Haqqoniylik – kasb etikasi

2019-08-12T11:48:00+05:0031 July, 2019|Umumiy yangiliklar|

Bugun media maydonda istalgan hudud yoki davlatga taalluqli ma’lumotni olish muammo emas. Lekin o‘sha ma’lumotlar qay tariqa, kimlar tomonidan tarqatilmoqda? Xolislik darajasi qanday?

Joriy yilning 17 iyul sanasida qabul qilingan O‘zbekis­ton jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi bugun nafaqat mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan OAV vakillari va media ekspertlar, balki keng jamoatchilik muhokamasida turibdi.
Axborot tarqatish odobi, mezonlari azal-azaldan mavjud. Jumladan, jurnalistikada haqqoniylik tushunchasi hech bir zamonda, hech bir mamlakatda va holatda o‘zgarmaydi. Jurnalist yuksak saviyada ijod qilishi mumkin, lekin haqqoniylikka xilof yo‘l tutsa, uning barcha sa’y-harakati chippakka chiqishi muqarrar. Xuddi shu mezon xolislik va aniqlik shartlariga ham bevosita taalluqli.
Haqqoniylik — milliy manfaat — kasb etikasi me’yori triadasi yuzma-yuz kelgan hollarda jurnalistning (yoki sharhlovchining) ijodiy mahorati, mulohaza yuritish uslubi, munosabatini bayon etish ohangi va eng muhimi, uning asl niyati hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Niyati ezgu bo‘lgan jurnalist har qanday vaziyatda milliy manfaatga putur yetkazmagan holda haqqoniylikka qarshi bormaydi.
Nimani ochiq aytish va nimani oshkor etishga shoshilmaslik ham jurnalistdan muayyan tajribani, vazminlikni talab etadi. Aytaylik, jamiyatda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlarni jamoatchilikka yetkazayotgan jurnalist ma’lum ma’noda siyosiy kuch hisoblanadi. Uning talqinida yoritilayotgan voqea keng omma tomonidan qabul qilinar ekan, o‘sha voqea joyida bo‘lmagan kishilar jurnalistning axboroti orqali ma’lum tushunchaga ega bo‘lib, unga ishonadi.
Shu o‘rinda internet imkoniyatlari tufayli vujudga kelgan, tobora ommalasha borayotgan “fuqarolik jurnalis­tikasi” haqida to‘xtalib o‘tish joiz. Axborot etikasi nuqtai nazaridan qaralsa, “fuqarolik jurnalistikasi” jiddiy tashvish tug‘diradi. Har bir shaxs istalgan mavzuda va istalgan vaqtda axborot tarqatish vositalariga ega bo‘lishi butun dunyoda favqulodda erkin muhitni yaratadi. Biroq bu — axborot tarqatgan har qanday shaxs jurnalist degani, jurnalistikani soha, kasb sifatida obro‘sizlantirishga yo‘l qo‘yish mumkin degani emas.

