OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI TO‘G‘RISIDA (yangi tahriri)

2019-08-12T11:48:05+05:0031 July, 2019|Sohaga oid qonunlar|

O‘zbekiston Respublikasining Qonuni

OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI TO‘G‘RISIDA

(yangi tahriri)

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Oldingi tahrirga qarang.

Ushbu Qonunning maqsadi ommaviy axborot vositalarining faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

(1-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 18 apreldagi O‘RQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2018 y., 03/18/476/1087-son)

2-modda. Ushbu Qonunning qo‘llanilish sohasi

Ushbu Qonun O‘zbekiston Respublikasida tashkil etiladigan va faoliyat ko‘rsatadigan ommaviy axborot vositalariga, shuningdek chet davlatlar ommaviy axborot vositalariga ular mahsulotining O‘zbekiston Respublikasi hududida tarqatilishiga taalluqli qismiga nisbatan tatbiq etiladi.

3-modda. Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari

Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

4-modda. Ommaviy axborot vositalari

Oldingi tahrirga qarang.

Ommaviy axborotni davriy tarqatishning doimiy nomga ega bo‘lgan hamda bosma tarzda (gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar va boshqalar) va (yoki) elektron tarzda (tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlar, Internet jahon axborot tarmog‘idagi veb-saytlar) olti oyda kamida bir marta nashr etiladigan yoki efirga beriladigan (bundan buyon matnda chiqariladigan deb yuritiladi), qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan shakli hamda ommaviy axborotni davriy tarqatishning boshqa shakllari ommaviy axborot vositasidir.

(4-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 18 apreldagi O‘RQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2018 y., 03/18/476/1087-son)

O‘zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalari o‘z faoliyatini «Davlat tili haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq amalga oshiradi.

5-modda. Ommaviy axborot vositalarining erkinligi

Oldingi tahrirga qarang.

O‘zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalari erkindir.

Har kim, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ommaviy axborot vositalarida chiqish, o‘z fikri va e’tiqodini oshkora bayon etish huquqiga egadir.

Davlat ommaviy axborot vositalarining faoliyati va axborotdan foydalanish erkinligini, mulk huquqini, davlat organlarining g‘ayriqonuniy qarorlaridan, ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlaridan (harakatsizligidan) himoya qilinishini kafolatlaydi. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish taqiqlanadi.

Ommaviy axborot vositalari qonun hujjatlariga muvofiq axborotni izlash, olish, tadqiq etish, tarqatish, undan foydalanish, uni saqlash huquqiga ega hamda tarqatilayotgan axborotning xolisligi va ishonchliligi uchun belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

(5-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 18 apreldagi O‘RQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2018 y., 03/18/476/1087-son)

Oldingi tahrirga qarang.

51-modda. Ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash

Davlat ommaviy axborot vositalarini quyidagi yo‘llar bilan qo‘llab-quvvatlashi mumkin:

soliqlar hamda boshqa majburiy to‘lovlar va tariflar bo‘yicha imtiyozlar hamda preferensiyalar berish;

davlat subsidiyalari, davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmalari tizimi orqali moliyaviy qo‘llab-quvvatlash;

moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

tahririyatlar xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash;

ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari faoliyatini tashkil etish;

tahririyatlar xodimlarini tayyorlashga, qayta tayyorlashga va ularning malakasini oshirishga ko‘maklashish.

Ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashdan ommaviy axborot vositalarining mustaqil kasbiy faoliyatini cheklab qo‘yish uchun foydalanilishi mumkin emas.

(51-modda O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 18 apreldagi O‘RQ-476-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2018 y., 03/18/476/1087-son)

6-modda. Ommaviy axborot vositalari erkinligini suiiste’mol qilishga yo‘l qo‘yilmasligi

Ommaviy axborot vositalaridan:

O‘zbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vat qilish;

urush, zo‘ravonlik va terrorizmni, shuningdek diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalarini targ‘ib qilish;

davlat siri bo‘lgan ma’lumotlarni yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni oshkor etish;

milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atuvchi axborot tarqatish;

agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni targ‘ib qilish;

LexUZ sharhi

Qarang: O‘zbekiston Respublikasi «Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida»gi Qonunining 34-moddasi.

pornografiyani targ‘ib etish;

qonunga muvofiq jinoiy va o‘zga javobgarlikka sabab bo‘ladigan boshqa harakatlarni sodir etish maqsadida foydalanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini yoki ishchanlik obro‘sini tahqirlash, shaxsiy hayotiga aralashish taqiqlanadi.

Prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchining yozma ruxsatisiz surishtiruv yoki dastlabki tergov materiallarini e’lon qilish, muayyan ish bo‘yicha sud qarori chiqmasdan turib yoki sudning qarori qonuniy kuchga kirmay turib, uning natijalarini taxmin qilish yoxud sudga boshqacha yo‘l bilan ta’sir ko‘rsatish taqiqlanadi.

