44 NAVQIRON JURNALISTNING “YuRAK SADOSI”

2019-08-12T11:48:09+05:0025 July, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan «Yosh yuraklar sadosi» kitobining taqdimoti o‘tkazildi. Unda uyushma qoshidagi Yosh jurnalistlar kengashi a’zolari, Yoshlar ittifoqi vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, talaba-jurnalistlar ishtirok etdi.

Anjumanda mamlakatimizda yosh avlodni barkamol etib tarbiyalash, ular qalbida Vatanga sadoqat, milliy an’ana va qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotni ta’kidlandi.

Eng muhimi, mamlakatimizda yoshlarning ta’lim olishidan tortib, kasb-hunar egallashi, ishga joylashishi, uy-joyli bo‘lishi — barchasi davlat e’tiboridagi masala bo‘lib, buning uchun davlat organlari bilan bir qatorda, jamoat tashkilotlarining, keng jamoatchilikning sa’y-harakati yo‘naltirildi.

«Yosh yuraklar sadosi» kitobi ham ana shu ezgu amallarning debochasidir. Ushbu loyiha O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va Respublika tovar xom ashyo birjasi o‘rtasida tuzilgan «Do‘stlar klubi» mablag‘lari ko‘magida amalga oshirildi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan nashrga tayyorlangan mazkur kitobda mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida xizmat qilayotgan yosh jurnalistlarning ijodiy ishlari jamlangan. Bugungi islohotlar jarayonida ommaviy axborot vositalari xalq manfaatlarining chinakam himoyachisiga aylanmoqda. Ommaviy axborot vositalarining nufuzi oshib borayotgan sharoitda sohaga kirib kelayotgan yoshlardan shijoat, professional mahorot, xolislik va chuqur tahliliy salohiyat talab etiladi.

Tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonova, Uyushma qoshidagi faxriy jurnalistlar Kengashi raisi, Jabbor Razzoqov, “Boshlang‘ich ta’lim” jurnali Bosh muharriri Halim Saidov, «Yoshlar ovozi» gazetasi bosh muharriri Faxriddin Karimov, O‘zbekiston Davlat jahon tillari universiteti dotsenti Beruniy Alimov va boshqalar kitob haqida o‘z fikr- mulohazalarini bildirdi.

—To‘plamdan o‘rin olgan ijodkorlar maqolalarida navqiron qalam ahliga xos hayotga toza nazar, odamlarning dardu tashvishlariga va muammolarga kuyunchaklik bilan yondashishi, o‘z ijodiy uslubini yaratishga bo‘lgan intilish ko‘zga tashlanadi,— dedi Jabbor Razzoqov. —Biz yoshligimizda maqolamiz gazeatada chiqqaniga xursand bo‘lar edik. U davrlarda faol yosh jurnalistlarning materiallarini to‘plab kitob qilish hech kimning xayoliga kelmagan. Uyushmaning bu tashabbusini qo‘llab-quvvatlayman va minnatdorligimni bildiraman. O‘ylamaymanki, kelgusida ushbu loyiha davom etadi.

—To‘g‘risi, barcha mualliflarga havasim keldi,—deydi Beruniy Alimov.— Ular hali juda yosh. Lekin Jurnalistlar uyushmasi ularning “Yosh yuraklar sadosi” nomli kattagina kitobini chiqaribdi. Men bu kitobga 44 navqiron jurnalistning “yurak sadosi” deb tarif berdim. Orasida, dadil, muammoli maqolalar ham yo‘q emas. Shunday paytda yaponlarning bir gapi esimga tushib ketadi: Gambatte kudasay — qattiq ishlashda davom eting, aziz yoshlar!

Kitobda yurtimiz gazeta va jurnallarda faoliyat ko‘rsatayotgan, materiallari bilan elga tanilayotgan 44 nafar jurnalistning milliy matbuotimizda chop etilgan qirq to‘rtta maqolasi o‘rin egallagan. Bu materiallar milliy jurnalistikaga «Yoshlar ovozi» gazetasi loyiha kordinatori Nargiza Umarova, «Xalq so‘zi» gazetasi adabiy kotibi Shavkat Ortiqov, «Do‘stlik bayrog‘i» gazetasi (Navoiy viloyati) muxbiri Zebo Qutlieva, «Vatanparvar» gazetasi muxbiri Bobur Elmurodov, «Jomboy» gazetasi (Samarqand viloyati) muharriri Isomiddin Po‘latov kabi yangi avlod vakillarining kirib kelayotganini namoyish etadi.

Jobir XO‘JAQULOV