BOQIMANDA “JANOB”LAR

2019-08-12T11:48:10+05:0024 July, 2019|Hafta maqolasi|

Aks-sado

“Hurriyat” gazetasining 2019 yil 10 iyul sonida jurnalist Feruza Berdiyevaning “Sepini ko‘rib, qizini ol!” sarlavhali maqolasini o‘qib, o‘z mulohazalarimni yozishga qaror qildim. Haqiqatan ham muallif og‘riqli va dolzarb mavzuni qalamga olgan. Chunki har qancha gapirilmasin, tanqid qilinmasin, turli bachkana urf-odatlar hali-hamon uchrab turibdi.

Bir paytlar mana bu qo‘shiq rosa avj olgan edi:

Sochimdan ko‘p oshig‘im,

Sen bo‘lmasang boshqasi…

Bugun bu qo‘shiqni zamonaviy kuyovlar sal o‘zgartirib bemalol aytsa bo‘ladi:

Sochimdan ko‘p sarpolarim,

Bu bo‘lmasa, boshqasi…

Aslida biz tanqid ostiga olayotgan, malomat qilayotgan hunuk odat, ya’ni kuyovlarni taltaytirib, ularni boqimandaga aylantirib qo‘yish birdaniga yoki o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Yillar osha uni o‘zimiz “sayqalladik”, ko‘pirtirib-toshirib, me’yoridan oshirib, alal-oqibat ayanchli, o‘ta hunuk holatga olib keldik. Qatra-qatra yig‘ilib daryo bo‘lur deganlaridek, bo‘lar-bo‘lmas to‘qima va yasama “urf-odatlar”ni yo‘q joydan yasayverib, endi o‘zimiz boshi berk ko‘chaga kirib qoldik.

Bundan 25-30 yil ilgari bo‘lgan voqea hech esimdan chiqmaydi. Tohir tog‘am qo‘shni qishloqda yashaydigan sinfdoshi Nazokat opani jonu dilidan yaxshi ko‘rar edi. Nazokat opa ham befarq bo‘lmagani bois, ular ahdu paymon qilishdi. Muammo yigit tomon sovchilari qiz tomonga borib kelgandan so‘ng paydo bo‘ldi. Ya’ni qiz oilada yakkayu yolg‘iz farzand bo‘lgani uchun ota-onasi agar yigit ichkuyov bo‘lishga ko‘nsa, qizini berishga rozi bo‘lishini aytibdi. Bu gaplarni eshitib, uydagilar rosa tutaqishdi. Eng so‘nggi gapni tog‘am aytdi: “Bir kamim ichkuyov bo‘lib, do‘stu dushman oldida yuzim shuvit bo‘lishi qoluvdi. El-yurt oldida qanday bosh ko‘tarib yuraman, axir? Qaddimni bukadigan, g‘ururimni sindiradigan bunday muhabbatdan kechdim!”

Tog‘am oriyatni hamma narsadan ustun qo‘ydi. Boshqa qizga uylandi. Nazokat opaning ota-onasi esa har bir sovchiga yuqoridagi shartni qo‘ygani tufayli qizning yoshi qirqdan oshsa-da, uzata olmadi. Oradan yillar o‘tdi. Qizning ota-onasi keyin qilgan ishidan pushayman bo‘lishdi. Ammo…

Talabaligimda sodir bo‘lgan yana bir voqea esa uning aksi. O‘qishni tamomlagach, yozgi amaliyotni o‘tkazish uchun uch kursdosh qiz bir hovlida ijarada xonadon egalari bilan birga yashay boshladik. Ko‘chib borganimizning uchinchi haftasi edi. Dam olish kunidan bir kun oldin Muborak opa: “Ertaga qizim Madina nabiralarim bilan mehmonga keladi. Ul-bul ishlarda ko‘maklashib yuboringlar”, deb iltimos qildi. Xonadon sohibi Mahmud amaki shu kuni 5-6 marta bozorga qatnadi. Katta tadorik boshlandi. Somsa, lag‘mon, manti tayyorladik. Keltirilgan xarajatlaru qilinayotgan ovqatlarga qarab 15-20 kishi mehmonga kelsa kerak, deb o‘yladik. Erta tongdan yana tayyorgarlik davom etdi. Bir tomonda sho‘rva qaynayapti. Boshqa qozonda oshning zirvagi tayyor.

