Endi Aydarko‘l ham ortga chekinadimi?

2019-08-12T11:48:07+05:0029 July, 2019|Hafta maqolasi|

Endi Aydarko‘l ham ortga chekinadimi?

Tabiatning bu betakror tuhfasi bugun qanday xavf ostida qolmoqda?

O‘lkamizning betakror tabiati, turfa manzaralari har qanday kishini o‘ziga maftun etmay qolmaydi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, Aydar—Arnasoy va Tuzkon ko‘llari birlashgan hududda hosil bo‘lgan Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi kattaligi jihatdan Markaziy Osiyoda to‘rtinchi o‘rinda turadi. Undagi suv hajmi respublikamizdagi barcha suv omborlarida to‘plangan obihayotdan ikki barobar ko‘pdir.

Bug‘lanish kuchayib, suv sathi pasaymoqda

— Mutaxassis nigohi bilan qarasangiz, Aydarko‘lning sekin-asta o‘lib borayotganiga guvoh bo‘lasiz, — deydi kuyinib Jizzax viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Erkin Xolmatov. — Bu hol ekologik muvozanatning buzilishi oqibatidir. Keyingi yillarda havoning keskin isib borayotgani, buning ustiga, ko‘lga zarur miqdorda suv quyilmayotgani ham muammoning asosiy sabablaridan biri. Bug‘lanishning kuchayishi suv sathining kamayishi va sho‘rlanishning ortishiga olib kelayotir.

Aydar–Arnasoy ko‘llar tizimi — Jizzax va Navoiy viloyatlari hududidagi oqmas ko‘llar. U Qizilqum cho‘li sharqida, Qozog‘iston Respublikasining Chordara suv
omboridan janubi-g‘arbda joylashgan Aydarko‘l, Tuzkon va Sharqiy Arnasoy ko‘llarini o‘z ichiga oladi. Mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, bugungi kunda Aydarko‘lning umumiy maydoni 3 ming 373 kilometr kvadrat, uzunligi 300 kilometrga yetdi. Ko‘lda to‘plangan suv hajmi 37,3 milliard kub metrni, suv yuzasi esa dengiz sathidan 245 metr balandlikni tashkil etadi. Bunday katta hududda yaxlit ko‘l ko‘rinishni olgan Aydarko‘l yilning to‘rt faslida ham go‘zal va fusunkordir.

Erkin Xolmatovning ta’kidlashicha, ko‘l suvining sathi yiliga 30 santimetrgacha pasayib borayotir. Oxirgi 10 yil davomida suvning minerallashuvi 5,07 gramm/litrdan 8,59 gramm/litrgacha oshdi. Ahvol shu tariqa davom etaversa, ko‘llar tizimi yaqin 5-10 yillar orasida baliqchilik ahamiyatiga ega bo‘lgan suv ob’ekti maqomini yo‘qotadi. Cho‘llanish (degradatsiya) natijasida ekologik salbiy holatlar nafaqat Jizzax viloyatida, balki qo‘shni viloyatlar, hatto Qozog‘iston Respublikasiga ham yetib boradi.

Dunyo xaritasidagi so‘nggi ko‘l

— Bundan yarim asr avval Aydarko‘lni hech bir dunyo xaritasidan topa olmasdik, — deydi Jizzax viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bioxilma-xillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar masalalari bo‘limi boshlig‘i Sharof Fayzullayev. — Ayni paytda inson qo‘li bilan yaratilgan mo‘’jizakor makondan yuzlab flora va fauna vakillari makon topgan. Ularning ayrimlari «Qizil kitob»ga ham kiritilgan. Shuning uchun ko‘l nafaqat sayyohlarga, balki ko‘l sohilida yashovchi kamyob hayvonlar, qushlarni o‘rganuvchi zoologlar uchun ham qiziqarli maskan hisoblanadi.

Manbalarda qayd etilishicha, bundan 20 yil ilgari ko‘lda 37 turdagi 192 mingdan ziyod qushlar ro‘yxatga olingan. Hozirgi kunda Aydarko‘lda suv o‘tlari va baliqlar bilan oziqlanadigan atigi 20 turdagi qushlar istiqomat qilishi aniqlandi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qushlarning soni yildan-yilga kamayib bormoqda. Ayniqsa, jingalak saqoqush, oqbosh o‘rdak, ola qanotli o‘rdak, qironqora, uzun quyruq suv burguti, tasqara, yo‘rg‘a tuvaloqlar yo‘qolib ketish arafasida.

