Tog‘ guli

2019-08-12T11:49:18+05:0018 July, 2019|Umumiy yangiliklar|

MAHMUD SA’DIY 80 yoshda

Ona zaminimizning tog‘-adirlarida latofatli bir giyoho‘sadi. Nozik bo‘yi tizzaga yetar-yetmas, qizlarning sochiday taram-taram poyalari kulrang, nashtarsimon barglari pushti-pistoqi, yarimshar shaklidagi to‘p-to‘p gullari latif novdalar uchida taltayib-erkalanib sollonadi. Erta bahor kezlarida uni baxmalday maysalardan farqlash qiyin. Ammo, yoniga borganda shunday anbariy bo‘y vujudingizni chulg‘ab oladiki, beixtiyor qoshida sehrlanib qolasiz. Bu– tog‘larning dilbar giyohi– kiyiko‘t. Go‘zalligidan tashqari, ayricha fazilatlari ham oz emas bu suluvning: bargi va gullarini hidlab to‘ymaysiz, undan olinadigan efir moyi va mental atir-upa sanoatida, meditsinada keng ishlatiladi, shifobaxsh malhamlar tayyorlanadi…

Qadim-qadimdan buyon mumtoz adabiyotda qiz-juvonlar – gulga yoxud gulday nozik giyohlarga, yigitlar– zabardast chinorlaru ulkan qoyalarga qiyoslanadi. Shu bois, yoshi yetmishni qoralayotgan kap-katta odamni gulga o‘xshatishda o‘xshovsizlik bordek tuyulishi mumkin. Kamina shundog‘ iddaolarni ko‘ra-bila turib, hozir ta’riflamoqchi bo‘layotgan insonim– Mahmud Sa’diy bilan tog‘ guli o‘rtasidagi botiniy yaqinlik nimalardan iborat ekanini aytib bermoqchiman.

O‘xshashlikning ilk belgisi shuki, bir qarashda bu odamda ham “yalt” etib boshqalardan ajralib turguvchi jihat yo‘q: o‘rtabo‘y, serharakat, bug‘doyrang, ko‘zlari o‘ychan, kiyinishi sodda, kamtar, kamsuqum. Avvallari sergap edi, har gapga suqilib turishni yaxshi ko‘rardi, “jonqovulim” deb erkalardi “jo‘qchi” ukalarini. Yoshi ulg‘aygan sari “og‘ir karvon” bo‘ldi. Endi davralarda, gap-gurunglarda birdaniga diqqatni tortmaydi– shovqin-suronsiz, ohista kiradi, indamay o‘tirib eshitadi, bahs-munozaralarga huda-behuda aralashmaydi, eshitib bo‘lgach, yana o‘sha ohistalik bilan, boshqalarga sezdirmay chiqib, o‘z yumushlari bilan mashg‘ul bo‘ladi. Ammo bahsga qo‘shilgudek bo‘lsa bormi, undagi chuqur falsafiy tafakkur, teran mulohazalar, bahs va nutq madaniyati hayron qoldiradi sizni. Uning har bitta so‘zni xuddi kitoblardagidek joy-joyida qo‘llashi, gapirayotganda xalqona iboralarni topishi, fikrini ulug‘ allomalarning qarashlari bilan to‘ldirishi, eng muhimi, har qaysi masalada aniq-tiniq xulosasi borligi havasingizni keltiradi. Mahmud aka, shunchaki davrada borligini bildirib qo‘yish yoki o‘zini ko‘z-ko‘z qilish uchun emas, chin adabiyot uchun, adabiy va abadiy haqiqatlar uchun bahslashadi; bahs chog‘ida o‘zini erkin tutadi, bildirilayotgan mulohazalarga hurmat bilan qaraydi, o‘z fikrida juda qattiq turadi, uncha-munchaga tan bermaydi, uncha-munchadan yengilmaydi. Biroq, bu zo‘raki-zo‘ravonlik yoki o‘jarlik qilib ikki oyoqni bir etikka tiqib olish, degani emas. U o‘z fikriga ishonadi va himoya qiladi, boshqalarni ham ishontiradi. Shu boisdan bir karra suhbatini olgan odam undagi samimiyat chashmasidan bahra olgach, chanqog‘i bosiladi, ko‘ngli ko‘tariladi, mehri iyadi, bir umrlik do‘st-birodar, aka-uka bo‘lib qolishni istaydi.