7-modda. Senzuraga yo‘l qo‘yilmasligi

O‘zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini senzura qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. E’lon qilinayotgan xabarlar va materiallar oldindan kelishib olinishini, shuningdek ularning matni o‘zgartirilishini yoki butunlay nashrdan olib qolinishini (efirga berilmasligini) talab qilishga hech kimning haqi yo‘q.

2-bob. Ommaviy axborot vositalari faoliyatini tashkil etish

8-modda. Ommaviy axborot vositasini ta’sis etish huquqi

O‘zbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari ommaviy axborot vositalarini ta’sis etish huquqiga egadirlar.

Ommaviy axborot vositasi bir nechta muassis tomonidan ham ta’sis etilishi mumkin.

Quyidagilar ommaviy axborot vositasining muassisi (bundan buyon matnda muassis deb yuritiladi) bo‘lishi mumkin emas:

o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxs;

qasddan sodir etgan jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan yoxud sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxs;

faoliyati qonun bilan taqiqlangan nodavlat notijorat tashkiloti.

LexUZ sharhi

Batafsil ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 57-moddasi va «O‘zbekiston Respublikasida Jamoat birlashmalari to‘g‘risida»gi Qonunning 3-moddasi.

Ustav fondida chet el investitsiyalarining ulushi o‘ttiz va undan ortiq foizni tashkil etgan yuridik shaxslar tomonidan ommaviy axborot vositalari ta’sis etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

9-modda. Ta’sis hujjatlari

Ommaviy axborot vositasining ta’sis hujjatlari ta’sis shartnomasi va ommaviy axborot vositasi tahririyatining (bundan buyon matnda tahririyat deb yuritiladi) ustavidan (nizomidan) yoki faqat tahririyatning ustavidan (nizomidan) iboratdir.

10-modda. Ta’sis shartnomasi

Ta’sis shartnomasi bir nechta muassis o‘rtasida tuziladi.

Ta’sis shartnomasida quyidagilar nazarda tutiladi:

muassislarning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi) va joylashgan yeri (pochta manzili);

ta’sis etilayotgan ommaviy axborot vositasining turi, nomi, tili, maqsadi, ixtisoslashuvi va davriyligi;

tahririyatning tashkiliy-huquqiy shakli;

tahririyatning ustav fondi miqdori va shakllantirish tartibi;

tahririyatni moliyalashtirish manbalari;

muassislarning tahririyat faoliyatida ishtirok etishga doir huquq va majburiyatlari;

tahririyatning boshqaruv organlarini shakllantirish tartibi;

foydani taqsimlash va zararlarning o‘rnini qoplash tartibi;

ommaviy axborot vositasi chiqarilishini to‘xtatib turish yoki tugatish tartibi;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa shartlar.

11-modda. Tahririyat ustavi (nizomi)

Tahririyat qonun hujjatlariga muvofiq qabul qilingan va muassis tomonidan tasdiqlangan ustav (nizom) asosida faoliyat ko‘rsatadi.

Tahririyat ustavida (nizomida) quyidagilar belgilanadi:

ommaviy axborot vositasining turi, nomi, tili, maqsadi, ixtisoslashuvi, davriyligi va hajmi;

tahririyatning joylashgan yeri (pochta manzili);

muassis va tahririyatning huquq hamda majburiyatlari;

tahririyatni moliyalashtirish manbalari;

tahririyatning boshqaruv organlarini shakllantirish tartibi;

foydani taqsimlash va zararlarning o‘rnini qoplash tartibi;

ommaviy axborot vositasi chiqarilishini to‘xtatib turish yoki tugatish asoslari va tartibi;

tahririyatni qayta tashkil etish va tugatish tartibi;

ustavni (nizomni) qabul qilish va unga o‘zgartishlar kiritish tartibi;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa qoidalar.

12-modda. Muassis va tahririyat o‘rtasidagi shartnoma

Muassis va tahririyat o‘rtasidagi shartnomada quyidagilar belgilanadi:

muassis va tahririyatning huquq hamda majburiyatlari;

ommaviy axborot vositasini tayyorlash va chiqarish shartlari;

tahririyat faoliyatini moliyalashtirish tartibi;

tahririyat xodimlarining ishlab chiqarish va ijtimoiy-maishiy mehnat sharoitlarini tashkil etish tartibi;

uchinchi shaxslar bilan o‘zaro munosabatlar tartibi;

taraflarning javobgarligi;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa shartlar.

Agar muassis va tahririyat sifatida bir shaxs ish yuritsa, shartnoma tuzish talab etilmaydi.