— Har yili yanvar-mart oylarida Aydarko‘l qirg‘og‘iga 400 ga yaqin qush turlari qishlov uchun uchib keladi, — deydi Sharof Fayzullayev. — 13 turdagi qushlar xalqaro, 24 turi esa O‘zbekiston «Qizil kitob»iga kiritilgan. Ko‘lning o‘simliklar va suvosti dunyosi ham xilma-xil va rang-barangdir. Oq amur, gambuziya, do‘ngpeshona kabi baliq turlari keltirib ko‘paytirilgan bo‘lsa, 2000 yildan boshlab tabiatni muhofaza qilish maqsadida lochinlar parvarishi yo‘lga qo‘yildi.

Ayni paytda respublika Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi butun e’tiborni Aydarko‘lning flora va faunasini saqlashga qaratayotir. Olib borilayotgan tizimli tadbirlar natijasida ko‘lning tabiati va hayvonot dunyosi muhofaza qilinayotir.

Aydarko‘lni qutqarish choralari ko‘rilmoqdami?

Aydar–Arnasoy ko‘llar tizimida yuzaga kelgan muammo yaqinda bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashining 44-sessiyasida muhokama etilib, yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha maxsus qaror qabul qilindi.

— Qo‘shni Qozog‘iston Respublikasining «Chordara» suv omboridan Aydarkulga suv tashlanmayotgani ham suv sathining kamayishi sabablaridan biri, — deydi Jizzax viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Erkin Xolmatov. — Ayni vaqtda o‘zimizdan ko‘lga tashlanayotgan kollektor va drenaj suvlari ham 2,5 milliard kub metrdan oshmayapti. Ko‘lga bug‘lanish uchun zarur hajmdagi suv quyib turilmasa, suv sathi yildan-yilga tushib boraveradi. Bu ekologik muvozanatning buzilishiga olib keladi.

«Aydar–Arnasoy» ko‘llar tizimida yuzaga kelgan ekologik muammolarni bartaraf etish mutaxassislardan gidrogeologik rejimni chuqur o‘rganishni taqozo qiladi. Jizzax viloyati tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi Jizzax politexnika instituti olimlari bilan hamkorlikda ko‘llar tizimida vujudga kelayotgan holatlar bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlarini olib borayotir. Natijada «Aydar–Arnasoy ko‘llar tizimining atrof-muhitga ta’sirini baholash konsepsiyasi» yaratildi.

Jizzax viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bioxilma-xillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar masalalari bo‘limi yetakchi mutaxassisi Nodir Bekamovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Respublikasi tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining tashabbusi bilan tegishli vazirliklar ishtirokida «Aydar–Arnasoy ko‘llar tizimi atrofida ekologik muhitni o‘rganish va barqaror holatda ushlash kompleks Dasturi» bo‘yicha Jizzax viloyatida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Ushbu rejaga asosan, ko‘llar tizimidagi holatni doimiy o‘rganish bo‘yicha kuzatuv postlari tashkil etildi.

Muammoga munosabat qanday?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 22 apreldagi «Aydar–Arnasoy» tizimini biologik resurslaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan, yaqinda Aydar–Arnasoy ko‘llar tizimi akvatoriyasini muhofaza qilish bo‘yicha 6 ta nazorat punkti tashkil etildi. Nazorat punktlarining 4 tasi Jizzax viloyati hududida bo‘lsa, 2 tasi Navoiy viloyatida faoliyat boshladi.

Qarorga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida Aydar–Arnasoy ko‘llar tizimini rivojlantirish sohasida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat qilish boshqarmasi tashkil etildi. Joriy yilning 24 aprelidan Aydar–Arnasoy ko‘llar tizimida nazorat ishlari mazkur qaror asosida olib borilayotir.

Hamkorlik natijasida qisqa fursatda Jizzax viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining davlat ekologik nazorat inspektorlari bilan xamkorlikda nazorat reydlari o‘tkazildi. Reydlar davomida 56 ta noqonuniy holatlar aniqlandi. Qonunbuzarlarga 25 million 37 ming 35 so‘m jarima sanksiyalari qo‘llanildi. O‘simliklar va hayvonot dunyosiga 72 million 259 ming
570 so‘m miqdorida zarar yetkazilganligi aniqlandi.

Bir so‘z bilan aytganda, bebaho suv manbamizni o‘zimiz asrab-avaylamas ekanmiz, ya’ni fuqarolarda tabiiy boyliklarni tejash hissi shakllanmas ekan, durdonalarini boy berishimiz hech gapmas.

Bekpo‘lat TOG‘AYEV.

Manba: mahalladosh.uz