O‘xshashlikning yana bir belgisi, ularning tabiatida musaffo havoning mo‘lligidir. Mahmud Sa’diyning sehrli “habdori”si– odamgarchilik! Odamlarda “odamgarchilik” degan oddiy xislatlar siyraklashib, noyoblashib borayotgan zamonda, u ana shu malhami bilan dillarga darmon bo‘ladi, ulug‘lar duosiyu yoshlarning rahmatiga ko‘milib yuradi. Hech qachon birovning orqasidan tosh otmaydi, aksincha, bilganicha maqtaydi, bisotidagi eng iliq so‘zlar bilan ta’rif-tavsif qiladi, g‘animlik maqomida bo‘lgan “jo‘ra”lardan ham mehrini qizg‘anmaydi.

Hayotda shunday kimsalar borki, yoningda oshnongman, deydi-yu, ammo yutuqlaringni ko‘rganda uyqusi qochadi, xato qilishingni poylab ich-etini yeydi, qulay fursat kelishi hamono oyog‘ingga chalim beradi. Ishi bitib, “eshagi” suvdan o‘tishi bilan na og‘ayni, na ustozni tanimay, kekkayib ketuvchi bunday kimsalar xudbinligi bilan yaxshilarning asabiga tegadi, shundan rohat-farog‘at oladi. Mahmud Sa’diy uchun ham bunday basharalar begona emas. U bezbetlarni taniydi. Ularning ichida bijg‘ib yotgan fitnalarni fahmlaydi, sezadi. Sezib turadi-yu, lekin shu so‘qir dillarga ham ezgulik sog‘inadi, ularni ma’rifatli, adolatli bo‘lishga undagisi, ezgulikka chorlagisi keladi.

***

…Bir oshnamiz bor. Ukalarimiz “Ko‘ppak” deb laqab qo‘ygan. Turqi-tarovati, hurpayib yurishi harom et yeb to‘ygan ko‘ppakning g‘irt o‘zi. Qopag‘onlikda esa har qanaqa quturgan itni dog‘da qoldiradi. Yagona farqi– itdagi yovvoyi mardlik yo‘q unda. Odam zotiga zimdan tashlanib, zimdan “tishlab”, zimdan azob berib, so‘ng oshkora rohatlanuvchi bu isqirt qayerda ishlamasin: gezetdami, jurnaldami, nashriyotdami, albatta, sodda mijoz kishilardan guruh tuzdi va o‘zi panada turib, to‘daga “pir”lik qildi. To‘daning to‘dalashib ko‘targan shovqinlari foyda bergan paytlar ham bo‘ldi. Yaratgan Egamning karami keng, undan ham ayamadi marhamatini, bandalari qatori amal, martaba berib sinab ko‘rdi. U bo‘lsa, shukr qilish, mijg‘ov qiliqlarni tashlash o‘rniga ig‘vofurushlikka battarroq ruju qo‘ydi. Rahbarini ag‘natib, joyini olaman deya tirtangladi. Har ibtidoning intihosi bo‘lgandek, vaqti-soati bilan uning kirdi-korlari fosh bo‘ldi. Mo‘’tabar dargohdan quvildi. Osmondagi yulduzni ko‘zlab yurgan amalparast gazetalarning biriga arang joylashdi. Hozir sudralib ishga borib-kelib yuradi. Uzoqdan ko‘zi tushgan odam yelkasi bo‘rtgan, yarg‘oq boshi va ikki qo‘lini osiltirgancha imillab ketayotgan bu sharpani odamdan ko‘ra, juni to‘kilib, eti ustixoniga yopishgan qari ko‘ppak deb o‘ylaydi. Eski tanishlar ham kasalvand itdan hazar qilgandek undan qochadi, gaplashmaydi. Bir o‘zi ishga keladi, bir o‘zi sho‘ppayib o‘tiradi, yakkamoxov bo‘lib tushlik qiladi, kechqurun yana bir o‘zi uyga qarab sudraladi.