13-modda. Muassisning huquqlari

Muassis:

ommaviy axborot vositasining ro‘yxatda qayd etilgan nomidan foydalanish va uni tasarruf etish;

tahririyatning boshqaruv organlarini shakllantirishda ta’sis shartnomasi, tahririyat ustavi (nizomi) va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishtirok etish;

foydani taqsimlashda va zararlarning o‘rnini qoplashda ishtirok etish;

eng katta hajmi va chiqariladigan muddati tahririyat ustaviga (nizomiga) yoki muassis va tahririyat o‘rtasidagi shartnomaga muvofiq belgilanadigan, reklama tusida bo‘lmagan xabar yoki materialni o‘z nomidan ommaviy axborot vositasida bepul joylashtirish;

tahririyatning faoliyati tugatilgan taqdirda, kreditorlar bilan hisob-kitob qilinganidan keyin qolgan mol-mulkni yoki uning qiymatini qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda olish huquqiga ega.

Muassis qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

14-modda. Muassisning majburiyatlari

Muassis:

tahririyatni tashkil etishi;

tahririyat ustavini (nizomini) tasdiqlashi;

tahririyat bilan shartnoma tuzishi;

ommaviy axborot vositasining chiqarilishini ta’minlashi;

ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlashi;

muassisning ustav fondi o‘zgarganligi haqida, agar ustav fondida chet el investitsiyalari ulushi ushbu Qonun 8-moddasining to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan chegaradan ortib ketgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan vakolatli davlat organini (bundan buyon matnda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ deb yuritiladi) xabardor etishi shart.

LexUZ sharhi

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 30 dekabrdagi 1038-son qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi to‘g‘risida»gi Nizomga muvofiq O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi ommaviy axborot vositalari, axborotlar almashish, matbuot, noshirlik, matbaachilik faoliyati hamda davriy nashrlarni tarqatish sohasida davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish borasidagi vazifalarni hal etish uchun vakolat berilgan davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

Muassisning zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

15-modda. Tahririyat

Tahririyat ommaviy axborot vositasining chiqarilishini amalga oshiruvchi yuridik shaxs yoki yuridik shaxsning tarkibiy bo‘linmasidir.

Tahririyat qonun hujjatlarida nazarda tutilgan har qanday tashkiliy-huquqiy shaklda tashkil etilishi mumkin.

Tahririyat o‘z kasb faoliyatida mustaqildir.

Tahririyat bosh muharrir va tahririyat xodimlaridan iborat bo‘lishi mumkin.

Tahririyat ommaviy axborot vositasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin o‘z faoliyatini boshlashi mumkin.

Tahririyat faoliyatini moliyalashtirish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

LexUZ sharhi

Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 8 noyabrdagi 232-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish sohasida beg‘araz ko‘makni jalb etish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom.

16-modda. Bosh muharrir

Bosh muharrir muassis tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.

Bosh muharrir tahririyatga rahbarlik qiladi, ommaviy axborot vositasining chiqarilishi to‘g‘risida qaror qabul qiladi va uning faoliyati uchun qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladi.

Qonun hujjatlari va ta’sis hujjatlariga muvofiq bosh muharrir ommaviy axborot vositasining muassisi, tarqatuvchisi, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari hamda boshqa yuridik va jismoniy shaxslar bilan munosabatlarda, shuningdek sudda tahririyat nomidan ish yuritadi.

17-modda. Tahririyat xodimi

Tahririyat shtatida turgan, materiallarni to‘plash, tahlil, tahrir qilish hamda tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi shaxs tahririyat xodimidir.

18-modda. Ommaviy axborot vositasining chiqarilishiga doir ma’lumotlar

Har bir davriy nashrning chiqarilishida quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi shart:

davriy nashrning nomi;

davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanasi va raqami;

muassisning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi);

bosh muharrirning familiyasi, ismi, otasining ismi;

har bir davriy nashr chiqarilishi uchun mas’ul bo‘lgan tahririyat xodimining familiyasi, ismi, otasining ismi;

tartib raqami va chiqarilgan sanasi, davriy bosma nashrlar uchun esa bosishga ruxsat berilib, imzo qo‘yilgan vaqt (jadvalda belgilangani va amaldagisi);

davriy bosma nashrlar uchun — indeksi, adadi, bahosi yoki «Kelishilgan narxda», «Bepul» degan yozuvlar;

tahririyat va bosmaxonaning joylashgan yeri (pochta manzili).

Oldingi tahrirga qarang.

Davriy bosma nashrning elektron shaklida quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak:

davriy nashrning nomi;

davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning sanasi va raqami;

muassisning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi);

bosh muharrirning familiyasi, ismi, otasining ismi;

indeks, tahririyatning joylashgan yeri (pochta va elektron manzili).

(18-modda O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 18 apreldagi O‘RQ-476-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2018 y., 03/18/476/1087-son)

Tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlarga va ommaviy axborotni davriy tarqatishning boshqa elektron shakllariga doir ma’lumotlar qonun hujjatlari bilan belgilanadi.

