Oyoq ostida toptalayotgan tafakkur durdonalari

2019-08-12T11:49:17+05:0023 July, 2019|Umumiy yangiliklar|

So‘z — muqaddas. U aks etgan har qanday qog‘oz xoh kitob, xoh gazeta shaklida bo‘lsin aziz va muqaddas. To‘g‘ri so‘zning haloli bor, egrisiyam… Qadimul ayyomdan xalqimiz nonni qanday ulug‘ tutgan bo‘lsa, harflar birikmasida hosil bo‘lgan jumlalarni, ulardan vojib bo‘lgan hikmatu hikoyatlarni o‘zida mujassam etgan varaqlarni, ulardan tashkil topgan kitoblarni shu darajada avaylab-asragani hech kimga sir emas. Binobarin, ilm, ma’rifat-ma’naviyatning xos makonu manzili kitob, bugungi kunda bosma nashrlarni, xususan, gazeta va jurnallarni shu qatorga qo‘shsa mutlaqo to‘g‘ri bo‘ladi…

Bugun chinakam ma’noda ma’naviy yuksalish sari yo‘lga tushdik. Davlatimiz rahbari ham kitobxonlikni ustuvor aylab, mana shu ezgu matlabda sobit turishga da’vat etmoqdalar. Qanchadan-qancha xayrli tashabbuslar ro‘yobini ko‘rmoqdalar. Ko‘pchiligimiz bundan mamnun ekanligimizni so‘z bilan izohlashimiz mushkul. Taassufki, ayrimlar borki, qilmishidan yoqa ushlaysan. Ularga achinasan…

Yaqinda Andijon bozorida bir noxush holatning guvohi bo‘ldim. Gazetaga o‘ralgan go‘shtlar, o‘pqon (varyonka) qilingan kitob varaqlaridagi pistayu qurutlarni ko‘rib, tafakkur durdonalarining qadr-qimmatiga achindim… Afsuski bugun bunday salbiy manzaralarni istalgan bozorlarda uchratamiz. Gul do‘konlarida, ayniqsa, bayram kunlari gazetalardan dastalar yasash uchun foydalanadilar. Hatto ayrim taksi haydovchilarimiz qor-yomg‘ir kunlari mashinalariga supa kabi to‘shab qo‘yishlariga ham guvoh bo‘lganlar bor…

Ma’naviyat xossalariga bunday hurmatsizlarcha munosabat qachon paydo bo‘ldi? Ertaga qanday salbiy oqibatlarga duch kelishimiz mumkin? Shu kabi savollar bilan ayrim yurtdoshlarimizning fikr-mulohazalariga quloq tutdik.

Abdulahad HAFIZOV, Shayhontohur tumani, “Firdavs” jome masjidi imom noibi:

 

— Isrofgarchilik hatto muqaddas kitobimiz bo‘lmish Qur’oni karimda ham qoralangan. “…Innaxu la yuxibbul musrifin”, ya’ni “U (Alloh) isrof qilguvchilarni sevmaydi”, deb yoziladi unda. Shunday ekan, Xudoning roziligiga erishmoqchi bo‘lsak, Uning buyruqlarini so‘zsiz bajarishimiz darkor. Qolaversa, tafakkurimizni boyituvchi kitobu ro‘znomalarni o‘qish, asrab-avaylab, yangi avlodga yetkazish ham savob hisoblanadi. Zero, qadim-qadimdan ilm ulashuvchilarni xalqimiz ulug‘lagan.

 

Nodir JONUZOQ, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari:

 

Avvallari xonadonlarda turli gazeta va jurnallarning ko‘p yillik taxlamlariga ko‘zimiz tushardi. Yurtdoshlarimiz o‘zlari obuna bo‘lgan gazetalarni yig‘ib, avaylab-asrashardi. Hozirgi kunda ham shundaymi? Bu savolga javob berishda bugun o‘ylanib qolayotganimiz achinarli. Axir, to‘plangan sara materiallar kun kelib noyob xazinaga aylanishi, shubhasiz. Bir so‘z bilan aytganda, turli hikmatlaru, mo‘’tabar insonlarning suratlari tushirilgan gazeta-jurnallarni, kitoblarni toptayotganlar o‘zlarining ma’naviyatsizligini, farosatsizligini shu orqali namoyish etayotganlardir.

Boboyor TO‘RAYeV, psixolog:

— Umuman olganda, mutolaa manbaiga e’tiborsizlik davom etsa, odamlar ruhiyatida salbiy tarafga o‘zgarish sodir bo‘lishi mumkin. Psixologiyada ham bu borada turli isbotlar keltirilgan. “Qovun qovundan rang oladi”, deydi xalqimiz. Jumladan, oilada kitobga bepisandlarcha munosabatni ko‘rgan boladan yaxshi o‘qib, bilim olishni talab qilish qiyin. Har ertalab otasi yoki onasining gazeta varaqlab, kunni boshlaganini ko‘rgan yoshdan ham kelajakda matbuotga hurmat asosidagi munosabatni kutish mumkin.

Yusufbek HABIBULLAYeV, Olmazor tumanidagi gul do‘koni sotuvchisi:

— Tan olish kerak, ko‘pchilik gulchilar gazetalardan o‘qish uchun foydalanishmaydi. Shaxsan men ham gullarni o‘rash uchun katta hajmli gazetalar sahifalarini ishlataman. Sababi gazetaga o‘ralgan gullar zarqog‘ozga o‘ralganiga nisbatan uzoqroq muddat tetik turadi, so‘lib qolmaydi. Qolaversa, gazeta o‘qishga unchalik qiziqmayman, qiziqarli material kamligi uchundir balki. Avvallari goh-goh “Darakchi”ni o‘qib turar edim. Bugun shuni ham o‘qimay qo‘ydim, qiziqishim qolmadi.

Mavzuga doir fikrlarimizni mashhur yozuvchi Rey Bredberining “Farengeyt 451 daraja” asarida qayd etilgan voqea asosida yakunlamoqchimiz. Ushbu asar bosh qahramoni Gayning vazifasi davr talabi bois o‘t o‘chiruvchi emas, qarangki, o‘t yoquvchi bo‘ladi. Yana kitoblarni yoquvchi! U juda ko‘p tafakkur durdonalarining kulini ko‘kka sovuradi. Bir kuni keksa bir ayolning shaxsiy kutubxonasi haqida xabar topadi va darhol borib unga o‘t qo‘yadi. Kitoblari yonayotganiga chidolmagan qariya esa o‘zini alangaga otib, joniga qasd qiladi. Asar qahramoni uni ko‘rib, juda qattiq ta’sirlanadi va bu voqeadan so‘ng o‘zi ham kitob o‘qiy boshlaydi.

Xulosa o‘zingizdan…

Yulduz O‘RMONOVA.

Manba:“Xalq so‘zi”.