Yaqinda desangiz, Mahmud Sa’diyni shu hosud bilan Amir Temur xiyobonida ko‘rib qoldim. Darrov fahmladim: badbaxt bechoraga ichi achigan, ko‘nglini ko‘targisi, ovutgisi, hayotga umid uyg‘otgisi kelgan.

– Kimligi ma’lum-ku, bir vaqtlar sizni ko‘p malomat qiluvdi, – dedim ertasi kuni Mahmud akaga.

– Xom sut emgan banda borki adashadi, dovdiraydi, to‘qishadi. Xatolarini tushungan-tushunmaganidan, tavba-tazarru qilgan-qilmaganidan qat’i nazar u ham odam. Odam – odamga g‘animat, bir-birimizdan mehrni qizg‘anmasligim zarur, – deb javob berdi u.

Xudbinlik ichi qora kimsaga chippa yopishib oladi, qonini so‘rib, sillasini quritadi va, oxir-oqibat tuzalmas kasalga giriftor qiladi. Bu dard saraton yoki “parranda”, “cho‘chqa” tumovi degan baloyi azimlardan yuz chandon dahshatli bo‘lib, bemorni hash-pash deguncha insoniy tuyg‘ulardan mahrum qiladi, vahshiy hayvonga aylantirib tashlaydi. Mahmud Sa’diy, Olloh qarg‘ishiga duchor bo‘lgan ana shunday kaslar ham poklansin, ichidagi kirdan qutulsin, tuzalsin, to‘g‘ri yo‘lga tushsin, odam bo‘lsin, odamdek yashasin, deb orzu qiladi. Yana bir gal shu mavzuda gap ochilganda Mahmud aka pirimiz Alisher Navoiyning inisi Darvesh Aliga aytgan nasihatini esga olib, bunday dedi: “Navosiz ulusning navobaxshi bo‘l, Navoiy yomon bo‘lsa, sen yaxshi bo‘l”. Nachora, bu ustozning aqidasi. Kamina esa hazrat Navoiyning:

Nokasu nojins avlodin kishi bo‘sun debon,

Chekma mehnatkim, latif o‘lmas kasofat olami.

Kim kuchuk birla xo‘dukka necha qilsang tarbiyat,

It bo‘lur, dog‘i eshak, bo‘lmaslar aslo odami, – degan baytlariga ko‘proq ishonadigan bo‘lib qolganman…

***

O‘xshashlikning yana bir jihati shundaki, kiyiko‘t, lolayu binafshalar singari dovrug‘li bo‘lmaganidek Mahmud Sa’diyning nomi ham nomdor shoirlaru dongdor hofizlar singari mashhur emas. Biroq, olimu jurnalistlar orasida shohona hurmati borligi ijodkor ahliga oynaday ma’lum: hamma taniydi, hurmat qiladi, biladi, qadrlaydi. Uning do‘st-birodarlariga, ustoz – shogirdlariga bo‘lgan mehr-oqibati, ayniqsa, samimiy va cheksiz. Ustozlar mehri, ustozlar oldidagi burch esa uning uchun hamisha muqaddas. Taniqli adabiyotshunos olim va adib, akademik Matyoqub Qo‘shjonov hayotligida kunda-kunora ko‘ngil so‘rab turganlarning bittasi rahmatlik Shukur Xolmirzayev bo‘lsa, bittasi shu– Mahmud Sa’diy edi. Akademik Izzat Sulton ham Mahmud akani xuddi tug‘ishgan inisidek ardoqlar, izzat qilardi. Shogirdlikni, odamgarchilikni joy-joyiga qo‘ygani uchun ham ustozlar e’zoziga sazovor bo‘ldi. Ustozlari mangulik safariga ketganidan so‘ng birinchi bo‘lib xotira- badihalar yozgan ham Mahmud Sa’diy bo‘ldi.