3-bob. Ommaviy axborot vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish

19-modda. Ommaviy axborot vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi

Ommaviy axborot vositasi ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi (bundan buyon matnda ro‘yxatdan o‘tkazish deb yuritiladi). Ommaviy axborot vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

LexUZ sharhi

Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 11 oktyabrdagi 214-son qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom.

Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga belgilangan tartibda muassis tomonidan beriladi.

Oldingi tahrirga qarang.

Muassisning ommaviy axborot vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizasi ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan o‘n besh kunlik muddatda ko‘rib chiqilishi kerak.

(19-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 18 apreldagi O‘RQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2018 y., 03/18/476/1087-son)

Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatdan o‘tkazganlik hamda qayta ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va miqdorlarda ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘imi olinadi.

LexUZ sharhi

Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 11 oktyabrdagi 214-son qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomga 1-ilova.

20-modda. Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza

Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizada quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:

muassis to‘g‘risidagi ma’lumotlar;

ommaviy axborot vositasining nomi, tili va turi;

maqsad va vazifalari;

ixtisoslashuvi;

tarqatilish hududi;

davriyligi;

moliyalashtirish manbalari;

tahririyatning joylashgan yeri (pochta manzili) va tahririyat to‘g‘risidagi boshqa ma’lumotlar;

hajmi;

muassis va tahririyat boshqa qaysi ommaviy axborot vositalariga nisbatan muassis, ishonchli boshqaruvchi, noshir, tarqatuvchi ekanligi haqidagi (barcha affillangan shaxslarning va ulardan har birining tahririyat ustav fondidagi ulushi miqdorlari ko‘rsatilgan) ma’lumotlar.

Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizaga ommaviy axborot vositasining ta’sis hujjatlari ilova qilinadi.

Agar muassis bitta shaxsdan iborat bo‘lsa, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga taqdim etiladigan ommaviy axborot vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizaga faqat tahririyat ustavi (nizomi) ilova qilinadi.

Oldingi tahrirga qarang.

Internet jahon axborot tarmog‘idagi veb-sayt ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan taqdirda veb-saytning domen nomi ko‘rsatiladi, bunda ushbu modda birinchi qismining oltinchi va o‘ninchi xatboshilarida nazarda tutilgan ma’lumotlarni taqdim etish talab qilinmaydi.

(20-modda O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 18 apreldagi O‘RQ-476-sonli Qonuniga asosan to‘rtinchi qism bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2018 y., 03/18/476/1087-son)

Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatdan o‘tkazishda ushbu moddada nazarda tutilganidan boshqa talablar qo‘yish taqiqlanadi.

Ushbu modda birinchi qismining ikkinchi—beshinchi xatboshilarida, shuningdek ikkinchi qismida ko‘rsatilgan ma’lumotlar va hujjatlarga ommaviy axborot vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganidan so‘ng o‘zgartishlar kiritilgan taqdirda, u belgilangan tartibda qayta ro‘yxatdan o‘tishi shart. Qolgan hollarda muassis yoki tahririyat kiritilgan o‘zgartishlar to‘g‘risida ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organni bir oy muddatda yozma shaklda xabardor qilishi shart.

LexUZ sharhi

Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 11 oktyabrdagi 214-son qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 12-bandi.

21-modda. Ro‘yxatdan o‘tkazilmaydigan ommaviy axborot vositalari

Quyidagilarning ro‘yxatdan o‘tkazilishi talab etilmaydi:

faqat o‘z rasmiy xabarlari va materiallarini, shuningdek normativ-huquqiy hujjatlarini e’lon qilish uchun davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan ta’sis etiladigan ommaviy axborot vositalari;

korxona, muassasa, tashkilotning (shu jumladan o‘quv va ilmiy muassasaning) o‘z ehtiyojlarini qondirish uchun adadi yuztagacha nusxada chop etiladigan davriy bosma nashrlar;

kabel tarmoqlari orqali olib beriladigan (ko‘rsatiladigan) tele-, radio-, video, kinoxronikal dasturlar, shuningdek tarqatilishi bir korxona, muassasa, tashkilot (shu jumladan o‘quv va ilmiy muassasa) binosi va (yoki) hududi bilan cheklanadigan audio-, audiovizual xabar va materiallar.

22-modda. Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish

Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish quyidagi hollarda rad etilishi mumkin:

ommaviy axborot vositasining maqsad va vazifalari qonun hujjatlariga zid bo‘lsa;

ommaviy axborot vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza ushbu Qonunga muvofiq ommaviy axborot vositasini ta’sis etish huquqiga ega bo‘lmagan yuridik yoki jismoniy shaxs nomidan berilgan bo‘lsa;

ommaviy axborot vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizada ko‘rsatilgan ma’lumotlar haqiqatga mos kelmasa;

bundan avval aynan bir xil yoki adashtirib yuborish darajasida o‘xshash nomdagi ommaviy axborot vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa.

Oldingi tahrirga qarang.

