Xitoy televideniyesida o‘zbekistonlik muxbir faoliyat boshlaydi

2019-08-12T11:47:58+05:007 August, 2019|Umumiy yangiliklar|

Avval xabar qilinganidek, shu kunlarda O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari vakillaridan iborat delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turibdi. Delegatsiya a’zolari Xitoy markaziy televideniyesi CCTV faoliyati bilan tanishdi. Uning tarkibiga 16 ta kanal kiradi va ular orasida Xitoyning global telekanallar tarmog‘i CGTN alohida o‘ringa ega.

Delegatsiya a’zolari ushbu tarmoq vakillari bilan muzokaralar olib bordi. Unda O‘zbekiston tomoni bugungi kunda yurtimizda olib borilayotgan yangilanishlar, ommaviy axborot vositalari faoliyatidagi o‘zgarishlar xususida ma’lumot berdi. Qayd etilishicha, hozirda O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijlik muxbirlar orasida aynan Xitoy vakillari ko‘pchilikni tashkil etadi. Xitoyning eng yirik ommaviy axborot vositalari vakillari yurtimizdagi yangiliklarni muntazam ravishda xitoylik mushtariylarga yetkazib turibdi. O‘z navbatida O‘zbekiston vakillari ham doimiy ravishda Xitoyga tashrif buyurib, turli maqolalar, tahliliy sharhlar, yangiliklarni berib bormoqda.

– Hamkorlikni yanada rivojlantirishimiz kerak, – dedi CGTN xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Chen Jiutin. – Biz hozirda Toshkentda o‘z muxbirlik tarmog‘imizni ochish niyatidamiz. Yaqin orada esa o‘zbekistonlik jurnalist Xitoyda, bizning safimizda faoliyatini boshlaydi. Biz ko‘proq yangiliklar berishga ixtisoslashganimiz sababli tezkorlik muhim ahamiyatga ega. Ikki mamlakat ommaviy axborot vositalarining o‘zaro aloqalarni o‘rnatishi esa, aynan birinchi manbadan xabarlarni berish imkonini yaratadi. Biz hozirgacha Markaziy Osiyo, jumladan o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan ko‘p loyihalar doirasida birgalikda ishladik. Misol uchun ShHT rahbarlarining sammitlarida bir-birimiz bilan ma’lumotlar almashish, ular tomonidan tayyorlangan materiallarni bizda, biz tayyorlagan lavhalarni esa hamkorlarimiz telekanallarida namoyish etish tajribasini qo‘lladik. Biz bu hamkorlikni yanada kengayishi tarafdorimiz.

O‘tgan yili CCTVning bir guruh jurnalistlari Farg‘ona viloyatida bo‘lib, turkum ko‘rsatuvlar tayyorlashgandi. Uchrashuv davomida ushbu tasvirga olish guruhiga O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limining maxsus diplomi va esdalik sovg‘asi topshirildi.

Ma’lumot uchun, Xitoy global teletarmog‘i nisbatan yangi mediatashkilot bo‘lib, u Xitoy Markaziy televideniyesi (CCTV) tomonidan 2016 yil 31 dekabrda tashkil etilgan.

Uning asosiy yo‘nalishi turli platformalar orqali xalqaro auditoriyani mamlakat haqidagi axborotlar bilan ta’minlashdan iborat. Hozirda uning Pekin, Vashington, Nayrobida prodyuserlik markazlari ochilgan. CGTN ko‘ptillik va turli shakllarda uzatiladigan ommaviy axborot vositasi sanaladi. Guruh tarkibiga 6 ta televizion kanal, CGTN Digital va CGTN Plus kabilar kiradi. Asosiy yangiliklar kanali ingliz tilida bo‘lib, avvalgi CCTVNEWS o‘rnida faoliyat olib boradi. Bundan tashqari ispan, fransuz, arab va rus tillarida yangiliklar berib boradi.

N.TOShPO‘LATOVA,

Toshkent-Pekin