Mahmud akaning badihalari, maqolalari tilining shirinligi va obrazliligi, xalq matallari va maqollariga boyligi, fikrlarning tiniq va mukammalligi bilan o‘quvchini maftun etadi. “Adabiyotimizda iste’dodli shoirlar, yozuvchilar ko‘p, – deydi u taniqli olim va adib Ibrohim G‘afurov ijodiga bag‘ishlangan “Fikrchan ijod” maqolasida. – Biroq, afsuski, iste’dodli munaqqidlar, hatto qobiliyatlilari ham barmoq bilan sanarli darajada kam. Fikrimcha, haqiqiy munaqqidlar shuning uchun kam uchraydiki, bu sohaning mas’uliyati juda katta. Tanqidchi ham yozuvchi kabi hayotni, odamlarni, adabiyotni, umuman, madaniyat tarixini chuqur bilishi kerak. Biroq adib faqat kitobxon oldida mas’uliyat sezsa, tanqidchi ham kitobxon, ham yozuvchi oldida javobgarlik his qiladi. Xullas, jaydari qilib aytsak, tanqidchining noni qattiq. Ana shunday mas’uliyatli va nozik sohada Ibrohim akaning o‘z o‘rni bor”. “Shukrulloning ko‘ngil chirog‘i” badihasida esa mana bunday falsafiy satrlar bor: “Dunyoda insondan qudratli zot yo‘q. Inson har narsaga qodir. Agar u xohlasa, astoydil jazm etsa tog‘larni talqon qiladi, daryolarni teskari oqizadi. Birov dardiga darmon izlab kelsa, imkon yo‘qligidan nolish esa bir bahona xalos”. Bunday misralarni bitish uchun odamda yuksak iqtidor bilan birga ulkan yozuvchilik salohiyati ham bo‘lish kerak, albatta.

Mahmud aka nolish, nolinish kabi miskin tuyg‘ulardan uzoq, hamisha “shukur” deydi, “shukur” qiladi. Betinim o‘qiydi, ishlaydi, yozadi: maqola, risola, taqriz, kitob…

***

Ammo, Mahmud Sa’diy degan fikrli jurnalist, keng mushohadali olim, sinchkov noshir, tajribali muharrir, bag‘rikeng aka va haq so‘zli otaning qiyofasini bezab turgan asosiy fazilat bundayam emas. Undagi ahli qalam qadrlaydigan eng kamyob fazilat – zukko tahrirchiligidir. Qo‘liga tushgan qo‘lyozmaga (agar unda “jon” bo‘lsa) zargarona ishlov beradi, har so‘z, har iborani erinmay yaltiratadi. Bugun o‘rta avlod deb atalguvchi iste’dodli yozuvchi-shoirlarning aksariyati tahlilni rahmatlik Vahob Ro‘zimatov va Mahmud Sa’diydan o‘rgangan, deyishida ham aslo lof yo‘q. Xom-xatala kitoblar do‘konlarda qalashib yotganini ko‘rganda adabiyot uchun Mahmud Sa’diylar yetishmayotgani, ularning qadri, o‘rni bilinayotgani yanayam yaqqolroq seziladi.