Tushga yaqin darvoza oldida mashina to‘xtadi. Muborak opa va Mahmud amaki yugurib chiqib, qizlari Madina opani qizalog‘i va o‘g‘li bilan boshlab kirishdi. Kuyovning shoshilinch “ishi” bor ekan. Ko‘chadan qaytib ketibdi. Ota-ona kun bo‘yi qizi va nevaralariga rosa parvona bo‘ldi. Kechga tomon er-xotin yana tipirchilab qolishdi. Chunki kuyov keladigan vaqt yaqinlashib qolgan ekan. Vaqti “tig‘iz” kuyov kunduzgidek yana uyga kirmadi. Biz esa darvozaga o‘ngirilgan holda orqa kapoti ochib qo‘yilgan mashinaga bir tog‘orada osh, yana birida somsa, boshqasida tovuq, kabob tugilgan dasturxonlarni tashidik. Qutilardagi meva-cheva, shirinligu pishiriqlar ham joylashtirildi. Xayr-xo‘sh qilib kuyovto‘rani kuzatib, uyga kirayotganimizda shaddodgina Laylo: “Xola, qizingizning tug‘ilgan kunimi yoki kuyovingiznikimi?” deya so‘radi. “Yo‘q, tug‘ilgan kun emas, taomil shunaqa”, dedi xola siniq jilmayib. O‘sha shunchaki odat har bir yarim yoki ikki oyda, ya’ni Madina opa mehmonga keladigan kun, albatta, hech bir xatosiz va kamchiliklarsiz ado etilardi. Faqat nafaqaga kun ko‘radigan bu ikki qariyaning tejab-tergab yiqqan pullari evaziga keladigan yeguliklarni kuyov tomon qanday hazm qilishini sira tasavvur etolmasdik. Garchi avvalida rosa hayron qolgan bo‘lsak-da, bora-bora biz ham bu “odat”ga ko‘nikdik.

Qiziq, ilgari o‘g‘il uylantirish qiyin bo‘lgan ekan, endi esa qiz uzatish — katta muammo. Ota-ona oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazgan qizining sep-sarpolarini to‘la-to‘kis qilib beradi-yu, keyin kuyovning boshqa kemtiklarini to‘ldirishga umrini, bisotini sovuradi. Ularning yemay-ichmay bor-budini qizining tinch-xotirjam yashashi uchun sarflashi aqlga sig‘maydigan gap.

Yaqinda bir hamkasbim qishoqqa ota-onasining holidan xabar olishga borib jig‘ibiyron bo‘lib keldi. Ota-onasi hovlilari yonidan 4 sotix yerni katta o‘g‘il ulg‘aysa uy-joy qurib beramiz, deb yaxshi niyat bilan olib qo‘yishgan ekan. Ular biroz muddat Toshkentda yashadi. Shu vaqt ichida “uddaburon” “kuyovparvar” qo‘shni o‘sha bo‘sh yerga uy tiklab, qizi va kuyovini ko‘chirib keltiribdi. Gulmiraning otasi Samad tog‘a avvaliga bu holatdan juda hayron bo‘lib, keyin sudlashib yurishni o‘ziga ep ko‘rmay: “E, ha mayli, bir parcha yer uchun qo‘shni bilan janjalllashib yuramanmi?” deya qo‘l siltabdi.

Bunga Gulmira juda asabiylashardi. “Otam andisha qilib yer talashishni istamayapti. Bo‘lmasa qonun biz tomonda. Qo‘shni endi kuyoviga mashina olib berish harakatida yurgan emish. Kuyov to‘ra esa betimning qalini, jonimning huzuri, deb o‘tiribdi. Qaysi yuz bilan qaynona-qaynotaning peshonasiga kelib baqrayib yashayotganiga nima deysiz? Otamga ham hayronman. “Indama. Yosh bolasi bilan qayerga boradi?” deydi. Kuyov hamma narsaga osonlik bilan hech qanday mehnatsiz erishayotganiga dimog‘i chog‘. Qo‘l-oyog‘i bus-butun bu “dev”ning hech qayerda ishlamay uyda o‘tirgani-chi? E, o‘rgildim, bunday boqimanda “nusxa”dan”!

Ha, jahl kelganda aql ketadi, degan gap bejiz aytilmagan. Lekin jahl kelganda ba’zan achchiq haqiqatu ochiq gaplar ham tildan chiqib ketadi. Shunday emasmi, beor kuyovlar?

To‘g‘ri, hamma kuyovlar ham shunaqa demoqchi emasman. Ammo yashirishga ne hojat, biz tilga olayotgan boqimanda, orsiz kuyovxonto‘ralar ham oz emas-da.

Shu o‘rinda bu masalada kattalarning aybi ko‘proq deb o‘ylayman. Chunki ayrim ota-onalar “bolamning ko‘ngli o‘ksimasin”, “qizimiz yaxshi yashasin” degan bahonalar bilan qurbi yetsa-yetmasa qarz-havola qilib bo‘lsa-da sep-sarpo, to‘y-tomosha qilayotgani bor gap. Ular vaqtida o‘g‘liga oila boshqarish mas’uliyati, qiziga ro‘zg‘or tutish san’atini o‘rgatsa ana shuning o‘zi eng bebaho sep-sarpo bo‘lmaydimi? O‘tkinchi dunyo hoyu-havasi va mol-dunyosi bilan emas, mas’uliyat va aql farosat bilan bunyod etilgan oilalar baxtli va mustahkam bo‘lishi oddiy haqiqatdir.

Zebiniso JO‘RAYeVA

Kitob tumani