublikasining yetakchi ommaviy axborot vositalari orqali O‘zbekiston hayotiga oid yangiliklar O‘zA saytidan olinib, mamlakat xalqi va butun dunyoga tarqatayotgani, xususan, Qozog‘istonning yetakchi davlat axborot agentligi hisoblangan “Kazinform” XAA, shuningdek, “Ulus.kz”, Nur.kz internet-portallarida, qator gazeta va jurnallar veb-saytlarida O‘zbekiston hayotiga oid yangiliklar muntazam e’lon qilinmoqda.

“Dunyo” AA