U bironta asar tahririga kirishganda uy-ro‘zg‘or tashvishlarini, rejalashtirgan yumushlarini, yozilajak risola yo maqolalarini, muxtasar ifodalaganda O‘ZIni tamomila unutadi. Butun vujudi bilan “mardikorlik”ka sho‘ng‘ib ketadiki, bu tipdagi kishilarni hech ikkilanmay “tahrirchi-mogikanlar” deb atasa bo‘ladi. “Mardikor” so‘zi qanchalar qo‘pol va nojoiz eshitilmasin adabiyot jabhasida birovning kitobi uchun “ter”to‘kib ishlaydigan muharrirlar borgan sayin ozayib borayotgani, nashriyotchilik sohasida ushbu vazifani bajaruvchi fidoyilar yetishmayotgani hech kimga sir emas. Mahmud aka esa qayta-qayta ta’kidlash zarurki, butun umrini, bor kuch-g‘ayratini xuddi shunday mashaqqatli “qora ish”ga bag‘ishlab kelayotir. U, ehtimol, o‘zgalar uchun to‘kkan peshona terini o‘ziga – o‘z ijodiga sarflaganida xalq yozuvchisi yoki akademik degan muzaffar unvonlarga sazovor bo‘lishi mumkin edi. Tom-tom qissayu romanlarni, papka-papka ilmiy tadqiqotu monografiyalarni “qog‘ozli konfet”day chiroyli tarzda tahrir qilgan odamning qo‘lidan kelardi bu. Ehtimol, o‘shanda tiliga kuchi yetmagan ayrim noqobillar bepisandlik ila: “Mahmud Sa’diy og‘zakidan “besh”, yozmadan esa…” deb hiringlamagan bo‘lardi. Ehtimol, Mahmud aka, o‘z iborasi bilan aytganda “yomon yozgandan– yozmagan ma’qul”, aqidasiga amal qilgandir. Ehtimol… Ha, “ehtimol”lar ko‘p. Ammo, ularning barchasi bizning taxminlarimiz, xalos. Haqiqat esa oyday ravshan: Mahmud Sa’diy jamiki “ehtimol”lardan boxabar holda hayotini tahrirchilikka bag‘ishladi va bag‘ishlayotir. Hali-hamon tahrir va tahlil deb atalmish sohani ko‘zlarining nuri bilan nurlantirib yashaydi. U qo‘l uchida, aldam-qaldam ishlolmaydi. Bor kuchini, iqtidorini, ilmini so‘zlarni pishitishga, tomchida quyosh aks etganidek o‘rni-o‘rnida qo‘llashga – ma’nodorlik yuqtirishga sarflaydi. Misralardagi ranglar jilosini aniq-tiniq ko‘radi, so‘z tovushlarining nozik ohanglariga quloq soladi, satrlar zamiridagi hayotiy va falsafiy mazmunning naqadar chuqur yoki sayozligini o‘lchab-tortib ko‘radi, ruhiy holat suvratlariga zarrin ranglar beradi. Asarni parokanda ruhiy holatlardan, yolg‘on pafosdan, jozibasiz manzaralardan, yaltiroq tasvirlardan, iyarchan, nursiz ifodalardan bitta-bittalab “artib”, tozalaydi. Mijg‘ov, ilmiliq, salqi, betayin, jiltir, o‘larmon so‘zlarni iqi suymaydi.Olamni obrazli ko‘rish iqtidori, tagdor va serma’no iboralar, hissiyotning quyuqligi, xayolotning yuksakligi, oynaday tiniq manzaralar esa joni-dili, shunday qo‘lyozmalar qo‘liga tushganda yosh boladay yayrab-quvnab ketadi. Shu boisdanmi, “darvesh”, “devonafe’l” deb e’zozlashadi ba’zilar ustozni. Men ham daftarday birinchi kitobi chiqqanda hisobidan ayrilib, qo‘rqib yurgan paytlaridan buyon Mahmud Sa’diyning mehr bulog‘idan bahramand bo‘lib kelayotganlarning biri sifatida hamisha ustozga qulluq qilaman. Qani endi, tog‘larimizda kiyiko‘tdek shifobaxsh giyohlar, hayotda esa Mahmud Sa’diydek “darvesh”lar ko‘proq bo‘lsa…

MAHMUD SA’DIY:

1939 yil 2 fevralda Samarqand viloyatining Narpay tumanida tug‘ilgan. Maktabni tamomlaganidan keyin hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti filologiya fakultetining jurnalistika bo‘limida tahsil oldi.

“Sharq yulduzi” jurnalida adabiy xodim, bo‘lim mudiri, “Guliston” jurnalida katta adabiy xodim, bo‘lim mudiri. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida bo‘lim mudiri, “Ma’rifat” gazetasida maxsus muxbir, sharhlovchi, bo‘lim muharriri vazifalarida faoliyat ko‘rsatdi. Ayni paytda “Ma’rifat” gazetasida ishlash bilan birga Jahon tillari universitetida yoshlarga dars bermoqda.

Mahmud Sa’diy o‘ziga xos muharrirlik maktabi yaratgan tajribali ijodkor, iqtidorli munaqqid va ko‘zga ko‘ringan tarjimondir. O‘zbek adabiyotining eng dolzarb muammolari tahliliga bag‘ishlangan ko‘plab maqola va tadqiqotlari orasida uning adabiy-tanqidiy maqolalar va suhbatlarni o‘z ichiga olgan “Teran tomirlar” kitobi alohida ajralib turadi. U O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti talabalari uchun “Tahrir san’ati” o‘quv dasturini yaratdi.

“Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligiga 15 yil” ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan.

O‘zA