Taniqli jurnalistlar ijodiy imtihonga ekspert sifatida jalb etildi

2019-08-12T11:49:18+05:0018 July, 2019|Umumiy yangiliklar|

Bugun O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetiga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun ijodiy imtihonning suhbat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Unda ekspert sifatida ishtirok etgan jurnalistika sohasi vakillari, faxriy jurnalistlar, amaliyotchilar, taniqli blogerlar, professor o‘qituvchilar, jamoatchilik vakillari abituriyentlarning sohaga oid bilimlari, fikrlarini suhbat asosida baholadi.

Ahmadjon MELIBOYeV – “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri:

– Matbuotning vazifalari, jurnalistikaning jamiyatdagi o‘rni haqida biz suhbatlashgan bosma OAV yo‘nalishiga hujjat topshirgan abituriyentlar anchayin yaxshi tasavvurga ega, ko‘pchilikning qalami ham shakllangan, fikrlashi dadil, bu yaxshi tomonlari. Lekin, afsuski, jurnalistikani shunchaki havas deb bilgan, uni faqat saytlar va blogerlikdan iborat deya tushunayotganlar ham yo‘q emas. Bugun jurnalistikada axborotning tezligi uchun kurash avjiga chiqdi, biz bosma nashrlar bu musobaqada yuta olmasligimiz aniq. Shu bois internet nashrlari axborotning tezkorligiga ko‘proq e’tibor qaratsa, bosma nashrlar xabarlarning zamiridagi ma’no, mohiyatni anglashga, chuqur tahlilga urg‘u berishlari lozim.

Hamza JUMAYeV, “Yoshlar” telekanali muharriri:

– Yoshlarning dunyoqarashi va fikrlashi, matnda fikrni to‘g‘ri ifoda eta olishi, xatolarsiz gapirishi, ijodiy ishlari salmog‘iga ko‘proq e’tibor qaratyapmiz. Yana bir muhim savol bizni qiziqtiryapti: ular uchun jurnalist bo‘lish muhimmi yoki universitet talabasi bo‘lishmi?

Yaxshi jurnalist bo‘lish uchun faqat xohishning o‘zi kam, harakat, izlanish, bilim kabilar kerak. Shuni ham aytib o‘tishim kerakki, men o‘tgan yilgi ijodiy imtihonni baholash jarayonidan ham ishtirok etgan edim, nazarimda natijalar ancha yaxshi bo‘ldi. Talabalarning amaliyot jarayoni, ijtimoiy tarmoqlar, umuman sohadagi harakatlaridan kelib chiqib shunday fikr bildirish mumkin. Biroq afsus deyishga undovchi holatlar ham uchramoqda, ba’zi abituriyentlar ayrim boshlovchilarni “zo‘r“ jurnalist deb bilishi, radio jurnalistikasi sohasini tanlab biron-bir radio kanalning yoki dasturning nomi ayta olishmasliklari, sohaga nisbatan juda sayoz yoki umuman ma’lumotga ega emasliklarini bildirib qo‘ymoqda. Imkon darajasida ular orasidan munosib, kelajakda yaxshi jurnalist bo‘lishiga ishonganlarimizni yuqori baholayapmiz.

Ijodiy imtihon yagona ko‘p balli baholash tizimi bo‘yicha baholanadi. Unda to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball miqdori 63 balni tashkil etadi.

Ijodiy imtihonning birinchi bosqichi, ya’ni og‘zaki suhbat jarayonidagi savol-javobni baholash uchun ijodiy imtihonga ajratilgan maksimal ballning 41,3 foizi, ya’ni 26 ball belgilanadi.

Avazbek MUSTAFOQULOV, abituriyent:

– Bu yil uchinchi bor jurnalistika yo‘nalishiga hujjat topshirdim. Ijodiy imtihon ballarim yaxshi bo‘lsa-da, testda bilimim biroz kamlik qilgan edi. Axborot xizmati yo‘nalishiga topshirganim bois ekspert ustozlar matbuot kotibining vazifalari, sohadagi muammolar haqidagi fikrlarim, olib kelgan ijodiy ishlarim, maqolalarim bilan qiziqdi. Afsuski, bugun matbuot xizmatlari faoliyatida yutuqlar bilan birga qator kamchiliklar ham bor, biz tashkilot haqidagi xabarlar, yangiliklarni ularning saytidan emas, birinchi bo‘lib ijtimoiy tarmoqlar yoki axborot saytlaridan bilamiz, viloyat, tuman gazetalarining ham ahvoli og‘ir. Shu bois kelgusida universitet talabasi bo‘lib, mutaxassislik diplomini olgach, viloyatimiz hokimligi axborot xizmatida ishlamoqchiman.

Nilufar MIRHAMEDOVA, abituriyent:

– Universitetning teleradio jurnalistikasi yo‘nalishiga hujjat topshirdim. Bu sinovdan ilk bor o‘tayotganim yo‘q. O‘tgan yili ham

ayni shu yo‘nalishga topshirib kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan edim.

Ijodiy imtihonning navbatdagi ikkinchi bosqichi, ya’ni ijodiy esse yozish kunlari ham belgilangan kunlarda bo‘lib o‘tadi. Esseni baholash uchun imtihonga ajratilgan maksimal balldan 58,7 foizi, ya’ni 37 ball belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida bakalavriat bosqichiga 100, sirtqi yo‘nalishga 50 nafar talaba qabul qilingan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich keskin oshib, bakalavriatga 270, sirtqiga 50 nafar etib belgilangan.

Shuningdek bu yili harbiy jurnalistika yo‘nalishida ham abituriyentlardan hujjat qabul qilinib ayni damda saralash bosqichi ketmoqda.

Inobat Ahadova.

Manba: O‘zA