Prokuratura 455 ta tanqidiy chiqishga munosabat bildirdi

2019-08-12T11:48:07+05:0030 July, 2019|Umumiy yangiliklar|

Bosh prokuraturada bo‘lib o‘tgan brifingda ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda monitoring o‘tkazilayotgani aytib o‘tildi.

Joriy yilning birinchi yarmi davomida prokuratura organlari aralashuvini talab etuvchi jami 455 tanqidiy chiqish aniqlangan. Ko‘tarilgan masalani o‘rganib chiqish maqsadida materiallar tegishli hududlar hamda tarmoq prokuratura organlariga yuborilgan, munosabat bildirilgan.

Hal etilishi lozim bo‘lgan muammoli vaziyatlar batafsil o‘rganib chiqilib, qonun doirasida choralar ko‘rilishi ta’minlangan.

Brifingda matbuot xizmati rahbari H.Shamsuddinov jamoatchilik bilan aloqalar yanada rivojlantirilishini qayd etdi. Sohaga oid yangilik va ma’lumotlarni Bosh prokuraturaning rasmiy sayti va “Facebook”, “Telegram” hamda “Instagram” kabi ijtimoiy tarmoqlarga tezkor joylashtirish davom ettiriladi.

Fuqarolar buzilgan huquqlarini tiklash bo‘yicha prokuratura organlariga murojaat yo‘llash, tizim rahbarlarining qabullariga kirish kabi imkoniyatdan ham keng foydalanmoqda.

Tadbirda taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, joriy yilning 6 oyida prokuratura organlariga 257 ming 861 murojaat tushgan. Ularning 63,4 foizi bevosita prokuratura organlarida hal etilgan.

Prezident virtual va Xalq qabulxonalaridan prokuratura organlariga yuborilgan 51 ming 119 murojaatdan 46 ming 497 tasi prokuratura organlarida ko‘rib chiqilgan.

Prokuratura organlari xodimlari tomonidan 167 ming 509 nafar fuqarolar va yuridik shaxslarning vakillari qabul qilingan. Shundan 81 nafari videokonferensaloqa vositalari orqali qabul qilingan.

Manba:O‘zA