O‘zA xabarlari Qozog‘iston OAV sahifalarida

2019-08-12T11:49:17+05:0022 July, 2019|Umumiy yangiliklar|

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yangi bosqichdagi islohotlar uzoq va yaqin xorijiy mamlakatlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Shu bois chet elda mamlakatimiz ichki va tashqi siyosatiga oid dolzarb materiallarga talab ortib bormoqda.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi mamlakatimizning yetakchi axborot agentligi sifatida Prezidentimiz tomonidan barcha sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va ularning natijalarini izchil yoritib kelmoqda. Mamlakatimiz hayotiga oid xabar, maqola va tahliliy materiallar xorijiy ommaviy axborot vositalari e’tiboridan chetda qolmayapti.

Bugungi kunda qo‘shni Qozog‘iston Respublikasining yetakchi ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston hayotiga oid yangiliklarni O‘zA saytidan olib, mamlakat xalqi va butun dunyoga tarqatmoqda. Xususan, Qozog‘istonning yetakchi davlat axborot agentligi hisoblangan “Kazinform” XAA, shuningdek, “Ulus.kz”, Nur.kz internet-portallarida, qator gazeta va jurnallar veb-saytlarida O‘zbekiston hayotiga oid yangiliklar muntazam e’lon qilinmoqda.

Ma’lumki, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning shu yil aprel oyida mamlakatimizga davlat tashrifi arafasida O‘zbekiston Milliy axborot agentligining www.uza.uz saytida qozoq tili versiyasi ishga tushirilgan edi. Bu yangilik Qozog‘iston Prezidentining rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi barcha sahifalarida e’lon qilindi. Shu bilan birga, “Kazinform” va boshqa axborot agentliklari O‘zAning ushbu tashabbusini keng yoritdi.

O‘zA tarqatayotgan O‘zbekiston bilan Qozog‘istonning yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlariga oid yangiliklar «Kazinform» xalqaro axborot agentligining doimiy e’tiboridagi mavzulardan hisoblanadi. «Kazinform» O‘zAning axborot hamkori bo‘lib, 2017 yil sentyabr oyida ikki axborot agentligi o‘rtasida memorandum imzolangan.

Bugungi kunda «Kazinform» xalqaro axborot agentligi saytida “O‘zA xabar qiladi” nomli rukn tashkil etilgan. Toshkentda “Tenge bank” ish boshlagani, O‘zbekiston va Qozog‘iston oliy o‘quv yurtlarida hamkorlikda kafedralar tashkil etilishi to‘g‘risida bitim imzolangani, yurtimiz teatrlarida “Abay” spektakli o‘zbek tilida namoyish etilayotgani, Toshkent va Nursulton shaharlari o‘rtasida avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgani kabi xushxabarlar “Kazinform” saytida ushbu rukn ostida berildi.

Qozog‘iston nashrlari nafaqat mamlakatlarimizning turli sohalarga oid hamkorlik aloqalarini, balki O‘zbekistonda kechayotgan o‘zgarishlarga qozog‘istonliklar katta qiziqish bildirayotganini ham yoritib kelmoqda. Misol uchun, “O‘zbekistonga besh oy ichida 1,3 million turist keldi” nomli tahliliy maqola O‘zA va «Kazinform» axborot agentliklarining o‘zaro axborot almashuvi borasida navbatdagi qadam tashlanganini isbotlaydi.

O‘ylaymizki, axborot sohasidagi ushbu hamkorlik xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalar yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Sherali OTABOYeV.

Manba: O‘zA