Ommaviy axborot vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish rad etilgan taqdirda, qaror chiqarilgandan keyin bir kun ichida arizachiga yozma shaklda, shu jumladan axborot tizimi orqali elektron shaklda bildirish yuboriladi (topshiriladi), unda rad etish sabablari, shuningdek arizachi ko‘rsatilgan sabablarni bartaraf etib, hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish uchun taqdim etishi mumkin bo‘lgan muddat ko‘rsatiladi.

(22-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 18 apreldagi O‘RQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2018 y., 03/18/476/1087-son)

Muassis ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning ommaviy axborot vositasini ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish to‘g‘risidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilishi mumkin.

23-modda. Ommaviy axborot vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani haqiqiy emas deb topish

Ommaviy axborot vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma faqat sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Ommaviy axborot vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning soxta hujjatlardan foydalanilgan holda olinganligi ommaviy axborot vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani haqiqiy emas deb topish uchun asos bo‘ladi. Bunda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ ommaviy axborot vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani haqiqiy emas deb topish haqidagi ariza bilan sudga murojaat qilishi shart.

Ommaviy axborot vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani haqiqiy emas deb topish haqidagi ma’lumot ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishi kerak.

24-modda. Ommaviy axborot vositasining chiqarilishini to‘xtatib turish yoki tugatish

Ommaviy axborot vositasining chiqarilishini to‘xtatib turish yoki tugatish ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning arizasi asosida sudning qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi.

Muassis ommaviy axborot vositasining chiqarilishini tahririyat ustavida (nizomida) yoki muassis va tahririyat o‘rtasida tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan hollarda hamda tartibda to‘xtatib turish yoki tugatishga haqlidir.

Oldingi tahrirga qarang.

Muassis ommaviy axborot vositasining chiqarilishini to‘xtatib turish yoki tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilinganidan keyin o‘z qarori haqida ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organni uch kun ichida yozma shaklda, shu jumladan axborot tizimi orqali elektron shaklda xabardor etishi shart. Mazkur xabarnoma ushbu ommaviy axborot vositasi chiqarilishining to‘xtatib turilishi yoki tugatilishidan oldingi so‘nggi chiqarilishlaridan biriga joylashtirilishi kerak.

(24-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 18 apreldagi O‘RQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2018 y., 03/18/476/1087-son)

Ommaviy axborot vositasining chiqarilishini sud qaroriga ko‘ra to‘xtatib turish ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan tahririyatga nisbatan chiqarilgan ogohlantirishga sabab bo‘lgan qonun hujjatlari buzilishi takroriy yozma ogohlantirishdan keyin bir oy ichida bartaraf etilmagan taqdirda amalga oshiriladi.

Ommaviy axborot vositasining chiqarilishini qayta boshlash ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ aniqlagan qonun hujjatlari buzilishlari bartaraf etilganligini tasdiqlovchi ma’lumotlar muassis va (yoki) tahririyat tomonidan sudga taqdim etilganidan keyin sud qaroriga asosan amalga oshiriladi.

Ommaviy axborot vositasining chiqarilishini tugatish to‘g‘risida sud tomonidan qaror chiqarish uchun quyidagilar asos bo‘lishi mumkin:

ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablari tahririyat tomonidan muntazam ravishda buzib kelinganligi, bu haqda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan muassis va (yoki) tahririyat nomiga ilgari yozma ogohlantirishlar yuborilganligi;

sudning ommaviy axborot vositasini chiqarishni to‘xtatib turish haqidagi qarori bajarilmaganligi;

ommaviy axborot vositasining olti oydan ziyod vaqt mobaynida chiqarilmaganligi;

qonun hujjatlarida belgilangan boshqa hollar.

Ommaviy axborot vositasining chiqarilishini tugatish uning ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishi tugatilishiga sabab bo‘ladi.

Ommaviy axborot vositasining chiqarilishini tugatish to‘g‘risida muassis tomonidan qaror qabul qilingan taqdirda, tahririyat muassisning ruxsati bilan xuddi shunday nomdagi ommaviy axborot vositasini belgilangan tartibda ta’sis etishga haqlidir. Bunday holda ommaviy axborot vositasini qayta ro‘yxatdan o‘tkazish talab qilinadi.

4-bob. Ommaviy axborot vositalari mahsulotini tarqatish. Ommaviy axborot vositalari bozorini monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi

25-modda. Ommaviy axborot vositalari mahsuloti

Davriy bosma nashr alohida sonining adadi yoki adadining bir qismi yoxud tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlarning va ommaviy axborotni davriy tarqatishning boshqa elektron tarzdagi alohida chiqarilishi ommaviy axborot vositalarining mahsulotidir.

26-modda. Ommaviy axborot vositalari mahsulotini tarqatish

Ommaviy axborot vositasi mahsulotini tarqatish bevosita tahririyat tomonidan, shuningdek belgilangan tartibda yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan shartnoma asosida amalga oshirilishi mumkin.

