Dunyo axborot makonida o‘z o‘rnini mustahkamlashga intilayotgan BelTA

2019-08-12T11:48:08+05:0029 July, 2019|Umumiy yangiliklar|

Bugungi tezkor zamonda axborot tarqatish, mahalliy va xalqaro media hududida o‘z o‘rniga ega bo‘lish har qanday axborot agentligi zimmasidagi eng muhim vazifalardan biriga aylangan. Shu ma’noda mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan axborot agentliklari uchun jahondagi, xususan, MDH davlatlaridagi yetakchi axborot agentliklari ish tajribasini o‘rganish, ular bilan har tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish foydadan xoli bo‘lmaydi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlik faol ruhda rivojlanmoqda. Ushbu hamkorlik natijalari va istiqbollari haqida aholini tezkor xabardor qilish, Yevropa Ittifoqi axborot makoniga kirib borish va zamonaviy jurnalistik yondashuvlar sohasida tajriba almashishning amaliy ahamiyatini inobatga olib Sharqiy Yevropa hududida joylashgan Belarus Respublikasining Belarus telegraf agentligi – “BelTA“ faoliyati haqida quyida so‘z yuritamiz.

Bundan 100 yil avval tashkil etilgan Belarus telegraf agentligi respublikadagi rasmiy axborot tarqatuvchi, aholini mamlakat va dunyo yangiliklaridan xabardor etuvchi asosiy manbadir.

Bugungi kunda agentlik “Belta.by“ sayti orqali belarus, rus, ingliz, nemis, ispan va xitoy tillarida axborot tarqatadi. Bir kunda “BelTA“ sahifalarida yangilik, tahliliy maqola, infografika, foto va video lavhalar ko‘rinishidagi, jami 250 dan ziyod material joylashtiriladi. Agentlik axborot tarqatish hududiga ko‘ra, jahonning 180 dan ortiq davlatini qamrab olgan. Ushbu manbaga murojaat qiluvchilar soni esa bir kunda o‘rtacha 400 000 ni tashkil etadi.

Ayni payt “BelTA“ning facebook, instagram, twitter, vk.com, ok.ru, telegram kabi ijtimoiy tarmoqlarda sahifalari, YouTube dagi kanali faoliyat ko‘rsatadi. Agentlikning “Belaruskaya dumka“, “Ekonomika Belarusi“ jurnallari, “7 dney“ gazetasi chop etiladi.

O‘tgan yillar davomida Agentlikning hamkorlik geografiyasi kengayib bordi. Bugungi kunda dunyoning yetakchi 27 xalqaro axborot agentliklari bilan axborot almashish sohasida faol aloqalarni yo‘lga qo‘ygan.

O‘z navbatida, “BelTA“ matbaachilik faoliyatini ham tashkil qilib, kitoblar, risolalar, bukletlar, fotoalbomlar va boshqa poligrafiya mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Internet-loyihalari studiyasida esa saytlar yaratish, texnik xizmat ko‘rsatish, nazorat va faoliyatni takomillashtirish bilan bog‘liq ishlar amalga oshiriladi. Vizual axborot xizmati mutaxassislari esa havo va yerdan turib foto va videotasvirga olish xizmatini taqdim etadi, fotoko‘rgazmalar tashkil etadi.

Agentlik, ayni paytda 30 dan ziyod xorijiy hamkorlar bilan birgalikdagi medialoyihalarni amalga oshirib kelmoqda.

G‘ayrat XONNAZAROV.

Manba: O‘zA