Ijtimoiy tarmoq yoki uyali telefon orqali tarqatilgan har bir xabarni jurnalistikaga taalluqli deb tan olish professional ijodiy jarayon mahsulini kamsitish demakdir. Bu borada professor V.Monaxovning (Rossiya) quyi­dagi so‘zlari har jihatdan to‘g‘ri: “Internetning vujudga kelishi tufayli ommaviy axborot bilan ishlovchi an’anaviy va professional sub’ektlar — jurnalistlar qatoriga ushbu mashg‘ulotning ming­lab va millionlab ishqibozlari kelib qo‘shildilar. Ularning ko‘pchiligi jurnalist kasbining an’analari va normalari haqida zarracha ham tasavvurga ega emas”.
Onlayn nashrlarning axborot tarqatishdagi tezkorligi zamon va davr talabiga mos. Biroq bunday tezkor rejimda faoliyat yuritish ayni elektron nashrlar jurnalistlaridan yuqori professionallikni talab qiladi. Afsus­ki, ulardagi barcha materiallar ham matnning ishlanishi til va uslub jihatdan professional darajada tayyorlanmoqda deya olmaymiz. Bir so‘z bilan aytganda, qalami o‘tkir, o‘z ustida ishlaydigan, izlanuvchan, so‘zni his eta biladigan jurnalist gapni bu tariqa tuzmasligi muqarrar. Uchta so‘zdan iborat sarlavhada bir necha harfiy va stilistik xatoga yo‘l qo‘yilishi ayni noprofessionallik oqibati, xolos. Vaholanki, “O‘zbekiston: so‘nggi xabarlar” deya oddiy va tushunarli yozish uchun katta mahorat ham talab etilmaydi.
Jahon jurnalistikasida xolislik kategoriyasi mustahkam kuchga ega. 1983 yil 20 noyabr kuni Parijda professional jurnalistlarning xalqaro va mintaqaviy tashkilotlari a’zolari tomonidan qabul qilingan “Jurnalistlarning xalqaro etika prinsiplari”ning ikkinchi tamoyilida jurnalistning ob’ektiv reallikka sodiqligi, ya’ni voqea-hodisalarni yoritishda xolislik prinsipini buzmasligi qat’iyan belgilab qo‘yilgan. Demak, hozirgi davrda ham xalqaro media makonda o‘zini professional muxbir deb biladigan har qanday shaxs xolislik kategoriyasiga bo‘ysunishi shart.
Yana bir muhim masala. Afsus­ki, yosh mustaqil davlatlar media imijini shakllantirishning na­zariy asoslari va amaliyotdagi ziddiyatli holatlar kam emas. Boshqacha aytganda, ekspertlar taklif etayotgan nazariy tavsiyalar har doim ham kutilgan natijani bermayapti. Ya’ni hayotdagi ob’ektiv holat ijodiy tarzda shakllantirilayotgan imijni qo‘llab-quvvatlashga yetarli darajada asos bo‘lolmayapti.
Boz ustiga, ob’ektiv holat bilan imij yaratish qiyinchiligi o‘rtasidagi muvozanatni, uyg‘unlikni topishga intilish sezilmayapti, nazarimda. Shu sababdan har qanday holatni, u ijobiymi yoki salbiy — oshkora ommalashtirishda ham, hatto yashirishda ham shoshilmaslik kerak. Taktik nuqtai nazardan axborotni o‘z vaqtida, kerakli miqyosda, imijga moslab (unga putur yetkazmaydigan darajada, kerak bo‘lsa, uni mus­tahkamlaydigan yo‘sinda) tarqatish maromini topish lozim.
Ta’kidlash zarurki:
— globallashuv jarayonlari juda ko‘plab o‘zgarishlar qatori mutlaqo yangi jahon axborot tartibini vujudga keltirdi, bu tartib katta-kichik davlatlarda deyarli barcha sohani, jumladan, axborot va OAV sohasini tubdan isloh etishni taqozo qiladi;
— mamlakatning xalqaro media makondagi imijini ko‘tarish, shakllantirishga doir axborot va xabarlarni har tomonlama sifatli tayyorlash, birinchi nav­batda, har qanday muallifdan yuksak ijodiy mahoratni talab qiladi;
— xorijiy media makonda O‘zbekiston imiji bilan bog‘liq axborot tarqatishda ishni e’tirof etilgan umum etika va kasb etikasining asosiy shartlaridan biri – xolislik talablari asosida tashkil etish maqsadga muvofiq;
— jurnalistlarning kasb etikasi va xolislik me’yorlari on-layn jurnalistika mutaxassislariga ham bevosita daxldorligi unutilmasligi darkor.
Mazkur fikr-mulohazalardan kelib chiqib, O‘zbekiston jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi bo‘yicha quyidagi takliflarni ilgari suramiz:
• Kodeksning 8-bo‘limida plagiat kabi dolzarb masalaga alohida e’tibor qaratilgani yaxshi, albatta. Bas shunday ekan, ayni paytda uni ta’minlashning texnik tomonlarini ham o‘ylashimiz lozim. Ya’ni o‘zbek tilidagi jurnalistik matnlarni plagiatga tekshiruvchi dasturlarni takomillashtirish va ularni ochiq internet kanallariga joylashtirishimiz lozim;
• O‘zbekiston jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi mamlakatimizda jurnalistika o‘quv yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat olib borayotgan barcha oliy ta’lim muassasalari o‘quv das­turlarini to‘liq qamrab olinishi hamda talabalar, ya’ni bo‘lg‘usi jurnalistlar tomonidan atrof­licha o‘rganilishi kerak;
• Nazarimizda kodeksning tegishli qismiga “asossiz balandparvoz so‘zlarni ishlatish, haddan ziyod maqtovlarga berilish, maddohlik va yaltoqlik elementlariga chek qo‘yish kerak”ligini ham kiritib o‘tish kerak;
• “Milliylik va milliy ma’naviyat” nomli 6-moddaga “jurnalist mamlakatning axborot makondagi nufuziga, uning media imijiga putur yetkazmaydi” deb qo‘shimcha kiritish.

Jurnalist kasbining o‘ziga xosligi, bir qarashda ilg‘ash qiyin bo‘lgan nozik talab hamda tamo­yillari borki, biz o‘zimiz aytayotgan so‘zning haqqoniyligi va yeyayotgan oshimizning halol ekanligiga har doim ishonch hosil qilib yashashimiz kerak.

Beruniy ALIMOV,
O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti dotsenti, filologiya fanlari
bo‘yicha falsafa doktori.

Manba:« Yoshlar ovozi» gazetasi