Bosma ommaviy axborot vositalari mahsulotini tarqatish ularga obuna tashkil etish, shuningdek chakana savdo tarmog‘i orqali amalga oshiriladi. Ro‘yxatdan o‘tkazilgan davriy bosma nashrlar adadini chakana savdo orqali, shu jumladan qo‘lda sotish nashrlar tahririyatlarining shtatdagi tarqatuvchilari tomonidan yoki savdo tarmog‘iga ega bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

LexUZ sharhi

Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasida davriy bosma nashrlarni tarqatish qoidalari (ro‘yxat raqami 1826, 18.06.2008 y.).

Ommaviy axborot vositasining har bir alohida chiqarilishining tarqatilishiga bosh muharrir uning chiqarilishi uchun ruxsat berganidan keyingina yo‘l qo‘yiladi.

Ko‘rsatuv va eshittirish uzluksiz davom etganda ommaviy axborot vositasi mahsulotining tarqatilishiga bosh muharrir dastlabki ruxsat bergan paytdan e’tiboran hamda ko‘rsatuv va eshittirishdagi tanaffusga qadar yo‘l qo‘yiladi.

27-modda. Davriy bosma nashrning elektron shakli

Oldingi tahrirga qarang.

Axborot tashuvchi jismlarga yozilgan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘iga joylashtirilgan, elektron texnik qurilmalar yordamida foydalanishga mo‘ljallangan gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar va boshqa davriy bosma nashrlar davriy bosma nashrning elektron shaklidir.

(27-modda O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 18 apreldagi O‘RQ-476-sonli Qonuniga asosan birinchi qism bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2018 y., 03/18/476/1087-son)

Davriy bosma nashrning elektron shakli davriy bosma nashrni tarqatish usullaridan biridir.

Tegishli davriy bosma nashrning bosma va elektron shakllarining mazmuni aynan bir xil bo‘lgan hamda qonun hujjatlari talablariga rioya etilgan taqdirda, davriy bosma nashr tahririyati davriy bosma nashrning elektron shaklini mustaqil ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazmasdan tarqatishga haqlidir.

Davriy bosma nashrning bosma shaklida mavjud bo‘lgan reklama xabarlarining elektron shakldan olib tashlanishi va (yoki) butunlay yoki qisman almashtirilishi, shuningdek elektron shaklda ifodalangan materiallar hajmining bosma shaklidagiga nisbatan qisqartirilishi mazmunning aynan bir xilligi buzilishi deb qaralmaydi.

Davriy bosma nashr tahririyati davriy bosma nashrning elektron shakli tarqatilishi to‘g‘risida ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organni yozma shaklda xabardor qilishi shart.

Oldingi tahrirga qarang.

271-modda. Internet jahon axborot tarmog‘idagi veb-sayt tarzidagi ommaviy axborot vositasi

Internet jahon axborot tarmog‘idagi veb-sayt tarzidagi ommaviy axborot vositasi Internet tarmog‘idagi tahririy-noshirlik jihatidan ishlov berilgan, o‘zgartirilmagan tarzda tarqatish uchun mo‘ljallangan, elektron shakldagi hujjatlar va ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan axborot resursidir.

Internet jahon axborot tarmog‘idagi veb-sayt tarzidagi ommaviy axborot vositasining mazkur veb-sayti bosh sahifasida quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak:

davriy nashrning nomi;

davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanasi va guvohnoma raqami;

muassisning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi);

bosh muharrirning familiyasi, ismi, otasining ismi;

indeks, tahririyatning joylashgan yeri (pochta va elektron manzili).

(271-modda O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 18 apreldagi O‘RQ-476-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2018 y., 03/18/476/1087-son)

28-modda. Davriy bosma nashrlarga ilovalar

Davriy bosma nashrlar ilovalar bilan chiqarilishi mumkin. Ilovalar qaysi davriy nashrga taalluqli bo‘lsa, ularda o‘sha asosiy davriy bosma nashrning nomi ko‘rsatilishi kerak.

Davriy bosma nashrning alohida nomga ega bo‘lgan ilovalariga mustaqil ommaviy axborot vositasi sifatida qaraladi va u umumiy asoslarda ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak.

29-modda. Nazorat nusxalari va majburiy nusxalar

Davriy bosma nashrlarning nazorat nusxalari tahririyatga, muassisga va ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga bepul yuboriladi.

Davriy bosma nashrlarning majburiy nusxalari yuboriladigan muassasalar va tashkilotlarning ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

30-modda. Ommaviy axborot vositalari bozorini monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi

Ommaviy axborot vositalari bozorini monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bironta ham yuridik yoki jismoniy shaxs ommaviy axborot vositalarining tegishli markaziy yoki mahalliy bozoriga chiqariladigan ommaviy axborot vositalarining yigirma besh foizidan ortig‘iga muassis (hammuassis) bo‘lishga va (yoki) ularni shuncha miqdorda o‘z mulkida, egaligida, foydalanishida, tasarrufida, yurituvida yoxud boshqaruvida (bevosita yoki affillangan shaxslar orqali) saqlashga haqli emas.

