Arlem DEZLER: «O‘zbekistonda OAVning jamiyatdagi nufuzi ortib bormoqda»

2019-08-12T11:49:18+05:0018 July, 2019|Umumiy yangiliklar|

Markaziy Osiyo davlatlarining ommaviy axborot vositalari qanchalik mustaqil va erkin?

Mazkur davlatlarning matbuot xodimlari bugungi raqamli transformatsiyalar davrida qanday muammolarga duch kelmoqda?

Hukumat va jurnalistlar o‘rtasidagi munosabatlar qay darajada?

Bloklangan saytlar, tazyiqqa uchragan jurnalistlar ko‘plab davlatlarda, boringki, Yevropada ham uchrab turibdi. Bugun Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida o‘tayotgan Markaziy Osiyo ommaviy axborot vositalarining 21-mintaqaviy “Raqamli transformatsiyalar sharoitida ommaviy axborot vositalari erkinligi va fikrlar xilma-xilligi” nomli xalqaro konferensiya aynan shu masalalarga bag‘ishlandi.

Konferensiyada Markaziy Osiyoning besh davlati hamda Mongoliyadan mustaqil jurnalistlar, jamoat tashkilotlari vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmoqda. O‘zbekistondan ham bir guruh jurnalistlar mintaqaviy konferensiyada ma’ruzachi va tinglovchilar qatorida qatnashmoqdalar.

 

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti tomonidan o‘tkazilayotgan konferensiya Markaziy Osiyo jurnalistlarini bir joyga jamladi.

 

Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston ommaviy axborot vositalari vakillari mamlakatdagi matbuot erkinligi, jurnalist bilan hukumat vakillari o‘rtasida o‘tgan sud ishlari, matbuot erkinligiga oid qonun hujjatlari haqida fikr almashdilar.

Xususan, Konferensiyada qatnashayotgan Qozog‘istonning huquqiy media-markazi direktori Gulmira Birjanovaning fikricha mazkur davlatda ham axborot saytlarining bloklanishi kuzatiladi “Axborot saytlarini bloklash sud qarorisiz ham amalga oshirilmoqda. Saytlarni bloklash bo‘yicha aniq huquqiy me’yorlar hozirgacha ishlab chiqilgan emas”, deydi Gulmira Birjanova.

 

Tojikistonning “Aziya-plyus” media-jamoasi direktori Zebo Tajibayevaning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda jurnalistning kasbiy faoliyatini olib borishga to‘sqinlik qilish bo‘yicha ma’muriy va jinoiy javobgarlik bo‘lishiga qaramasdan bu borada bironta sud ishlari kuzatilmagan. Qozog‘istonlik hamkasblar ayni muammo ularda ham kuzatilishini aytib o‘tdilar.

 

Qirg‘iziston so‘nggi yillarda matbuot ochiqligi indeksi bo‘yicha 83 o‘rinda va bu ko‘rsatkich ba’zi Yevropa davlatlaridan ham yuqori natija ekanligi tilga olindi. Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotning ommaviy axborot vositalarida erkinlik masalalari bo‘yicha vakili Arlem Dezir tadbirdan tashqarida O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari erkinligi bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi.

Arlem Dezlerning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro jamoatchilik O‘zbekistonda so‘nggi vaqtlarda OAVning jamiyatda nufuzi ortib borayotganini, so‘z va fikr erkinligi qadrlanayotganini kuzatib bormoqda. Shuningdek, mamlakatda bir qator saytlar ochilgani ham ijobiy holatdir. Ayni paytda esa O‘zbekiston rasmiylari bilan “Ozodlik” va “Ozod Yevropa” internet saytlari bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Anora SODIQOVA.

Manba:O‘zA