31-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududida chet davlatlar ommaviy axborot vositalari mahsulotini tarqatish

O‘zbekiston Respublikasi hududida chet davlatlar ommaviy axborot vositalari mahsulotini tarqatish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.

LexUZ sharhi

Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 7 fevraldagi PQ-277-sonli Qarori bilan tasdiqlangan «Xorijiy ommaviy axborot vositalarining tele-, radio mahsulotlarini O‘zbekiston Respublikasi hududida tarqatish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom.

Oldingi tahrirga qarang.

Chet davlatlarning ommaviy axborot vositalari tomonidan qonun hujjatlari talablari buzilgan taqdirda, ularning mahsulotini O‘zbekiston Respublikasi hududida tarqatish tugatilishi mumkin.

(31-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 18 apreldagi O‘RQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2018 y., 03/18/476/1087-son)

Oldingi tahrirga qarang.

5-bob. Ommaviy axborot vositalarining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolar bilan munosabatlari

(5-bobning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 18 apreldagi O‘RQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2018 y., 03/18/476/1087-son)

32-modda. Muallif materiallaridan va xatlardan foydalanish

Ommaviy axborot vositalarida muallif materiallaridan, fan, adabiyot va san’at asarlaridan qonun hujjatlariga muvofiq foydalanilishiga yo‘l qo‘yiladi.

LexUZ sharhi

Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 60-bobi va O‘zbekiston Respublikasining «Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida»gi Qonuni.

Tahririyatga kelgan xatlarni e’lon qilishga tayyorlash chog‘ida ularning mazmunini buzmagan holda matnini qisqartirish hamda tahrir qilishga yo‘l qo‘yiladi.

Tahririyat qonuniy asoslarda rad etgan materialni ommaviy axborot vositasida majburan e’lon qildirishga hech kim haqli emas.

33-modda. Axborot manbaini oshkor etmaslik

Tahririyat o‘z nomini oshkor etmaslik sharti bilan berilgan axborot, ma’lumotlar, faktlar yoki dalillar manbaining nomini, shuningdek taxallusini qo‘ygan muallifning nomini ularning yozma roziligisiz oshkor etishga haqli emas.

Tahririyat axborot manbaining yoki taxallusini qo‘ygan muallifning talabiga binoan ularning nomidan sudda ishtirok etishi mumkin.

34-modda. Raddiya berish va javob qaytarish huquqi

Yuridik yoki jismoniy shaxs ommaviy axborot vositasida e’lon qilingan, haqiqatga mos kelmaydigan hamda o‘zining sha’ni va qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘sini tahqirlovchi ma’lumotlar uchun raddiya berishni tahririyatdan talab qilishga haqlidir.

E’lon qilingan material tufayli huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan yuridik va jismoniy shaxslar mazkur ommaviy axborot vositasida raddiya yoki javobni e’lon qilishga haqlidir. Raddiya yoki javob berilishiga sabab bo‘lgan material bosilgan ayni o‘sha sahifada maxsus rukn ostida e’lon qilinishi kerak.

Raddiya yoki javob gazetalarda ular olingan kundan e’tiboran bir oy ichida, boshqa davriy nashrlarda navbatdagi sonda e’lon qilinishi shart.

Tele-, radio-, video, kinoxronikal dasturlar va ommaviy axborotni davriy tarqatishning boshqa elektron shakllari tahririyati tomonidan olingan raddiya yoki javob aynan o‘sha dastur yoki turkumda, kelgan kunidan e’tiboran bir oydan kechiktirmay efirga beriladi.

Agar raddiya yoki javobni e’lon qilish hajmi va vaqti ommaviy axborot vositasining faoliyatiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lsa, matnni axborot manbai yoki muallif bilan kelishilgan holda asoslangan tahrir qilishga yo‘l qo‘yiladi.

Ommaviy axborot vositasi raddiyani, javobni e’lon qilishdan bo‘yin tovlasa yoxud ularni e’lon qilish uchun belgilab qo‘yilgan muddatni buzsa, yuridik yoki jismoniy shaxs da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilishga haqlidir.

35-modda. Rasmiy xabarlar va axborotni e’lon qilish

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan ta’sis etilgan ommaviy axborot vositalari shu organlarning rasmiy xabarlari va materiallarini, shuningdek normativ-huquqiy hujjatlarini e’lon qilishi shart.

Favqulodda vaziyatlar to‘g‘risidagi shoshilinch xabarlar yoki vakolatli davlat organlari tomonidan jamoatchilikka tezkorlik bilan yetkazish maqsadida berilgan xabarlar barcha ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.

Sudning aynan shu ommaviy axborot vositasida e’lon qilish to‘g‘risidagi ko‘rsatmasi bo‘lgan, qonuniy kuchga kirgan qarorini tahririyat sud qarorida ko‘rsatilgan muddatda bepul e’lon qilishi shart.

Ushbu moddaning birinchi — uchinchi qismlarida nazarda tutilganidan boshqa har qanday axborot, xabar va e’lon tahririyat bilan tuziladigan shartnoma asosida e’lon qilinadi.

Oldingi tahrirga qarang.

351-modda. Ommaviy axborot vositasining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risida axborot olishga doir so‘rovi

Ommaviy axborot vositasi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risida axborot olishga doir so‘rov bilan ularga og‘zaki yoki yozma shaklda (shu jumladan elektron hujjat shaklida) murojaat etish huquqiga ega.

Ommaviy axborot vositasining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risida axborot olishga doir, shuningdek mansabdor shaxslarning intervyusini tashkil etish to‘g‘risidagi so‘rovi ko‘pi bilan yetti kun muddatda ko‘rib chiqiladi.

Agar ommaviy axborot vositasining so‘rovini ko‘rib chiqish davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining vakolatlari jumlasiga kirmasa, so‘rov so‘ralayotgan axborotni taqdim etish o‘zining vakolatiga kiritilgan organga ro‘yxatdan o‘tkazilgan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida yuboriladi, ommaviy axborot vositasi esa bu haqda xabardor qilinadi.

So‘rov rad etilgan taqdirda, ommaviy axborot vositasiga asoslantirilgan javob yuboriladi.

(351-modda O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 18 apreldagi O‘RQ-476-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2018 y., 03/18/476/1087-son)

6-bob. Yakunlovchi qoidalar

36-modda. Axborot agentliklari

Ushbu Qonun axborot agentliklariga nisbatan qo‘llanilgan taqdirda, ularga bir vaqtning o‘zida ommaviy axborot vositasining tahririyati, noshiri, tarqatuvchisi maqomi hamda huquqiy rejimi tatbiq etiladi.

Axborot agentligi tomonidan ta’sis etiladigan, doimiy nomga ega bo‘lgan axborotnoma, xabarnoma, boshqa nashr yoki dastur ushbu Qonunda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

LexUZ sharhi

Qarang: mazkur Qonunning 3-bobi.

Axborot agentligining xabarlari va materiallari boshqa ommaviy axborot vositasi tomonidan tarqatilgan taqdirda, axborot agentligining nomi ko‘rsatilishi shart.

37-modda. Xalqaro hamkorlik

Ommaviy axborot sohasidagi xalqaro hamkorlik xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan prinsiplari va normalari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va qonun hujjatlari asosida amalga oshiriladi.

38-modda. Chet davlatlar ommaviy axborot vositalarining vakolatxonalari va vakillarini akkreditatsiya qilish

Chet davlatlar ommaviy axborot vositalarining vakolatxonalari va vakillari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilinganidan keyin O‘zbekiston Respublikasida o‘z faoliyatini amalga oshiradi.

Chet davlatlar ommaviy axborot vositalarining O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan vakolatxonalari va vakillarining huquqiy maqomi hamda kasbiy faoliyatini amalga oshirish shartlari qonun hujjatlari bilan belgilanadi.

LexUZ sharhi

Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 24 fevraldagi 33-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalari muxbirlarining kasb faoliyatini tartibga soluvchi asosiy qoidalar.

39-modda. Nizolarni hal etish

Ommaviy axborot vositalarining tashkil etilishi, faoliyat ko‘rsatishi va faoliyatining tugatilishi sohasida yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

40-modda. Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.

LexUZ sharhi

Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 218-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 139-moddasi ikkinchi qismi va 140-moddasi ikkinchi qismi.

Bosh muharrir, shuningdek jurnalist ommaviy axborot vositalarida haqiqatga mos kelmaydigan materiallarni tarqatganlik uchun quyidagi hollarda javobgar bo‘lmaydi:

Oldingi tahrirga qarang.

agar bu ma’lumotlar rasmiy xabarlardan, normativ-huquqiy hujjatlardan yoki rasmiy statistika hisobotlari ma’lumotlaridan yoxud axborot agentliklari yoki davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining matbuot xizmatlari, shuningdek ularning rasmiy veb-saytlari orqali olingan bo‘lsa;

(40-moddaning ikkinchi qismi ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 18 apreldagi O‘RQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2018 y., 03/18/476/1087-son)

agar bu ma’lumotlar oldindan yozib olinmasdan efirga beriladigan mualliflik chiqishlarida mavjud bo‘lsa yoki chiqishlarning so‘zma-so‘z takrorlanishi (stenografiya, audio-, videoyozuvi) bo‘lsa.

 

(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2007 y., 3-son, 20-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2018 y., 03/18/476/1087-son)